Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:46

Ucell: SIM-kartalardan “g‘ayriqonuniy foydalangani” uchun abonent javobgar


O‘zbekistondagi uyali telefon shirkatlari o‘z abonentlarini SIM-kartalarini begona qo‘llarga bermaslik, ulardan g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanganlik uchun javobgarlik esa raqam egasining zimmasida ekanligi haqida ogohlantirmoqda.

Mamlakatdagi yirik uyali telefon operatorlaridan biri Ucell o‘z mijozlariga quyidagi mazmundagi ogohlantiruv SMS maktublarini jo‘natdi.

Ucell tarafidan yuborilgan SMS matni.
Ucell tarafidan yuborilgan SMS matni.

“Hurmatli Abonent, eslatib o‘tamiz, Siz o‘z nomingizga olingan abonent raqamlari va ulardan g‘ayrihuquqiy maqsadlarda foydalanganlik uchun mas’ulsiz”, - deyiladi Ucell abonentlariga jo‘natilgan maktubda.

Abonent raqamlaridan g‘ayrihuquqiy foydalanish deganda nima nazarda tutilyapti?

Ozodlikning bu savoliga Ucell shirkatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili Kamola Ikromova shunday javob berdi:

- Hozir ko‘ryapsiz, har xil diniy oqimlar ko‘payib ketyapti, birovdan pul so‘rash ko‘payib ketyapti yoki kimgadir telefon orqali kerak bo‘lmagan gaplarni yozishlar bo‘lyapti. Bu narsalar hammasi kuzatiladi. Shuning uchun agar nomingizda qanaqadir raqam bo‘lsa birovga, ya’ni begona qo‘llarga bu raqam tushmasligi kerak, faqat siz tomondan ishlatilishi kerak shu SIM-karta. Agar begona shaxs sizning raqamingizdan qanaqadir noqonuniy ravishda qanaqadir xatti –harakatlarni amalga oshirsa bunga siz javobgar bo‘lishingiz mumkin. Agar SIM-kartani yo‘qotib qo‘ysangiz darrov bu haqda shirkatimizga murojaat qilib, yangisini olishingiz mumkin, - dedi Ucell shirkatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili Kamola Ikromova.

Ucell вакили Камола Икромова билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonda uyali telefoni xotirasida Qur’on oyatlarini saqlab, ularni boshqalarga tarqatgan shaxslar diniy ekstremizm va aqidaparastlikni targ‘ib qilganlikda ayblanib qamalishi xollari so‘nggi paytda ko‘paydi.

Shu yil aprelida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-bandiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq diniy-ekstremistik materiallarni saqlash jinoyat darajasiga ko‘tarildi.

Qur’on oyatlari va tilovatlarini uyali telefonga saqlash, azonni uyali telefonlar qo‘ng‘iroq tovushi sifatida ishlatish esa O‘zbekistonda urf bo‘lgan.

- Shirkatimiz SIM-kartalardan to‘g‘ri, keraklicha foydalanishingiz tarafdori. Qanaqadir ortiqcha harakatlar bizning shirkatimiz SIM-kartalari vositasida amalga oshirilishi kerak emas. Telefon raqami yaxshi niyatlarda, yaxshi xabarlarni aytish uchun qo‘llanilishi lozim, ortiqcha, davlatga zarar keltiradigan sabablar uchun qo‘llanilishi kerak emas, - deydi Kamola Ikromova.

Shuningdek, uyali telefon orqali birovlarning shaxsiy hayotiga daxldor videolarni ularning iznisiz tarqatish, shantaj qilishlar O‘zbekistonda ommalashgani aytiladi.

Toshkentlik Ucell mijozi Jamshid uyali telefonlarni suiiste’mol qilishlar ko‘payganini tasdiqlaydi.

- Keskir pichoqdan yaxshilik uchun ham, yomonlik uchun ham foydalanish mumkin, deyishadiku. Uyali telefon ham shunday. Hozir kimnidir eri o‘ynashi bilan yurganini telefonga olib, tarqativorishlar ko‘p bo‘lyapti, oqibatda oilalar buzilib ketyapti. Telefon orqali tahdidlar qilinyapti, tuxmat gaplar yozilyapti, telefonlardan shantaj qilish maqsadlarida foydalanilyapti. Hozir uyali telefon shirkatlari ham buni tushunyapti va bular uchun javobgarlikni o‘zidan soqit qilyapti, - deydi Jamshid.

O‘zbekiston SIM-kartalardan g‘ayriqonuniy foydalanishning yana bir turi GSM terminatsiya deb ataladi.

SIM kartalardan VoIP telefoniyani mobil telefonlarga bog‘lab, chet el bilan gaplashish xizmatini yo‘lga qo‘ygan bir nechta guruh O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

Toshkentlik Internet telefoniya sohasi mutaxassisi Umid Solievga ko‘ra, O‘zbekistonda kimdir chet eldagi tanishlari bilan telefonda arzonroq gaplashish¸ kimdir esa tijoriy maqsadlarda SIM kartalarni suiste’mol qilish bilan shug‘ullanadi.

- Bunaqa odamlar o‘nta, o‘n beshta odam nomiga olingan SIM-kartalardan pul qilyapti. VoIP telefoniyani mobil telefonlarga bog‘lab, chet el bilan gaplashish xizmatini yo‘lga qo‘yishgan. Bu esa uyali telefon shirkatlari uchun zarar. Shuning uchun shirkatlar o‘z mijozlariga SIM-kartalarni begonalarga bermanglar, deb qattiq ogohlantiryapti, - deydi Umid Soliev.

Интернет телефония эксперти Умид Солиев билан суҳбат.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:22 0:00
Бевосита линк

O‘zbekistonda abonentlar SIM-kartalarni pasportini ko‘rsatib oladi.

Bundan tashqari mijoz uyali telefon shirkati bilan shartnoma ham imzolaydi.

Ucell shirkatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili Kamola Ikromova o‘z mijozlarini shirkat bilan imzolagan shartnomaga amal qilishga chaqiradi.

- Shirkatdan raqam olayotganda abonent bilan shartnoma imzolanadi. Shu shartnomada raqam orqali amalga oshiriladigan barcha harakatlarga aynan abonent mas’ul, boshqa uchinchi shaxs emas. Shirkatni sizning SIM qartangiz boshqani qo‘liga tushib qolgani qiziqtirmaydi. Chunki raqam sizni nomingizga olingan. Siz va shirkat, o‘rtada esa shartnoma bor. Biz mijozlardan shartnoma shartlarini batafsil o‘qib chiqishni tavsiya etamiz, - deydi Ucell shirkatining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili Kamola Ikromova.

O‘zbekiston mobil telefonlardan foydalanish shiddat bilan ortib borayotgan davlatlar sirasiga kiradi.

O‘zbekistonda mobil aloqalaridan foydalanuvchilarning soni 22 milliondan oshib ketgan.

Mamlakatda beshta mobil aloqa operatori faoliyat yuritmoqda. Bular Rossiyaga qarashli Beeline va UMS (MTS shirkati), Ucell, milliy Uzmobile operatori va Perfectum Mobile o‘zbek kompaniyalaridir.

XS
SM
MD
LG