Линклар

Navoiy viloyatilik tadbirkor yigit kiyimi “bankbop” bo‘lmagani tufayli Mikrokreditbankning viloyatdagi bo‘limlaridan biriga kuni kecha kiritilmagani to‘g‘risida Ozodlikka yozgan xatida hikoya qildi.

Markaziy bank mulozimining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda bank mijozlari kiyimiga oid hech qanday me’yoriy hujjat mavjud emas, lekin uning gaplaridan bu haqda og‘zaki ko‘rsatma borligi tushunildi.

Bank mijozlari kiyimiga oid hujjatning mavjud emasligi, albatta, tabiiy, lekin O‘zbekistonda fuqarolar kiyimi katta-kichik ma’murlarning doimiy nazorati ostida ekanligi kundalik ko‘rinishga aylanib qolgan.

Repressiyaga uchragan kalta ishton

Navoiylik tadbirkor yigit Ozodlikka yozgan xatida banklar bilan bog‘liq bir qator muammolar to‘g‘risida yozar ekan, jumladan bunday degan: Bankka kirish joyida kamida 3 ta melisa turadi. Agar daje sho’rtikda bo’lsangiz ham kiritmaydi. Har xil vaziyatda bo’lasizku? Doim klassik kiyinib yurolmaysizu, biz mijoz bo’lsak…

Ozodlik xat muallifi bilan bog‘landi. Ismi sir qolishini so‘ragan yigit whatsapp orqali jo‘natgan nomasidagi gaplarni takrorladi. Aytishicha, u bankka pul jo‘natmasini olish uchungina borgan va eshik oldidagi militsiya xodimlari ichkariga kiritmagach, kunning issig‘ida uyiga qaytib, shortik o‘rniga shim kiyib kelishga majbur bo‘lgan.

Bosh yo‘nalishni tushunmagan (?) xodimning mantig‘i

Yigit bilan muloqotdan so‘ng Ozodlik Mikrokreditbankning joylardagi uch filiali bilan bog‘landi va ular mijozlar kiyimiga oid hech qanday talab yo‘q ekanligini aytdi. Bankning Farg‘ona vodiysidagi bo‘limi xodimi, jumladan, bunday dedi:

- Biz – bank xodimlari oq ko‘ylak, qora shim kiyishimiz kerak. Mijozlarga nisbatan bunday talab yo‘q. Ko‘cha kiyimida, ish kiyimida kelaverishlari mumkin.

- Mijoz shortikda kelsayam xizmat ko‘rsataverasizlarmi?

- Kun issiq. Xohlagan narsasini kiyib kelsin, uning o‘z ishiku?!

Hujjattekshirar soqchining aytgani

Mikrokreditbankning Samarqand viloyatidagi bo‘limlaridan biri telefonini soqchi-militsioner ko‘tardi. U har bir mijozning hujjatlari tekshirilishini, (nima uchun har gal mijozning hujjatlari tekshiruvdan o‘tkazilishi kerakligi boshqa, alohida masala) lekin ularning kiyimi bilan soqchi-militsionerlarning ishi yo‘qligini aytdi.

Shundan so‘ng Ozodlik Markaziy bank bilan bog‘landi va ismi atilmasligi sharti bilan gapirgan mulozim O‘zbekistonda bank mijozlari kiyimiga oid hech qanday me’yoriy hujjat mavjud emasligini, dress kod faqat bank xodimlaridan talab qilinishini bildirdi.

Nahotki?!

Xo‘sh, navoiylik yigit o‘z xatida hamda Ozodlik muxbiri bilan muloqotda yolg‘on gapirdimi?

Birinchi dalil

Uning yolg‘on gapirmaganiga ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan mana bu surat birinchi bilvosita dalil bo‘lishi mumkin. Post muallifiga ko‘ra, “Chilonzor GAIsidagi e’lon”da “Ma’muriy binoga shortik, kalta shim va ochiq maykalarda kirish qat’iyan man qilingan”, deb rus tilida yozib qo‘yilgan.

Va ikkinchisi

Markaziy bank mulozimi Ozodlik muxbiri bilan boshlagan bahs navoiylik yigitning yolg‘on gapirmaganiga ikkinchi bilvosita dalildir. Bahs mulozimning “Agar bankka mijozni shortikda kelgani uchun kiritishmagan bo‘lsa, to‘g‘ri qilishibdi, shortikda kelish madaniyatsizlik”, degan bayonotidan boshlandi. Bu bayonotga javoban mulozim Ozodlik muxbirining “Did bilan Madaniyat boshqa masala, bu yerda gap Huquq ustida ketayapti”, degan e’tirozini qariyb 10 daqiqa davom etgan bahs oxirida ham qabul qilishni istamadi.

Kiyim to‘g‘riligi - dil to‘g‘riligi (?)

Keyingi yillarda O‘zbekistonda fuqarolar kiyimi katta-kichik ma’murlarning doimiy nazorati ostida bo‘lib qolgani hech kimga sir emas va bu holat Ozodlikning qator materiallarida aks etgan.

Masjidlardagi nazorat

Eng avvalo dindorlar kiyimi ustidan total nazorat o‘rnatishga harakat qilinmoqda. Masalan, 2015 yilning oktyabrida Ozodlik Namangandagi masjidlarga juma namozi o‘qish uchun oq do‘ppi yoki “diniy libos”da kelganlar kiritilmayotgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Ko‘cha-ko‘ydagi nazorat

Dindorlar kiyimi ustidan nazorat talablarini buzganlar jarimaga tortilayotgani to‘g‘risida ham xabarlar paydo bo‘lgan.

Sahnadagi nazorat

Estrada xonandalari kiyimi ustidan nazorat masalaning yana bir jihatidir. Masalan, taniqli xonanda Aziza Niëzmetova shu yilning 14 aprelida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan “Milliy urf-odatlarni buzganligi” to‘g‘risida ogohlantirish maktubi olgan, xonandadan “Odob-axloq qoidalariga rioya qilish, sahna madaniyati va tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid harakatlar qilmasdan tomoshabinlar his-tuyg‘ularini haqorat qilmaslik” talab qilingan.

Kiyim davlat miqyosidagi bosh masalalardan biri (?)

O‘zbekistonliklar kiyimi qanday bo‘lishi Vazirlar Mahkamasining kundalik tashvishlaridan biridirki, bu gap ham asossiz emas. Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning taklifiga binoan Toshkentdagi “Sharq liboslari”dizayn studiyasi milliy uslubdagi cho‘milish kiyimlari yaratish ishlarini boshlab yuborgani to‘g‘risida Ozodlik 4 mayda xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG