Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:44

Bekobodda "O‘zmetkombinat" rahbari mashinasi piyodani bosib ketdi


Toshkent viloyatining Bekobod tumanida O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbarining xizmat mashinasi katta tezlikda yo‘l chekkasida ketayotgan piyodani urib yubordi. Yo‘l halokati 31 may kuni kech soat sakkizlarda “O‘zbekbirlashuv” aholi punkti yaqinidagi avtotrassada ro‘y berdi. Mashina urib yuborgan 45 yoshli To‘lqin Omonov olgan jarohatidan kasalxonada halok bo‘ldi.

Ozodlikning Toshkent huquq-tartibot tizimlariga yaqin manbasi piyoda o‘limiga sabab bo‘lgan Toyota Camry mashinasi rulida "O‘zmetkombinat" rahbari emas, balki uning haydovchisi J.A. o‘tirgani va u allaqachon ehtiyot chorasi sifatida suddan oldin qamoqqa olingani va hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilganini bildirdi.​

Haydovchining ismi Ozodlikka ma’lum, lekin aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan uning ismini ochiqlamaydi.

Odam o‘limiga sabab bo‘lgan Toyota Camry rusumli, 10 077 davlat raqamli yengil avtomashina Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbari Alik Nurutdinovning xizmat mashinasidir.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin Uzmetronom.com Internet gazetasi rulda "O‘zmetkombinat" rahbari Alik Nurutdinovning o‘zi o‘tirganini iddao qildi.

“Hozir tuman prokuraturasi va militsiyasi bu halokat haqidagi ma’lumotning tarqab ketmasligi ustida ishlamoqda. Jinoiy javobgarlikka kelsak, piyodaning urib yuborilishi ehtiyotsizlik oqibatida sodir etiladigan jinoyat turiga kiradi. Qanday jazo qo‘llanilishi mashina rulida o‘tirgan odam kimligiga bog‘liq. Agar rulda oddiy haydovchi o‘tirgan bo‘lsa¸ jazo muqarrar, rulda o‘tirgan odam yuqori mansabli yoki pogonli bo‘lsa¸ ramziy jazo tayinlanadi", - deb yozdi Uzmetronom.

Boshqa manbalarda hozirda Bekobod tuman prokuraturasi kombinat direktorini jazodan qutqarib qolish uchun barcha chorani ko‘raëtgani iddao qilindi.

Ozodlik avtohalokatda halok bo‘lgan To‘lqin Omonov qarindoshlari ko‘rsatmasini o‘rganishga harakat qildi, lekin ular bilan bog‘lana olmadi.

O‘zbekistonda davlat amaldorlarining xizmat mashinalari yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda odamlar o‘limiga sababchi bo‘lishi birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

O‘tgan yili Toshkent shaharida Ichki ishlar boshqarmasi xodimi o‘z xizmat avtomashinasida uch nafar piyodani urib ketgan.

Buning uchun militsiya xodimi 7 yilga qamalgan edi.

XS
SM
MD
LG