Линклар

Qozog‘iston: Chimkentlik pivofurush boy davlat to‘ntarishida ayblanmoqda


Qozog‘iston MXQ vakili Ruslan Karasev Ostonadagi brifingda, 2016 yil 6 iyuni.

Qozog‘iston MXQ vakili Ruslan Karasev Ostonadagi brifingda, 2016 yil 6 iyuni.

Qozog‘iston maxsus xizmatlari chimkentlik taniqli tadbirkor To‘xtar Tuleshovni davlat to‘ntarishini amalga oshirishga hozirlanganini iddao qilmoqda.

Bu haqda Ostonadagi Bosh prokuratura binosida o‘tgan brifingda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot xizmati vakili Ruslan Karasev bildirdi.

“Tergovda janob Tuleshov avval tayyorgarlik ishlarini olib borgani, o‘tgan yildan boshlab esa hokimiyatni kuch bilan bosib olishga hozirlik bo‘yicha konkret qadamlar qo‘ygani haqida ma’lumotlar bor. Uning harakat rejasida taranglik o‘choqlarini barpo qilish, norozilik tadbirlari va ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish yo‘li bilan mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarish ko‘zda tutilgan”, dedi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mas’uli Karasev.

“Shimkentpivo” shirkati egasi To‘xtar Tuleshov shu yil yanvar oyi oxirida qo‘lga olingandi. U jinoiy guruh faoliyatini moliyalashtirganlik va giyohvand modda saqlaganlikda gumonlanib, hibs etilgandi. Ungacha Tuleshov “Terror tahdidini tahlil qilish markazi” jamoatchilik tashkilotiga ham yetakchilik qilgan.

Chekist Karasev iddaosicha, Tuleshov Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar qabatida “alternativ hukumat” tuzish va amaldagi hokimiyat strukturasini o‘zgartirishni rejalab yurgan.

MXQ vakili shu kunlarda Tuleshovga sheriklikda gumonlangan bir necha sobiq amaldor ham hibsga olinganini bildirdi. Tergov hibsxonasiga olib kelinganlar orasida Qozog‘iston bosh prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Ilyas Baxtibaev, Janubiy Qozog‘iston ichki ishlar departamentining sobiq boshlig‘i, general-mayor Doskaliev va boshqa sobiq mulozimlar bor.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili mazkur ish bo‘yicha Mudofaa vazirligi “Janub” mintaqaviy qo‘mondonligiga qarashli 35748 va 55653-harbiy qismlar rahbarlari ham qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi.

To‘xtar Tuleshov keng jamoatchilikka bundan 10 yillar muqaddam tanila boshlagan. U o‘zini nafaqat "Shimkentpivo" zavodi egasi bo‘lgan boy odam, balki madaniyat va san’at homiysi, jurnalist va terrorizm masalalarida ekspert qatori ham tanita boshlagan.

2010 yili YouTube portalida Tuleshovning tavallud kuni tantanalari aks etgan video yoyinlangan. 2009 yilda tasvirga olingan bu videoda boshqa mehmonlar orasida Tuleshov bilan iliq munosabatda ekani ayon bo‘lgan o‘zbekistonlik kriminal avtoritet G‘afur Rahimovni ham ko‘rish mumkin edi. Bu video tarqalgach, ma’lumotlarga ko‘ra, To‘xtar Tuleshov va mahalliy tartib posbonlari o‘rtasida taranglik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng Tuleshov ko‘p vaqtini Rossiyada o‘tkaza boshlagan. Uning terrorizm bilan kurash bo‘yicha ekspertlik faoliyati ham o‘sha paytda "gullab-yashnagan".

Chimkentlik pivo qiroli To‘xtar Tuleshov Qozog‘istonda rus tili va madaniyati himoyasi uchun qilgan chiqishlari bilan ham Moskvaning e’tiboriga tushgan.

XS
SM
MD
LG