Линклар

Aqto‘bedagi qurolli to‘qnashuvlardan keyin G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida xavfsizlik choralari kuchaytirilib, 40 kunga terror xavfi sariq darajasi joriy etildi. Bu maqom terror xuruji uchun real xavf mavjudligi haqidagi ma’lumotning tasdiqlanishini talab etadi.

Rasmiylar aholidan egasiz ashyolarga e’tiborli bo‘lish, shubhali narsalarga yaqinlashmaslik, hujjat tekshirayotgan tartib posbonlari xatti-harakatlarini to‘g‘ri tushunib, ularga yordam berishni so‘ramoqda. Shuningdek, odamlarga turli mish-mishlardan vahimaga tushmay, davlat idoralari tomonidan tarqatilgan rasmiy ma’lumotgagina tayangan holda ish ko‘rish tavsiya qilinmoqda.

6 iyun kuni Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi Aqto‘bedagi to‘qnashuvlarda 18 kishi halok bo‘lgani, ulardan 12 nafari hujumchilar ekani haqida ma’lumot tarqatdi. Shahardagi qurol-aslaha do‘konlari va Milliy gvardiya harbiy qismiga hujum qilganlarning 6-7 nafari yashirinishga muvaffaq bo‘lgan va ular huquq-tartibot idoralari tomonidan qidirilmoqda.

Aqto‘bedagi hujumlar uchun mas’uliyatni o‘zini “Qozog‘istonni ozod qilish armiyasi” deb atagan guruh zimmasiga olgan. Qozoq rasmiylari hujum noan’anaviy islomiy guruhlar tomonidan amalga oshirildi, degan taxminni o‘rtaga tashlagan, biroq bu iddaoni isbotlovchi dalilga ega emas.

XS
SM
MD
LG