Линклар

Forum 18 tashkiloti 2016 yilning so‘nggi 5 oy ichida O‘zbekistonda taqiqlangan adabiyot bilan qo‘lga tushgan dindorlarga nisbatan bosim ortayotgani, ayrim hollarda hibsdagilarga og‘ir qiynoqlar bilan tahdid qilingani haqidagi hisobotni e’lon qildi. Hisobotda Toshkent, Samarqand, Urganch va Farg‘ona viloyatlaridagi hibs hamda mahkamalarga oid ma’lumotlar keltirilgan.

Tashkilot kuzatuvicha, so‘nggi bir necha oy ichida respublikaning turli viloyatlarida yashayotgan musulmon va nasroniy diniy jamoalari vakillarining uylariga reydlar uyushtirilishi davom etmoqda, o‘nlab fuqaro esa hibsga olingan.

Reydlarda fuqarolarning uylari, texnik jihozlari - kompьyuter, telefonlarida diniy mazmundagi materiallar qidirilmoqda. Taqiqilangan diniy adabiyot topildi, degan qarorga kelingan taqdirda fuqarolarga nisbatan ko‘proq O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik kodeksining 184-2, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-2-moddalari qo‘llanmoqda, deb xabar qiladi Forum 18.

Qur’on tilovati va Ulug‘bek qori ma’ruzasi

Forum 18 aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, kamida ikki musulmon qo‘l telefonidan "Qur’on" tilovati va diniy ma’ruza chiqqani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bulardan biri asli qirg‘izistonlik Rossiya fuqarosi Baxtiyor Xudoyberdievdir.

Yaqinlarining tashkilotga da’vo qilishicha, shu yilning 9 yanvarida​ Toshkent aeroportida qo‘lga olingan Baxtiyorning telefonidan "bir nechta sura, Ulug‘bek qorining ma’ruzalari va O‘shdagi diniy marosimlardan olingan videolar chiqqan".

Baxtiyor Xudoyberdiev qariyb 3 oy mobaynida MXXning Yunusobod tumanidagi hibsxonasida saqlangan. U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-2 va 159-moddalari bilan ayblandi.

Bu yigitning taqdiri bilan qiziqqan Forum 18 tashkilotining O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, shuningdek, MXX xizmati va boshqa huquq-tartibot organlariga qilgan murojaatlari javobsiz qoldirildi.

Baptistlar jurnali va nasroniylar qo‘shig‘i

Tashkilot hisobotida, shuningdek, Xorazm viloyatining Urganch tumanida yashovchi nasroniy jamoa etakchisi Stanislav Kimning uyiga ham 17 may kuni reyd uyushtirilgani aytildi. Xabarga ko‘ra, shaxsan tuman hokimi boshchilik qilgan reyd chog‘ida dindorning uyidan chiqqan "Haqiqat xabarchisi" baptistlar jurnali, nasroniylar qo‘shiqlari bitilgan ikkita disk, bolalarga atalgan hikoyalar to‘plami musodara qilindi.

Tashkilot xabaricha, Stanislav Kimga qarshi O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-2-moddasi asosida jinoyat ishi ochildi. Keyingi kuni Kim va u bilan birga qo‘lga olingan yana bir toshkentlik nasroniy tergov-surishtiruvlardan so‘ng qo‘yib yuborildi.

Forum 18 bu ikkovlonni shaxsan so‘roq qilgan tuman hokimi idorasidan ham biror izoh ololmaganini yozmoqda.

Eng kam ish haqining 20 barobarida jarima

Shu yilning 13 fevralida esa "Iyegova guvohlari" tashkilotning Farg‘ona shahrida yashaydigan ikki vakili Stanislav Ten va Valijon Rahimovlar shahardan chiqayotganda qo‘lga olingan va viloyat IIBga olib borildi.

Forum 18 xabaricha, hech bir sabab aytilmagan holda pasport, uyali telefon va tabletlari olib qo‘yilgan ikki dindorga eng kam ish haqining 30 barobari miqdorida jarima solindi.

Ikkovlonni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-2-moddasi asosida jarimaga tortgan Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlari sudi sudyasi Shuhrat Sotvoldiev tashkilot murojaatini javobsiz qoldirdi.

8 mart kungi reyd

Nukusda yashaydigan nasroniy oila - Ansatbay Eshanov va Sanagul Ziyovutdinovalar esa o‘z jamoasi vakillari bilan shu yilning 8 martida ziyofat qilib o‘tirishgan kezda uyini militsiya bosdi.

Shahar IIBning Anti-terror bo‘limi rahbari Islom Seytimbaev ishtirokidagi reyd chog‘ida bu oilaning uyi, bog‘i tintuv qilingan, xonadonga yig‘ilganlar videoga olingan, ularning hammasi hibsga olinib, so‘roqqa tortildi.

Keyinchalik bu ziyofatga kelgan yana bir necha dindorning uyida ham tintuv o‘tkazildi.

Forum 18ga so‘zlagan dindorlar: "Biz 8 mart - Xotin-qizlar kunini nishonlashga yig‘ilganimizni aytsak ham, militsiyada buni ruxsat berilmagan holda o‘tkazilgan diniy marosim, deb qayd etishdi", deb da’vo qilmoqda.

Dindorlarning uyidan rus tilidagi "Injil" va narosniylik diniga oid boshqa adabiyotlar musodara qilindi.

2016 yilning yanvaridan mayiga qadar O‘zbekistonda turli diniy jamoalarga nisbatan kuzatilgan bosimlar, reydlar, hibs va mahkamalarni kuzatgan Forum 18 tashkiloti, shu tariqa, bu davlatda inson huquqlariga rioya etish bo‘yicha zimmaga olingan xalqaro majburiyatlarga amal qilinmayotir, degan xulosani bermoqda.

Asosiy xulosalardan biriga ko‘ra, "taqiqlangan diniy adabiyotlar" tamg‘asi ostida jami diniy nashrlar tsenzura qilinmoqda va ularning tarqatilishi taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, hisobotda 2015 yilning iyul oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan mamlakatda dindorlar ortidan o‘tkazilayotgan reydlar, diniy adabiyotlarga nisbatan tsenzura, ushlangan va qamalgan dindorlarga nisbatan qiynoqlarni to‘xtatish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatiga berilgan chaqiriq ham eslatildi.

XS
SM
MD
LG