Линклар

Puli qaytarilmayotganiga norozilik bildirgan qorasuvlik tadbirkor 3 sutkaga qamaldi


KICB bankidan pulini ololmayotgan qorasuvlik tadbirkor Shahobiddin Bozorboev.

KICB bankidan pulini ololmayotgan qorasuvlik tadbirkor Shahobiddin Bozorboev.

KICB bankiga uch kunga qo‘ygan 17,5 ming dollar pulini qariyb yarim yildan beri qaytarib ololmayotgan qorasuvlik Shahobiddin Bozorboev puli qaytarib berilishini talab qilib, 8 iyun kuni Qorasuv shahar hokimiyati binosi oldida ochlik e’lon qilgan va o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka Shahobiddinning ismi oshkor etilishini istamagan qarindoshi ma’lum qildi.

- Shahobiddin hokimiyat oldiga lozunglar bilan norozilik bildirib, o‘zini yondirmoqchi bo‘lgandi, uni melisalar ushlab ketib, 15 sutkaga qamab qo‘yishdi. Ustiga benzin quyib, o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi. Uni qo‘yib yuborishmasa, xotini bolalari va uyini qo‘shib, o‘zini yoqib yuborishini aytyapti, - deydi Shahobiddinning yaqinlaridan biri.

Yigitning Qorasuv shahar militsiyasi tomonidan qo‘lga olinganini O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan ham tasdiqladilar. Boshqarma matbuot kotibi Jenish Ashurbaev so‘zlariga ko‘ra, Shahobiddin xavfsizligi vajidan 3 kunga hibs etilgan.

- U Qorasuv tuman sudi qarori bilan 3 kunga ma’muriy javobgarlikka tortildi va o‘z joniga qasd qilmasligi uchun ma’muriy hibsxonaga kiritildi, - deydi Jenish Ashurbaev.

O‘sh viloyatining Qorasuv shahri yashaydigan 33 yoshli Shahobiddin Bozorboev shu yilning 27yanvarida Koreyaga biznes viza olish uchun KICB bankidagi o‘z hisobiga 3 kun muddatga 17,5 ming dollar pul qo‘ygan. Biroq u viza ololmagan. Shahobiddin o‘z bank hisobiga qo‘ygan pullarini qariyb olti oydan beri qaytarib ololmay sarson. Bu haqda Ozodlik 30 aprel kuni xabar qilgan edi. Shundan so‘ng Shahobiddinni kuch tizimlari, moliya politsiyasi chaqirib, pul yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan.

Shahobiddin o‘ziga o‘t qo‘yishidan avval 8 iyun kuni O‘shda o‘tkazilgan matbuot anjumanida kuch tizimlari unga tergov hujjatlari Bishkekka yuborilishini va natijasi unga e’lon qilinishi bildirganini aytgandi.

- Bundan tashqari, KICB banki nima sababdan pulni ushlab turgani haqida yozma ravishda ma’lumot bermayotgandi, uni berdi. Moliya politsiyasidan ham pulni ushlab turgani haqida yozma ravishda javob keldi. Lekin pul masalasi qachon hal bo‘ladi, buni kim hal qiladi, bu ish qachongacha davom etishi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot bo‘lmayapti, - der ekan Shahobiddin Bozorboev Qorasuv shahar hokimiyati oldida ochlik e’lon qilmoqchiligini qo‘shimcha qilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Shahobiddinning o‘z hisobiga uch kun muddatga qo‘ygan 17,5 ming AQSh dollari Moliya politsiyasi xati tufayli muzlatib qo‘yilgan.

Moliya politsiyasining bankka yuborgan xatida Shahobiddin diniy-ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

- Meni Qorasuv shahar Ichki ishlar boshqarmasining 10-bo‘limi, Qorasuv tuman Milliy xavfsizlik xizmati chaqirdi. Ularga ekstremist, terrorist emasligimni aytib berdim, yozib ham berdim. Qorasuv tuman melisalari ham, O‘shdan ham bu narsani tasdiqlab, Moliya politsiyasiga: “Bu rostdan ham ekstremist emas”, degan spravkani berishdi. Biroq SNB masjidlarga, jamoat joylariga borib, “Men ekstremist, Hizbut-Tahrir, Salafiy emasman deb videoga tushasan” deyapti, - der ekan Shahobiddin Bozorboev aprel oyida bergan suhbatida bu taklifga ham rozi bo‘lganini, biroq Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, shunda ham pul masalasi hal bo‘lishi aniq emasligini aytishganini ta’kidlagandi.

KICB banki Shahobiddin Bozorboevning pullari muzlatilganini inkor qilmayapti. Jurnalistlarga bergan suhbatida KICB bankining janubiy hududlar bo‘yicha direktori Tursunbek Shakirov uning pullari bankda saqlanayotganini va qorasuvlik yigit bu masalada tegishli idoralarga murojaat qilishi kerakligini aytgan.

Shahobiddin bu masalada yordam so‘rab Qirg‘iziston prezidenti, Bosh Prokuroriga murojaatnoma yo‘llagan. Biroq bundan ham naf chiqmagan. Qorasuv shahar hokimiyati esa unga shahar hokimligi oldida tinchlik mitingi o‘tkazishga ruxsat bermagan. Shahobiddin Ozodlik muxbirining: “Nega sizni taqiqlangan diniy tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilishayapti?” degan savoliga mana bunday javob bergan edi:

- 2013 yilda Hizbut-Tahrirga a’zolikda gumon qilib, uyimda tintuv o‘tkazishgan. Men o‘shanda og‘zaki va yozma shaklda Hizbut-Tahrir a’zosi emasman, deb aytib berganman. Qorasuv tuman sudi menga chiqarilgan 1 yil shartli jazo chorasini 6 oydan keyin bekor qilib, meni oqlagan. Pul mojarosida shu masala ham ko‘tarildi, biroq oqlanganim to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rsatsam, ular o‘tmayapti, - degandi Shahobiddin Bozorboev.

Shahobiddin hibsdan 11 iyun kuni ozod qilinishi kutilyapti.

XS
SM
MD
LG