Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:18

Aqto‘bedagi hujumda jami 17 kishi o‘lgan


Aqto‘bedagi otishmalar natijasida jami 17 kishi o‘ldi. Bu haqda xabar qilgan Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, otishmalar oqibatida do‘konlardan birining sotuvchi va do‘kondagi xaridor hamda qorovul halok bo‘lgan. Uch nafar harbiy askar ham otishmalar payti qurbon bo‘lgan. Shuningdek, hujum qilgan guruh a’zolaridan 11 nafari o‘ldirilgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilganlar soni 27 kishidan kam bo‘lmagan va ularning aksari yashirinishga ulgurgan.

5 iyun kuni bir nechta odamdan iborat guruh ikkita qurol do‘koniga hujum qildi. Jinoyatchilar do‘kon sotuvchi va xaridorlarini o‘ldirgan. Keyin esa yo‘lovchi tashish avtobusini garovga olib, harbiy qismga hujum qilishga uringan.

O‘zini “Qozog‘istonni ozod qilish armiyasi” deb atagan guruh Aqto‘bedagi hujumlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Guruh xalqaro matbuot orqali chiqishida ushbu hujumlar “Nazarboev diktaturasiga qarshi, Qozog‘istonning demokratik yo‘ldan rivojlanishi tarafdorlarining ilk jangidir” deya bayonot berdi.

Aqto‘bedagi hujumlardan so‘ng shaharda eng katta darajadagi terror xavfi borligi e’lon qilindi. Mahalliy telekanallar orqali berilayotgan xabarlar va mobil telefonlarga jo‘natilayotgan SMSlar orqali shaharliklarga uydan chiqmaslik tavsiya qilinmoqda.

Shaharda Internet va mobil aloqada muammolar borligi aytilayapti. Shahar bo‘ylab jamoat transportlari qatnovi cheklangan.

Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Almas Sadubaevga ko‘ra, hujum qilganlar "noan’anaviy radikal diniy harakatlar"ga ergashgan shaxslardir.

Dushanba kuni Qozog‘iston Milliy havfsilik qo‘mitasi chimkentlik taniqli tadbirkor To‘xtar Tuleshovni davlat to‘ntarishini amalga oshirishga hozirlanganini e’lon qildi.

“Shimkentpivo” shirkati egasi To‘xtar Tuleshov shu yil yanvarь oyi oxirida qo‘lga olingandi. U jinoiy guruh faoliyatini moliyalashtirganlik va giyohvand modda saqlaganlikda gumonlanib, hibs etilgandi. Ungacha Tuleshov “Terror tahdidini tahlil qilish markazi” jamoatchilik tashkilotiga ham yetakchilik qilgan.

Tuleshovga aloqadorlikda gumonlangan bir qancha yuqori lavozimli amaldorlar ham hibsga olingani xabar qilindi. Hozircha Tuleshovning aynan Aqto‘bedagi hujumlarni amalga oshirgan guruhga qanchalik aloqadorligi haqida rasman e’lon qilingani yo‘q.

Qozog‘iston senati raisi Qasimjo‘mart To‘qaev Twitter mikroblogidagi o‘z sahifasida Aqto‘beda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan sharh qoldirdi.

“Muborak Ro‘za arafasida Aqto‘beda sodir etilgan terror xuruji banditlarning favqulodda surbetligi va shafqatsizligi nishonasidir. Ularni jazolash bo‘yicha eng ayovsiz choralar ko‘rilmoqda”, deb yozadi To‘qaev.

Aqto‘be viloyat hokimi Berdibek Saparbaev xotirjamlikni saqlash chaqirig‘i bilan mintaqa aholisiga murojaat qildi. “Reja bo‘yicha aksilterror amaliyoti olib borilmoqda. Sizni ishontirib aytamanki, vaziyat to‘laligicha nazorat ostida. Hozirgi paytda vaziyat barqaror”, deya iqtibos keltiradi viloyat hokimi so‘zlaridan “Aqto‘be aqparat” xabar markazi.

XS
SM
MD
LG