Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:09

Nazarboev terrorchilarga "o‘lim jazosi" berishga chaqirdi


Terrorga qarshi mashg‘ulotlarda ishtirok etgan prezident Nursultan Nazarboev
Terrorga qarshi mashg‘ulotlarda ishtirok etgan prezident Nursultan Nazarboev

Aqto‘bedagi hujumlaridan 3 kun o‘tib, xalqiga murojaat qilgan Qozog‘iston prezidenti Nazarboev terrorchilarga "o‘lim jazosi" berishga chaqirdi. U Aqto‘bedagi teraktlarga aloqador shaxslarni tutish, qarshilik ko‘rsatsa, "ayovsiz yo‘q qilish"ga topshiriq berdi. Prezidentga ko‘ra, terror hujumlari "tashqaridan olingan ko‘rsatma" asosida amalga oshirilgan.

Nursulton Nazarboev terrorchilarga qarshi "eng qat’iy choralar" bilan kurashishini ta’kidladi.

Prezidentning xalqiga video-murojaati ikki tilda e’lon qilindi va u qozoq tilidagi murojaatida "qo‘liga qurol olgan va odam o‘ldirgan shaxs o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak" dedi.

Prezident 5 iyun kuni Aqto‘beda bo‘lgan terror hujumlarini "psevdo-diniy radikal oqimlarga ergashgan shaxslar" sodir etgani haqida voqea kuni qozoq huquq-tartibot idoralari bergan bayonotni takrorladi.

Qozog‘iston prezidenti fikricha, bu shaxslar terror hujumlarini "tashqaridan olingan ko‘rsatma" asosida amalga oshirgan.

"Davlatimiz liberal siyosati va qonunlaridan foydalangan holda kimdir davlat hukumatining naqadar mustahkamligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ta’kidlaymanki, biz ekstremist va terrorchilarni bostirish uchun doim eng qat’iy choralarni qo‘llaymiz. Buning uchun davlatimizda zarur imkoniyat va qudrat bor. Yaxshi bilamizki, "rangli inqiloblar" turli uslublarda amalga oshiriladi va maxsus uyushtirilgan namoyishlar, qotilliklar, hokimiyatni egallash harakatlaridan boshlanadi. Bu alomatlar bizning mamlakatda ko‘rindi", dedi Nazarboev.

Eslatish joiz, Qozog‘istonda 2003 yilda o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilingan.

Prezident Nazarboev mamlakat xalqi, siyosiy va jamoat tashkilotlarini terrorga qarshi kurashda birlashishga chaqirdi.

Ayni kunlarda Aqto‘be aholisi 5 iyun kungi otishmalar sodir bo‘lgan joylarga gullar eltmoqda.

5 iyun kuni 20 dan ortiq odamdan iborat guruh shahardagi ikkita qurol do‘koni hamda harbiy qismga hujum qildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu guruhni qo‘lga olish chog‘idagi otishmalarda jami 17 odam o‘lgan. Huquq-tartibot idoralari o‘lganlardan 11 nafari qurolli guruh a’zosi ekanini ma’lum qilgan.

Oradan bir kun o‘tib, bu hujum uchun mas’uliyatni o‘zini “Qozog‘istonni ozod qilish armiyasi” deb atagan guruh zimmasiga oldi. Guruh hujumlarni “Nazarboev diktaturasiga qarshi, Qozog‘istonning demokratik yo‘ldan rivojlanishi tarafdorlarining ilk jangidir”, deya bayonot berdi.

Aqto‘beda bundan 5 yil muqaddam Qozog‘iston tarixidagi ilk terakt sodir bo‘lgan edi.

2011 yilning 17 mayida 25 yashar Raximjan Maxatov viloyat MXX binosi oldida o‘zini portlatib yuborgan. O‘shanda xudkushning o‘zi o‘lgan, 3 odam jarohatlangan.

Shundan so‘ng Aqto‘be, Atirau, Astana, Olmaota, Taraz shaharlarida ham "terror hujumi" sifatida baholangan aktlar sodir bo‘ldi.

2012 yilda Qozog‘istonda ehtimoliy terrorchilarni qo‘lga olish va zararsizlantirishga qaratilgan qator antiterror amaliyotlari o‘tkazildi. Bu amaliyotlarda terrorchi sifatida gumon qilingan bir necha shaxs o‘ldirildi.

XS
SM
MD
LG