Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:44

"Avakyan+4" qo‘mitasi: Armani fermer Avakyan va advokat Qobilov ishi qayta ko‘rilsin!


IShIDga aloqadorlikda ayblangan Aramais Avakyan
IShIDga aloqadorlikda ayblangan Aramais Avakyan

Qo‘mita O‘zbekistonda IShIDga aloqadorlikda ayblanib, 7 yilga qamalgan armani nasroniy Aramais Avakayan va uning advokati Odil Qobilov ustidan chiqarilgan hukm qayta ko‘rilishini talab qilmoqda. 26 may kuni YeXHT ham ayni mazmundagi bayonot bilan O‘zbekiston hukumatiga yuzlangan edi. O‘zbekistonlik huquq faollaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunda mahkumlarning holidan xabar olish imkonsiz qolmoqda.

O‘zbekistonlik huquq faollari va xorijdagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari vakillaridan iborat "Avakayan+4" qo‘mitasi 5 iyun kuni O‘zbekistondagi huquq-tartibot idoralari, prezident Islom Karimov va xalqaro tashkilotlarga yuzlanib, bayonot e’lon qildi.

Unda jizzaxlik fermer, armani nasroniy Aramais Avakyan va u bilan birga ozodlikdan mahrum qilingan 4 fuqaro, shuningdek, Avakyan huquqlarini himoya qilgan advokat Odil Qobilovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini qayta ko‘rish talab qilingan.

Shu yilning 19 martida Jizzax viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qo‘poruvchilik, o‘g‘rilik, diniy ekstremistik tashkilotlar tuzish kabi moddalari bilan ayblangan armani nasroniy Aramais Avakyanga 7 yil, qolgan to‘rt kishiga 5 yildan 12 yilgacha qamoq jazosini bergan.

4 mayda esa Aramais Avakyanning advokati, 33 yoshli Olim Qobilov poraxo‘rlik va tovlamachilik aybi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgani ma’lum bo‘ldi. Inson huquqlari himoyachilari va xalqaro tashkilotlar advokatning qamoqqa tashlanishini uning kasbiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

"Avakayan+4" qo‘mitasi bayonotida, shuningdek, joriy yilning 26 may kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doimiy kengashi tomonidan qabul qilingan 1101-sonli bayonot tilga olingan.

Ushbu bayonotda Yevropa Ittifoqi Aramais Avakyan va u bilan birga ozodlikdan mahrum qilingan 4 fuqaro, shuningdek, Avakyan huquqlarini himoya qilgan Odil Qobilov taqdiridan xavotir bildirgan.

"YeI O‘zbekistonda may oyi boshida advokat Odil Qobilovning qamoqqa mahkum qilinishidan xavotir bildiradi. 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan janob Qodirov mijozi Aramais Avakyanni himoya qilgani bois, ta’qib nishoniga aylangan ko‘rinadi. O‘z mijozlarini himoya qilayotgan advokatlarning qonuniy faoliyati uchun ta’qib qilish qonun ustivorligi va adolatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi... YeI O‘zbekistonni har ikki ishni qayta ko‘rish hamda YeXHT va xalqaro standartlar doirasida qonuniy harakat qilishga chaqiradi", deyiladi bayonotda.

"Avakyan+4" qo‘mitasi shu yilning fevral oyida tuzilgan. Uning tarkibida O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov, O‘zbekiston Inson huquqlari alyansi rahbari Yelena Urlaeva, Armanistondagi Huquq va erkinliklar markazi raisi Vardan Arutyunyan, Armanistondagi Jurnalistlar va inson huquqlari tashkiloti etakchisi Janna Aleksanyan, Germaniyadagi Inson huquqlari forumi etakchisi Umida Niyozova, Rossiyadagi "Memorial" inson huquqlari markazi rahbari Vitaliy Ponomarev, Qozog‘istondagi Inson huquqlari va qonun ustivorligi bo‘yicha xalqaro byuro yetakchisi Roza Aqilbekovalar bor.

Millati arman bo‘lgan Avakyan nasroniy bo‘lishiga qaramasdan IShIDga aloqadorlikda ayblangani Armaniston hukumatini e’tiborsiz qoldirmagan. Armaniston Ombudsmani o‘zbekistonlik hamkasbiga Avakyanning taqdiri borasida tashvish bildirib, xat yo‘llagan.

2015 yilning sentyabrida Jizzaxda hibsga olingan baliqchi fermer Aramais Avakyanni ozod qilish chaqirig‘i bilan onlayn-petitsiya ham tashkil etilgan.

Aramais Avakyanning xotini va onasi hamda Avakyan bilan sudlangan yana bir fuqaro Furqat Jo‘raevning yaqinlari aprel oyi oxirida AQShning Toshkentdagi elchixonasida qabul qilingan.

Aramaisning onasi Flora Avakyan elchixonada bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida uni, kelini Shirin hamda Furqat Jo‘raevning onasini AQSh elchisi Pamela Spratlen hamda O‘zbekistonga safar qilgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblyumlar qabul qilganini Ozodlikka aytgan edi.

Fermer Aramais Avakyanning yaqinlari va u bilan birga ayblanib, 12 yilga qamalgan Furqat Jo‘raevning onasi Mahtuma Jo‘raeva sudlanganlarni hibsga olish va ayblovni bo‘yniga qo‘yish uchun tergov izolyatorida qiynoqlar qo‘llanganini iddao qiladilar.

XS
SM
MD
LG