Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:27

Hasharchilarni chopiqqa olib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darildi


Paxta chopiq
Paxta chopiq

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidan Jizzax tumaniga paxta chopig‘iga olib kelinayotgan hasharchilar mingan yuk mashinasi yakshanba kuni avariyaga uchradi. Hasharchilarning bortga suyanishi oqibatida 23 kishi yuklangan UAZ rusumli kichik yuk avtomobili burilishda ag‘darilib ketgan. Bu falokatda bir necha kishi og‘ir tan jarohati olgani aytiladi. Ularning orasida voyaga yetmagan bolalar ham bor.

Yakshanba kuni Jizzax tumanining Ravot qishlog‘idan o‘tayotgan UAZ rusumli kichik yuk mashinasi yo‘ldan chap tomonga burilayotganda ag‘darilib ketgan.

Avariya oqibatida mashina bortida bo‘lgan 23 kishidan uch kishi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Qolganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.

Bu haqda xabar bergan jizzaxlik manbaga ko‘ra, texnika xavfsizligiga rioya qilinmagan holda, UAZ kichik yuk mashinasi bortiga odam yuklangan:

“Bu hasharchilar Zomin tumanining Qangli degan qishlog‘idan. Hokimiyatning buyrug‘i bilan mahalladan Zarbdor tumaniga chopiqqa majburiy olib kelinayotgan odamlar bo‘lgan. Ularning orasida besh-olti nafar voyaga etmagan yosh bolalar ham bo‘lgan. Menimcha ota-onalar o‘zlari o‘rniga bolalarini jo‘natgan. Bir hasharchining qovurg‘alari sinib ketgan, yana ikkisi boshidan og‘ir jarohat olgan. Hozir ular tuman kasalxonasiga yotqizilgan”, dedi manba.

Zarbdor tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi hasharchilar avariyaga uchraganini tasdiqladi:

“Hozir paxtaning ahvoli juda ham yomon. Rosa o‘t bosib ketgan. Viloyat hokimining buyrug‘i bilan paxtasi yo‘q tog‘li tumanlardan hasharchilar yuborish mahalliy hokimlarga yuklangan. Bizga esa Zomindan kelishyapti. Aslida yuk mashinasida odam tashish umuman mumkin emas. Lekin paxtaga desa GAI ham, melisa ham indamaydi. O‘tin bosganday qilib, bosib olib kelaverishadi. Bu avariya ham shunday bo‘lgan. UAZik kichkina bir moshina bo‘lsa, 23 odamni qanday sig‘dirdi, biz ham hayronmiz. Odamlar Zomindan tik turib kelishganda. Shofer burilishda rulni qattiqroq burvorgan shekilli, odamlarning og‘irligi bir tomonga bosilib, moshina ag‘darilib ketgan”, dedi hokimlik mulozimi.

Shu kunlarda g‘o‘zani o‘t bosgani bois O‘zbekistonning paxtakor mintaqalarida byudjet tashkilotlari xodimlari, o‘qituvchi, shifokorlarni paxta chopig‘iga majburan safarbar etish holatlari ko‘p uchrayapti.

May oyidaToshkent viloyati Angren shahridagi tashkilot va korxonalarning ishchi-xizmatchilari ham g‘o‘za chopig‘iga majburan haydalgan, chopiqqa chiqmaganlarga ishdan haydash bilan tahdid qilingan edi. Shuningdek, ayrim tashkilotlar ishchilari chopiq uchun o‘rniga odam yollashga majburlanayapti.

XS
SM
MD
LG