Линклар

Shanba kuni erta tongda o‘g‘lim yonimga kelib, dada Muhammad Ali vafot etibdi, dedi.

Etim jimirlab ketdi: bolaligim qahramoni vafot etgandi.

Bolaligimda bir muddat Muhammad Ali singari mashhur bokschi bo‘lishni orzu qilgandim.

Xonamdagi devorga Qur’oni Karimni o‘pib turgan oq-qora suratini yopishtirib qo‘ygandim.

Darrov kompyuterimni ochdim, internetga kirdim.

Qaysi veb sahifaga qaramay, Muhammad Alining o‘limi bosh xabarga aylangandi.

Bir necha soat Yutubda uning ring ichidagi mushtlashuvlari va ring tashqarisidagi otashin nutqlarini tomosha qildim.

Bir necha yil muqaddam o‘zbekchaga o‘girganim Muhammad Alining “Kapalak ruhi” kitobiga yana bir bor ko‘z yugurtirdim.

So‘ngida beixtiyor qilgan xulosam shu bo‘ldi: Muhammad Ali 20 asrning eng buyuk odami edi.

Muhammad Alining "Kapalak ruhi" kitobidan

Odamlar mendan doimo boksdan ketgach nima ish bilan shug‘ullanishim haqida so‘rashardi. Men doimo bir xil javob qaytarardim: "Haqiqiy Muhammad Alini hali ko‘rganingiz yo‘k".

Haqiqiy hayot yo‘lim boksdan ketganimdan keyin boshlandi. Mushtlashib yurgan paytlarimda mushaklarimni kelishtirgan bo‘lsam, sportdan ketgach ma’naviy yuksalishga e’tibor qaratdim.

Dunyoga nazar tashlar ekanman, men ko‘plab insonlarning go‘zal va hashamatli uylar barpo etishgani, ammo vayronalar ichida yashashlarini ko‘raman. Biz aksar vaqtimizni yashashga emas, balki yaxshi yashashni o‘rganishga sarflaymiz. Men siz bilan ulashishga umid qilganim - hayotim davomida shakllangan e’tiqodimdir. Menga ma’naviy ozuqa bergan va ruhlantirgan falsafalar, o‘gitlar va ideallarning ko‘pini Islomni o‘rganish jarayonida oldim. Orttirgan bilimimni hozirga qadar oilam va do‘stlarim bilan baham ko‘rgan bulsam, endi ularni dunyoga taqdim etmoqchiman.

Yillar davomida mening dinim o‘zgardi, e’tiqodim shakllandi. Din va e’tiqod bir-biridan juda farq qiladi, ammo odamlar ko‘p hollarda ularni qorishtirib yuborishadi. Ba’zi narsalarni o‘rgatish mumkin emas, ular qalbda uygonadi. E’tiqod – qalbdagi ilohiy nurni e’tirof etishdir. U alohida bir dinga emas, barchaga taaluqli.

Odamlar mendan haliyam e’tiqoding ustida ishlayapsanmi, deb so‘rashadi. Haqiqat shuki, men o‘z e’tiqodim borasida ertalabdan kechgacha gapirishim mumkin, chunki Allohga bo‘lgan e’tiqodim hayotimdagi barcha narsadan ustunroqdir.

Agar dunyoda mavjud uqyonuslar siyoh va barcha daraxtlar qalam bo‘lsaydi, shunda ham, ular Allohning ilmini yozib bitkaza olishmasdi. Allohning shundayin qudrat egasi ekani meni zabun ushlab turadi. Allohni taniganim va Islomni o‘rganganim sayin, o‘zimning qanchalar kam narsani bilishimni his qilaman. Men haliyam bilim olayapman va haliyam o‘rganayapman, zero hayotda Alloh uchun ishlashdan ulug‘roq hech narsa yo‘qdir.

Buyuk odamlar o‘zlari uchun buyuk bo‘lishni hech qachon istashmagan. Ular boshqalarga yaxshilik qilish va Allohga yaqin bo‘lishni orzu qilganlar. Men nuqsonsiz emasman, haliyam o‘zimda o‘zgartirishim kerak bo‘lgan jihatlarning borligini yaxshi bilaman. Ba’zan o‘z amallarimdan, ayniqsa birovning ko‘nglini og‘ritgan bo‘lsam, qattik uyalaman. Allohdan meni kechirishni so‘rayman.

Qaerga bormay meni hamma taniydi va ismimni biladi. Odamlar meni yaxshi ko‘rishadi va menga hayrat bilan qarashadi. Bu - bir banda uchun beriladigan ulkan obro‘ va e’tibor. Demak, mening zimmamga oz obro‘yimdan to‘g‘ri foydalanish mas’uliyati yuklangan. Shuning uchun, irqi, dini va maqomidan qat’inazar, har bir odamga yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilaman. Harchand ba’zi insonlar boshqalardan o‘zlarini ustunroq va muhimrok sanasalar-da, Allohning nazdida barcha barobar. Ul Zot uchun muhimi qalbimizdan nimalar kechayotgani va amallarimizdir.

Odamlar men bokschi ekanman juda ko‘p pulni qo‘ldan chiqarib yuborganimni aytishadi. Ular qanday qilib ba’zi odamlarning mendan foydalanib qolishgani, mendan o‘g‘irlashgani, men esa bunga qo‘l siltab qo‘yaverganim haqida yozishadi. Insonlar meni aldashayotganini bilsam ham, men uchun muhimi o‘zimni qanday tutishimdir. Chunki, Alloh oldida javob berishim bor. Men o‘zgalar amali uchun mas’ul bo‘lolmayman: Allohga ularning o‘zlari javob berishadi.

Hayotim davomida men hech qachon menga ozor berganlardan qasd olishga urinmadim, chunki men kechiruvchanlikka ishonaman. Men kechirishni tajriba qildim, zero kechirilishni istayman. Insonning qalbida nima borligini va uning asl niyatini bilish faqat Allohga xos. U barcha narsani eshitguvchi va ko‘rguvchi Zotdir.

Hayotimda atrofimdagi ko‘plab odamlar mendan yordam so‘rashgan va men ularga qo‘limdan kelganicha ko‘mak berishga harakat qilganman. Buning yomon joyi yo‘q, deb o‘ylayman. Men muhtojlarga yordam qilaman. Chunki, Alloh menga etarli boylik bergan. Hozir, o‘tmishimga o‘girilib qarasam, nazarimda Alloh uchun qancha yordam bergan bo‘lsam, Alloh menga ikki hissa qilib qaytargandek. Men yordam berganim xayriya vaqflari va odamlar haqida gapirmaslikka harakat qilaman, chunki yordam evaziga hech narsani kutmasak, ana o‘shanda saxiy inson bo‘lishimiz mumkin, deb uylayman.

Har kecha yotishdan oldin men o‘zimdan "agar ertaga uyg‘onmasam, bugungi hayotimdan faxrlangan bo‘larmidim?" - deb so‘rayman. Aynan mana shu savolni yodda tutgan holda, ko‘limdan kelganicha, ko‘prok yaxshi amallarni bajarishga harakat qilaman, xoh ular dinimni himoya qilish bo‘lsin, xoh imzo qo‘yish. Men odamlarga yaxshilik qilish va jannatga kirishga harakat qilayapman, xolos.

Mening din haqidagi tushuncham yillar davomida kengaydi. Onam Baptist, otam esa Metodist edi. Ikkalasi ham Iso alayhissalomni "Xudoning o‘g‘li" deb bilishardi. Ammo men bunday e’tiqodda emasman. Men Muso va Ibrohim singari Iso ham muhim payg‘ambarlardan biri bo‘lganiga ishonaman.

Hammamizning Parvardigorimiz bitta, faqat biz unga turlicha xizmat qilamiz. Jilg‘alar, ko‘llar, daryolar, dengizlar va uqyonuslar turlicha nomlanadi, biroq ularning barida suv bor. Dinlar ham turlicha nomlanadi, biroq ularning barchasida har-xil yo‘llar, shakllar va vaqtlarda izhor etilgan haqiqat mavjud. Sening musulmon, nasroniy yoda yahudiy bo‘lishing muhim emas. Agar sen Xudoga iymon keltirgan bo‘lsang, barcha insonlarning bir oila a’zolari ekaniga ishonishing kerak. Yaratganni sevgan odam yaratilganlarning ba’zilarigina sevish bilan cheklanmasligi zarur.

Bu kitob - hayotim in’ikosi. Unda xotiramda muhrlanib qolgan lahzalar ifodalanadi va mening qanday qilib bugungi maqomga etishganim haqida hikoya qilinadi. Men boksni boshlaganimdan buyon uzoq yo‘lni bosib o‘tdim. Dunyoni aylanib chiqdim va turli toifadagi insonlar bilan uchrashdim. Mening ishonishimcha, Alloh insonlarni turli xil yaratib, sayyoramizga zeb bergan. Dunyo xalqlari o‘zaro tushunish, oradagi farqlarni hurmat qilish va o‘xshashliklarni qutlash yo‘lida ishlashni maqsad qilmoqlari lozim. Biz turfaxillikdagi go‘zallikni qadrlashimiz zarur. Barcha gullar bir tus, bir rang va bir andozada bo‘lganida edi dunyoning qizig‘i qolmasdi.

E’tiqodimdagi eng muhim jihatlardan biri - ring ichkarisi va tashqarisida Allohning doimo menga yordam berib turganini bosqichma-bosqich tushunib etganim bo‘ldi. Bolaligimdan o‘qish va yozishga qiynalardim. O‘rta maktabni zo‘rg‘a tugatdim. Tibbiyot tilida buni "disleksiya" deyishadi. Ammo, talabalik yillarimda o‘qituvchilar darslarni o‘zlashtirishga qiynalgan bolalarni "ahmoq" deb hisoblashardi. Maktabda ilm olish men uchun sinov edi, ammo undan o‘tish yo‘lini topgandim. Men devorga duch kelganimda taslim bo‘lmadim, aksincha, uni chetidan yoda ustidan o‘tishni o‘rgandim. Allohning menga berganidan foydalanishni o‘rgandim. O‘zim uchun qiymatli bo‘lgan biror narsani o‘qisam yoki eshitsam, men uchun tushunarli bo‘lgan jihatni his etaman va e’tiborimni aynan o‘sha jihatga qarataman. Uni yodlab olaman. Nazarimda biror narsa haqiqat bo‘lib ko‘rinsa, uni yodlab olaman. U mening bir qismimga aylanadi.

Men Allohning madadini doimo his qilib yashayman. U qalbimni zakovat va ishonch nurlari bilan to‘ldirdi. Hayotni va insonlarni o‘rgandim. O‘qish va yozishga no‘noq bo‘lishim mumkin, ammo muhabbat, mehribonlik va qalbdagi boshqa hissiyotlarga boyman. Yillar davomida qadimgi bir maqolni takrorlab yuraman: "Inson boyligi qaerda? Undagi bilimda. Agarda inson o‘z boyligini bankda saqlasa, unga egalik qila olmaydi".

Menda bor boylik – o‘zimni taniganim, ichimdagi muhabbat va e’tiqodim. Men bilimimni o‘z xalqimning yaxshi namoyandasi bo‘lish uchun ishlatishga harakat qildim. Men so‘qir emasman, chunki ko‘r ko‘rga yulboshchilik qilsa, ular chohga qulashadi.

E’tiqodim yillar davomida o‘sdi va ba’zi qarashlarim o‘zgardi. Toki tirik ekanman ko‘prok narsani dark etishga harakat qilaman, zero qalb chanqog‘i hech qachon qonmaydi.

Butun umrim davomida sinovlarga tutildim. Irodam, jasoratim va quvvatim sinaldi. Hozir esa sabrim va bardoshim sinalmoqda. Yo‘lning har qadamida Allohning men bilan birga ekaniga ishonaman. Uning hozir men bilan ekanini har qachongidan ham yaxshiroq bilaman. Qanday yashashni umrim bo‘yi qadam ba qadam, lahza ba lahza o‘rgandim. Hayot yo‘li men uchun uzun bo‘ldi. Men - ishq, tushunish va haqikat izlab chiqqan sayyohman. Hamon o‘rganayapman.

XS
SM
MD
LG