Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:01

Qozog‘istonda “tablig‘chilarga ko‘maklashgan” huquqshunos 9 oyga qamaldi


Ostonalik Murat Taqaumov o‘z ishi bo‘yicha sud hukmini tinglamoqda, Ostona, 2016 yil 2 iyuni.
Ostonalik Murat Taqaumov o‘z ishi bo‘yicha sud hukmini tinglamoqda, Ostona, 2016 yil 2 iyuni.

Qozog‘istonda faoliyati taqiqlangan “Tablig‘i Jamoat” diniy tashkilotiga aloqadorlikda ayblangan ostonalik Murat Taqaumov 9 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Mahkum o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda.

31 yoshli huquqshunos Murat Taqaumov ishi bo‘yicha hukm Ostonaning Sariarqa tuman sudida 2 iyun kuni o‘qildi.

Mahkamaga raislik qiluvchi sudya Birjan To‘regeldiev Taqaumovni Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 405-moddasi 2-bandiga muvofiq (taqiqlangan diniy tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik) aybdor deb topib, 9 oylik qamoq jazosiga hukm qildi. Hakam hozirda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi omborida saqlanayotgan disklar, videoyozuvlar va boshqa “ish bo‘yicha mavjud ashyoviy dalillar” yo‘q qilinishini hamda Taqaumovdan 31 ming tanga miqdorida sud xarajatlari undirilishini bildirdi.

Murat Taqaumov mahkama zalidan soqchi kuzatuvida chiqish chog‘ida Ozodlikning qozoq xizmati muxbiriga sud hukmidan norozi ekanini aytishga ulgurdi.

- Men rozi emasman. Bu noqonuniy, - dedi Taqaumov.

Mahkamada ishtirok etgan mahkumning onasi (u maqolada ism-familiyasi qayd etilishini istamagan) ham o‘g‘liga nisbatan chiqarilgan hukmni adolatsiz, deb hisoblaydi. Ayolga ko‘ra, sudda Murat Taqaumovning aybini isbotlaydigan dalillar keltirilmagan.

Taqaumovning advokati Serik Nurlibaev mazkur ish bo‘yicha shikoyat arizasi kiritilishini aytsa-da, bu qadam o‘z himoyasida bo‘lgan shaxs qismatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmaydi.

- Apellyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritamiz, biroq umid kam. Shikoyat arizasi ko‘rib chiqilayotgan paytda, aksincha, jazoni kuchaytirib qo‘yishlari mumkin, - dedi advokat Nurlibaev.

U himoyasi ostidagi shaxs so‘nggi yetti oyni tergov hibsxonasida o‘tkazgani sababli qamoqda faqat uch oygina o‘tirishini aytadi. Advokatga ko‘ra, Taqaumov avval sudlanmagani va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi borligini hisobga olib, unga yengilroq jazo berilgan.

Taqiqlangan tashkilot faoliyatida qatnashganlikda ayblangan ostonalik yurist Murat Taqaumov 2015 yil 18 noyabrida Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan hibsga olingandi. Uning ishi ekstremistik faoliyatda aybdor topilgan besh qozog‘istonlikning ishi bilan bog‘liq. Shu yil fevral oyida sud ularning birini 2,5 yilga, qolgan to‘rtovlonni esa 2 yildanga ozodlikdan mahrum qilgandi. Sudlanuvchilarning yaqinlari o‘shanda Taqaumov bu odamlarga huquqiy yordam ko‘rsatganini aytganlar.

“Tablig‘i Jamoat” diniy tashkiloti 2013 yil fevralida Ostona shahar sudi qarori bilan ekstremistik, deb topilgan va uning faoliyati Qozog‘iston hududida cheklab qo‘yilgandi.

Hozirda Qozog‘istonda bu tashkilotga aloqadorlikda ayblangan o‘nlab odam qamoq jazosini o‘tamoqda. Qozoq rasmiylari “Tablig‘i Jamoat” tashkilotining asosiy maqsadi xalifalik o‘rnatish, deb hisoblaydilar.

G‘arb davlatlari va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari qozoq rasmiylarini mamlakatda diniy erkinliklarni cheklayotgani uchun tanqid qilib keladi.

XS
SM
MD
LG