Линклар

logo-print

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining qariyb yigirma nafar xodimi Bekoboddagi metallurgiya kombinatida kompleks tekshiruv o‘tkazishga kirishgan. Davlat pulini o‘marganlikda gumonlangan bir necha mulozim hisbga olingan, mansabdor shaxslar esa so‘roq qilinmoqda.

Bekobod shahridagi O‘zbekiston metallurgiya kombinatiga qarashli “Metallurg” mehmonxonasiga MXX uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limining 18 nafar xodimi kelib joylashgan.

Bu haqda Ozodlikka “O‘zmetkombinat”da ishlaydigan muhandislardan biri xabar berdi.

“MXX” kombinatning qurilish-montaj bo‘linmasini qattiq tekshiryapti. Hamma yoqni yopib tashladi. Bo‘linma boshlig‘i Aziz Xolmatov hisbga olinib, uning uyida tintuv o‘tkazdi. MXX desanti kelishi bilan kombinat bosh direktori Aziz Xolmatovni zudlik bilan ishdan bo‘shatib tashlagan edi”, dedi manba.

Manbaga ko‘ra, MXX kombinat qurilish-montaj bo‘linmasi bosh injeneri Davlat Do‘stmatovni ham hisbga olgan. Do‘stmatov ayni paytda MXXning Toshkentdagi idorasida tergov qilinayotgani aytiladi.

“O‘zmetkombinat”ning ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri, MXX kombinatni qattiq tekshirishga kirishganini tasdiqladi:

“Hibsga olingan mulozimlar metallni g‘ayriqonuniy sotish bilan shug‘ullangan ekan. Ayni paytda barcha skladlarni yopib tashlab, muhrlab qo‘yishdi”, dedi mulozim.

Manbaga ko‘ra, MXX xizmati kombinatning investitsion loyihalariga tegishli barcha hujjatlarni olib qo‘yib, tekshirmoqda:

“Bu loyiha bo‘yicha, shahar kasalxonasi hududida silga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod qurilishi kerak edi. Hozir shu loyihaning hujjatlari ham olib qo‘yilgan”, dedi manba.

Uning iddao qilishicha, kombinatda amal qilgan jinoiy guruh davlatning bir necha o‘n milliard so‘mini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda.

Manbaga ko‘ra, kombinat bosh direktori Alik Nuriddinov va bosh injeneri Ayrat Hasanovning taqdiri ham qil ustida turibdi va bosh direktor ishni yopish uchun barcha tanish-bilishlarini ishga solmoqda.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish uchun “O‘zmetkombinat”ga bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan mulozim bu voqeani na tasdiqladi, na inkor qildi.

So‘nggi paytda, “O‘zmetkombinat” rahbariyati va mulozimlarining g‘ayriqonuniy ishlari haqidagi ma’lumotlar “Ozodlik”, “Fergana”, “Uzmetronom” kabi axborot saytlariga sizdirilmoqda.

Bu xabarlarni sizdirayotgan kuchlar, kombinat mulozimlarimi yoki kombinat rahbarlarining raqiblari, bunisi Ozodlikka ma’lum emas.

Jumladan, 31 may kuni kechqurun, Bekobod tumanida O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbarining xizmat mashinasi katta tezlikda yo‘l chekkasida ketayotgan piyodani urib yuborgani haqidagi xabar ham Ozodlikka yuborilgan edi.

Ozodlikning Toshkent huquq-tartibot tizimlariga yaqin manbasi piëda o‘limiga sabab bo‘lgan Toyota Camry mashinasi rulida "O‘zmetkombinat" rahbari emas, balki uning haydovchisi J.A. o‘tirgani va u allaqachon ehtiyot chorasi sifatida suddan oldin qamoqqa olingani va hodisa yuzasidan jinoyat ishi ochilganini bildirdi.​

Ammo, bu haqdagi maqolaga kelgan sharhlarda avtomobil rulida kombinat bosh direktorining o‘zi bo‘lgani haqida yozilmoqda.

XS
SM
MD
LG