Линклар

El orasida “Kadisheva bozori” deb yuritiladigan Toshkentdagi “Aviasozlar dehqon bozori”ga kelgan sotuvchiyu xaridorlar 6 iyun, dushanba kuni ertalab ichkariga kirolmagan. “Novosti Uzbekistana” nashrining xabar qilishicha, bozorning qulflangan darvozasi oldida turgan odamlar ichkaridagi talotumni hayronlik bilan kuzatganlar.

Aytilishicha, yakshanba kuni bozor odatdagidek ishlagan. Biroq ertalab soat 8 da bozorga kelgan kishilar savdo chodirlari yiqitilgani, do‘konlar yopiqligini ko‘rganlar. Devorga yopishtirilgan e’lon qog‘ozida “Sanitarniy den” (Tozalik kuni) deb yozib qo‘yilgan.

Bozor ma’muriyati bu borada izoh bermayapti. Biroq bozor kunda-shundalari u yerda kecha sanitariya va soliq xizmatlari tekshiruv o‘tkazgani, keyin esa bozor yopilganini, tunda go‘sht va meva-sabzavot sotiladigan rastalar buzilganini aytmoqdalar.

Bozor qachon ochilishi haqida hozircha hech qanaqa ma’lumot yo‘q. “Aviasozlar dehqon bozori” Yashnobod mavzeida odamlar hamyonbop narxda oziq-ovqat sotib olishi mumkin bo‘lgan yagona savdo nuqtasi edi.

Toshkentda bozorlarni rekonstruksiya bahonasida buzib tashlash avval ham ko‘p kuzatilgan. ShHT sammiti arafasida shu yo‘sinda qayta qurilgan bozorlardan biri poytaxt markazidagi Oloy bozoridir.

XS
SM
MD
LG