Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:35

Bir kunga yopilgan Kadishev bozori shov-shuv bois yarim kunda ochildi


Toshkent shahridagi "Aviasozlar dehqon bozori" dushanba kuni tushgacha yopib qo‘yildi. Ma’muriyat bozor "Sanitariya kuni" munosabati bilan yopilgani, kunduzgi soat 12dan so‘ng ochilib, odatdagi tartibda ishlay boshlaganini ma’lum qildi. Ammo, ertalabdan ichkariga qo‘yilmagan sotuvchilaru xaridorlar orasida bozor buzilyapti, degan xavotir tarqaldi va tarmoqqa tushgan ba’zi suratlar shov-shuvni yanada kuchaytirdi.

Sanitariya kuni

Xalq orasida "Kadishev bozori" deb tanilgan "Aviasozlar dehqon bozori" dushanba kuni ertalab avvaldan ogohlantirilmagan tarzda yopib qo‘yildi.

Sotuvchilar bozor darvozasidagi "Sanitariya kuni" deb yozilgan e’lonni ko‘rib, bozor buzilishi boshlandi, degan vahimaga tushdilar.

Ijtimoiy tarmoqlar va qator Internet nashrlari bozor ichi va tashqarisida bir necha rasta buzilgani aks etgan suratlarni ham e’lon qildi.

2014 yilning oktyabrida Toshkent shahar hokimligi "Aviasozlar dehqon bozori" qayta ta’mirlanishi va o‘sha paytda ta’mir loyihasi hozirlanayotganini ma’lum qilgan edi.

6 iyun kuni Ozodlik muxbiriga javoban ma’muriyat vakili bozorning buzila boshlaganiga oid xabarlarni inkor qildi:

"Bozor buzilayotgani yo‘q, faqat tozalandi. Eshikka ham yozib qo‘ydik: "Sanitariya kuni" deb. Hech qanday rasta buzilgani yo‘q, tozalash kuni bo‘ldi, xolos. Sotuvchilarning mahsulotlari buzilmasligi uchun kunduzgi soat 12dan boshlab ochdik, hozir bozor normalniy ishlayapti", dedi bozor ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan vakili.

Bozor buzilishi aniq

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir necha surat haqida esa ma’muriyatdan biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, ma’muriyat bozor buzilishi kutilayotganini tasdiqladi:

"Lekin, hali rekonstruksiyaga vaqt bor. Hali bizga muddatini aytishgani yo‘q hokimiyatdan, hech kim bilmaydi", dedi "Aviasozlar dehqon bozori" ma’muriyatining rasmiysi.

Poytaxtdagi yirik bozorlardan biri bo‘lgan "Aviasozlar dehqon bozori" toshkentliklar orasida "Kadishev bozori" nomi bilan tanilgan va eng gavjum bozorlardan biridir.

Shahar hokimiyati qayta ta’mir paytida bozorning hozirda biroz qorishiq bo‘lgan oziq-ovqat va kiyim-kecha sotiladigan qismini alohida pavilyonlarga ajratishni rejalamoqda.

2014 yilda Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati, shuningdek, bozor ichidagi eski ikki qavatli savdo kompleksi kapital ta’mirdan chiqarilishi hamda bozorda zamonaviy talablarga javob beradigan avtostoyanka qurilishini ma’lum qilgan.

Ammo, bundan bir necha oy muqaddam "Aviasozlar dehqon bozori" to‘liq buzilib, uning o‘rnida 4 qavatli yangi gipermarket ochiladi, degan ovozlar ham tarqaldi. Bozor ma’muriyati hozircha bunday ovozalarni inkor qilmoqda.

Aviasozlar bozori tarixi

"Aviasozlar dehqon bozori" Toshkentda 1966 yilda bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng ochilgan.

Zilziladan so‘ng Toshkentga sobiq ittifoq respublikalaridan ko‘plab quruvchi, hasharchi va ishchi-mutaxassislar kelgan, ularning kattagina qismi Chkalov aviazavodida ishlagan.

Ishchilar uchun zavod yaqinida Lisunovo massivi qurilgan hamda bu shaharcha uchun maxsus "Aviasozlar" bozori ochilgan edi. Vaqt o‘tishi bilan bozor kengaydi va 2000 yillarga kelib, uning nomi "Aviasozlar dehqon bozori" deb o‘zgartirildi.

Hozirda bozorning toshkentliklar orasida qadrlangan jihati uning ikki qavatlik pavilyoni ichida sotiladigan ko‘katlaridir. Xaridorlar yangi uzilgan va xilma-xil ko‘katlar, sabzavotlar uchun ko‘proq shu bozorga qatnaydi.

Buzilayotgan bozorlar

Toshkent shahar ma’muriyati 2016 yilda Toshkentdagi bir necha bozor, jumladan, "Mirobod", "Aviasozlar", "Navro‘z", "Sergeli", "Yunusobad" bozorlari ham rekonstruksiya qilinishini ma’lum qilgan. Bozorlardagi ta’mirlash ishlarini bu yilgi Mustaqillik bayramiga qadar tugatish rejalangani aytilgan.

Shu kunga qadar "Oloy" bozorida yirik ta’mirlash ishlari boshlandi, "Mirobod" bozorida esa qisman boshlandi va shu ikki bozordagi buzilish-qurilish ishlari uchun 15 milliard so‘m (5 million 200 ming AQSh dollari) ajratilgani rasman ma’lum qilindi.

Quyidagi videoda "Oloy" bozorida shu yilning 29 martida boshlangan buzilish jarayonini ko‘rishingiz mumkin:

"Oloy" bozori ham Toshkentning kamida 150 yillik tarixga ega bo‘lgan bozorlaridan biri hisoblanadi.

Qizig‘i, bu bozor 2013 yilda ham qayta qurilgan edi. O‘shanda bozor yonida avtomobil parki, bozor ichkarisida to‘rtta pavilyon qurilgan va bunga bir yarim milliard so‘mga yaqin mablag‘ safrlangan. Oradan 2 yildan oshiroq vaqt o‘tib, ayni bozor nega yana qayta qurilayotgani haqidagi savol hozircha ochiq qolmoqda.

XS
SM
MD
LG