Линклар

5-iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida ro‘y bergan zo‘ravonlik kutilmagan hodisa bo‘ldi. Bu kabi holatlar Qozog‘istonda oz kuzatiladi. Ammo bunday voqealar odatda Qozog‘iston g‘arbida, aniqrog‘i, Aqto‘be shahri joylashgan hududda sodir bo‘ladi.

Qozog‘iston rasmiylari 6 iyunь kuni kamida 18 kishi, jumladan, 12 hujumchi umriga zomin bo‘lgan otishmani kim va nima sababdan amalga oshirganini izohlashga qiynaldi.

Ammo zo‘ravonlikka turtki bo‘lgan sabablar rasmiylarning ko‘z oldida turibdi.

400 mingga yaqin kishi istiqomat qiluvchi Aqto‘be shahri Qozog‘istonning neftga boy g‘arbiy qismida joylashgan. Neftь savdosi olib keluvchi daromadlar Qozog‘iston iqtisodini uzoq yillardan beri qo‘llab keladi. Ammo neft savdosi olib keladigan foydaning juda oz qismi g‘arbiy Qozog‘istonning Aqto‘be kabi neftga boy shaharlariga yetib boradi.

Poytaxt Ostona bilan tijoriy poytaxt Olmaota shaharlarini rivojlantirish uchun esa milliard-milliard dollar sarflanadi.

Shunday ekan, g‘arbiy Qozog‘istondagi ijtimoiy ahvolga hukumat etarlicha e’tibotor bermayotgani ko‘pchilikni tashvishlantiradi. Qolaversa, g‘arbiy Qozog‘iston Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin Islom dini chuqur ildiz otgan hudud o‘laroq tasvirlanadi. Natijada qozoq rasmiylari bu yerda sodir bo‘ladigan har qanday zo‘ravonlik uchun islomiy ekstremistlarni ayblab, hududni radikal musulmonlar uyasi o‘laroq tasvirlaydi. Hudud aholisi esa bunga e’tiroz bildirib keladi.

Aqto‘be xudkush hujumi amalga oshirilgan Qozog‘istondagi yagona shahardir. Bu hodisa 2011 yilning 17 mayida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda 25 yoshli Rahimjon Maxatov Milliy xavfsizlik qo‘mitasining mahalliy bo‘limiga kirib, o‘zini portlatib yuborgan edi. Hujumda ikki kishi harohat olgan. Qozog‘iston rasmiylari darrov Maxatovning islomiy ekstremistlarga aloqasi borligini ta’kidlagandi. Ammo buni tasdiqlovchi dalil juda oz keltirildi.

Qozog‘istonning Aqto‘be shahri nobarqarorliklar o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.

Qozog‘istonning Aqto‘be shahri nobarqarorliklar o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.

Ayrim qozoq rasmiylari 5 iyungi hujumni “noan’anaviy islomiy guruhlar” ishi o‘laroq baholadi. Hozircha buni tasdiqlovchi dalil juda oz. Ammo yuqorida aytib o‘tilganidek, Qozog‘iston rasmiylari mamlakat g‘arbidagi zo‘ravonliklar uchun ilk bor islomiy ekstremistlarni ayblayotgani yo‘q.

Maxatovning xudkush hujumidan keyin Qozog‘iston matbuotida mamlakat g‘arbida salafiylar mavjud ekanligi haqida xabar berildi. Xabarlarda soqol qo‘yib olgan o‘ta dindor yoshlar xavf tug‘dirishi haqida yozilgan edi.

2011 yilning iyunida Aqto‘bedan 200 km masofada joylashgan qishloqda ikki politsiya xodimi o‘ldirilganidan keyin rasmiylar hududga maxsus kuchlarni yuborgan, maxsus amaliyot davomida to‘qqiz nafar gumonlanuvchi bilan bir politsiya xodimi halok bo‘lgan edi. Rasmiylar boshida guruh a’zolarini islomiy radikalizmda aybladi. Keyinroq ular aslida din niqobi ostida faoliyat ko‘rsatgan jinoiy guruh a’zosi bo‘lgani aytildi.

Aqto‘bedan 500 km masofada joylashgan Atirau shahrining bir guruh turg‘uni “Jund al-Hilafa” jangari guruhiga asos solgan. Guruh 2011 yilning noyabrida Atirau shahrida ikki portlashni, keyinroq Olmaotada yana bir hujumni amalga oshirdi. Olmaotadagi hujumda besh jangari hamda ikki politsiya xodimi halok bo‘lgan edi.

Qozoq rasmiylari “Jund al-Hilafa” Pokistondagi jangarilar bilan aloqa qilishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, guruhga asos solgan uch shaxs keyinroq Qozog‘istonda qo‘lga olindi.

Keyingi yillarda Qozog‘istonning g‘arbiy qismlari mamlakatdagi eng notinch hududga aylandi. 2011 yil Janao‘zenda neft ishchilari olti oy davomida namoyishga chiqdi, 16 dekabrda politsiya namoyishchilarga o‘t ochganidan keyin kamida 15 kishi halok bo‘ldi.

Shunday ekan, zo‘ravonlik aynan Qozog‘iston g‘arbida sodir bo‘lgani hayratlanarli emas. Rasmiylarning 5 iyungi hujum sababini aniq aytib bera olmayotgani ham hayratlanarli emas. Qozog‘iston rasmiylari zo‘ravonlik mamlakat tashqarisidagi kuchlarning ishi ekanligiga ishonishni istasa-da, uning sababini anglab olish uchun g‘arbiy Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi aholining kundalik turmushiga nazar solish yetarli.

Bryus Pannier

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG