Линклар

Rossiya politsiyasi ziyon keltiruvchi dasturlar yordamida banklardan 45 million dollarni o‘marganlikda ayblanayotgan xakerlar guruhining 51 a’zosini qo‘lga oldi.

“Kasperskiy laboratoriyasi”ning kompyuterlar bilan bog‘liq hodisalarni o‘rganib chiqish bo‘limi yetakchisi Ruslan Stoyanov Rossiya tergovchilariga xakerlarni qo‘lga olishda ko‘maklashgan. Stoyanov Bloomberg bilan suhbatda “Rossiya moliyaviy xakerlikka qarshni kurashni kuchaytirmoqda”, dedi.

AQShning Federal qidiruv byurosi hamda razvedka xizmatlari yaqinda e’lon qilgan hisobotda yozilishicha, dunyodagi eng mahoratli onlayn kiberjinoyatchilar Rossiyada joylashgan bo‘lib, Kreml allaqachon ularning ko‘pchiligini nazoratga olgan.

CrowdStrike xavfsizlik shirkati asoschilaridan biri Dmitriy Alperovich Rossiya xavfsizlik xizmatlari keyingi yillarda zo‘r berib xakerlarni yollab kelayotganini aytadi. Bu maqsadga erishish uchun ko‘p hollarda xakerlarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Alperovich o‘tgan yili The Hill nashriga bergan intervyusida Rossiya jinoyat olamida biror kimsa texnik jihatdan tajribali ekani aniqlansa, unga qarshi qo‘zg‘atilishi kutilayotgan jinoiy ish birdaniga bekor qilinib, bu shaxs izsiz yo‘qolishini aytgan edi. Unga ko‘ra, keyinroq bu xaker Rossiya xavfsizlik xizmatlariga ishlayotgani oshkor bo‘ladi.

“Biz aynan shunday bo‘layotganini bilamiz”, deya qo‘shimcha qildi Alperovich.

1985 yil Buyuk Britaniya tarafiga o‘tgan KGB polkovnigi Oleg Gordievskiy ham 2008 yilda xakerlarga qamoq muddatini o‘tash o‘rniga hukumatga ishlash “taklif qilinishini” aytgan edi.

Boshqacha qilib aytganda, kuni kecha qo‘lga olingan 50 xakerning taqdirini kuzatib borish kerak.

Trend Micro xavfsizlik hamda izlanish shirkatining kiberxavfsizlik bo‘yicha to‘ng‘ich xodimi Tom Kellermann The Hill bilan suhbatda aytganidek, banklarni mo‘ljalga oluvchi rossiyalik kiberjinoyatchilar ko‘p hollarda rasmiylar tazyiqi ostida tanlagan yo‘lini o‘zgartiradi.

Tez orada ular NATO va boshqa davlat hukumatlariga hujum qilib, Kreml uchun kiberjinoyatchilik qila boshlaydi.

Tabiiyki, Rossiyada tajribali xakerlar ko‘p bo‘lgani uchun Moskva G‘arb mamlakatlariga qarshi kurashda ulardan o‘z maqsadlariga erishish uchun foydalanishni xohlaydi.

G‘arb mamlakatlari razvedka xizmatlari rossiyalik xakerlar amalga oshirgan, deb ishonuvchi hujumlar orasida Fransiya televidenie tarmog‘i, Germaniyada po‘lat ishlab chiqaruvchi shirkat, Varshava birjasi, Oq uy, AQSh Vakillar palatasi, AQSh Tashqi ishlar vazirligi hamda The New York Times gazetalarga qarshi hujumlar bor.

Bloomberg ismi oshkor qilinmagan g‘arb razvedka xizmati xodimlari bergan ma’lumotga tayangan holda rossiyalik xakerlar AQSh, Yevropa hamda Kanadadagi muhim infratuzilma ob’ektlari, jumladan, elektr tarmoqlari hamda energiya bilan ta’minlash tizimlarini yaqindan kuzata boshlagani haqida xabar berdi.

Bundan xulosa shuki, Rossiya rasmiylarining 50 xakerni qo‘lga olgani Kremlning iqtidorli kiberjinoyatchilarni topishga qaratilgan navbatdai hiylasi bo‘lishi mumkin.

Brayan Uitmor

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG