Линклар

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Bobur nomidagi o‘zbek akademik drama teatri sahnaga olib chiqqan yangi spektakl «Ona yuragi» deb nomlangan. Unda diniy oqimlar da’vatiga uchib, Suriyaga yo‘l olgan yigit taqdiri, uning xonadoni fojiasi haqida so‘z boradi.

Kuni kecha, premyera oldidan, asar mutaxassislar e’tiboriga havola qilindi va ijobiy baholarga sazovor bo‘ldi.

Rasmiylar hozirgacha kamida 500 fuqaro Suriyada har xil guruhlar saflarida ekanini aytmoqda. Aqidaparast ota-onalar o‘zlari bilan yuz nafar yosh bolalarni olib ketgani haqida xabarlar bor.

“Spektakl toshkentlik dramaturg Mahmudjon Komiljonov asari asosida qo‘yildi. Qalamkash dolzarb mavzuni ko‘targan. Turmush qurganiga ikki oygina bo‘lgan yosh yigit qaylig‘ini, onasini, ukalarini tashlab, qay bir kimsalarning so‘zlariga uchib, "jihod", deya Suriyaga ketadi. Bu yoqda chorasiz ona adoi-tamom bo‘ladi”, - deya hikoya qiladi Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek akademik drama teatrining direktori Nabijon Mamajonov.

Asarni sahnalashtirishda Ichki ishlar vazirligining hududiy boshqarmasi rahbarlari konsultantlik qilgan.

"Niyat-xohishimiz – iloji boricha ko‘proq odam, ayniqsa yoshlar, spektaklimizni ko‘rsa va xulosa chiqarsa", - deydi teatr direktori.

Qirg‘iz matbuotiga ko‘ra, turli yo‘llar bilan Suriyaga ketayotgan fuqarolar safi keyingi oylarda biroz ozaygan bo‘lsada, hali ham tashvishli oqim to‘xtamagan.

Mahalliy jamoalar kim qanday yashayotgani, kim qaerga ketayotganidan voqif. Ayni paytda xavotirli ko‘rinishga qarshi kurash bilan asosan huquq-tartibot tizimlari mashg‘ul. Jamiyat odatda notinch xonadonlarning sarguzashtlarini muhokama qilish bilan cheklanadi. Ommaning jiddiy munosabati, qat’iy harakatlari sezilmaydi.

Teatrning direktori Nabijon Mamajonov fikricha, bu hol, ya’ni jamiyat loqaydligi, beparvoligi katta muammo.

"Din arboblari tushuntirish ishlarida faol bo‘lishsa edi. Aslida jihod nima, tanimagan-bilmagan bir begunoh odamga, birodarga qurol o‘qtalish maqbulmi, bu musulmonning ishimi, bu yo‘l qayoqqa olib boradi – yaxshilab tushuntirilsa edi. Bu muhim savollar. Afsuski, savodli odamlar sust", - deydi suhbatdosh.

Spektaklda bosh rolni Qirg‘iziston xalq artisti Oytoji Shabdonova ijro etmoqda. Aktyor ona kechinmalarini chuqur his qiladi.

"Ona ikki o‘tning o‘rtasida – u farzanddan kecha olmaydi, lekin jigarbandi qilayotgan ish dilini tilka-pora qiladi, yuragini yondiradi, vujudini qaqshatadi", - deydi xalq artisti.

Farzand tarbiyasida hammamiz – ota-ona, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y – hushyor bo‘lishimiz lozim, g‘aflatda qolmaylik, deya xulosa qiladi Oytoji Shabdonova.

"Amerika ovozi" radiosi

XS
SM
MD
LG