Линклар

logo-print

Kadishev bozoridan aynigan go‘sht xarid qilgan amaldorning g‘azabi ortidan dushanba tongida bozorni Soliq qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologiya stantsiyasi vakillaridan iborat maxsus guruh bosgani xabar qilinmoqda. Natijada, o‘nlab go‘sht sotuvchi bozordan chiqarilgan, qo‘shimcha go‘sht rastalari esa buzilgan. Buni tasdiqlagan bozor ma’muriyati xabarning "aynigan go‘shtdan g‘azablangan amaldor" qismini inkor qilib, tekshiruvni ShHT sammitiga tayyorgarlik bilan bog‘ladi.

Aynigan go‘sht mojarosi?

Xalq orasida "Kadishev bozori" nomi bilan tanilgan "Aviasozlar dehqon bozori"ning dushanba kuni yarim kunga yopilib qolishiyu buning ortidan "bozor ko‘chirilayapti" degan vahima sabablarini surishtirgan AsiaTerra blogi jurnalisti aynigan go‘sht O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisining amaldor do‘stlaridan biriga sotilgani to'g'risida yozdi:

Surat AsiaTerra blogidan olindi

Surat AsiaTerra blogidan olindi

"Sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, 6 iyunga o‘tar kechasi bozorga O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiev yetakchiligidagi nazoratchilar guruhi kelgan. "Aytishlaricha, butun mash-masha soliq vazirining do‘sti bo‘lgan bir amaldorga qaysidir qassob aynigan go‘sht sotgani va keyin u odam arz qilganidan boshlangan", dedi bozordagi sut sotuvchilardan biri. Ayni shu versiyani bozordagi yana bir necha odamdan eshitdim va ular Parpievni "soliq vaziri" deb atashdi", deb yozdi AsiaTerra blogi.

Natijada, erta tongdan bozorni bosgan nazoratchilar guruhi go‘sht rastalarini tekshirgan va talabga javob bermagan sotuvchilarni mahsulotlariga qo‘shib, bozordan chiqarib yuborgan.

ShHT sammitiga tayyorgarlik

Ko‘plab mustaqil jurnalistik surishtiruvlari bilan tanilgan Aleksey Volosevich blogidagi bu maqola ortidan bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban "Aviasozlar dehqon bozori" ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi xabarni qisman tasdiqladi.

Undan olingan ma’lumotga ko‘ra, haqiqatda ham dushanba tongida Toshkent shahar soliq va sanitariya-epidemiologiya stansiyasi hamda bir qator mas’ul idoralar vakillaridan iborat nazoratchilar guruhi bozorni tekshirgan.

Tekshiruvlar natijasida talabga javob bermagan bir necha go‘sht rastasi ko‘chirilgan. Ammo, mas’ul bunga "aynigan go‘sht sotib olgan amaldor arzi" emas, balki Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik doirasida shahar hokimiyatidan tushgan buyruq sabab bo‘ldi, dedi:

"Bizga shahar hokimiyatidan ShHT yig‘ilishi munosabati bilan dislokatsiyasi bo‘lgan-bo‘lmaganlarning hammasi yig‘ishtirilsin, degan xat kelgan. Palatkalar, xolodilniklar olindi. Statsionar tochkalar qoldirildi, qolgan vaqtinchalik qurilmalar hammasi olindi. Endi bu yerda ham xavfsizlik, keyin sanitariya holatini tartibga olish masalasi ham bo‘ldi", dedi bozor ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan vakili.

Arzon go‘sht rastalari buzildi

Sotuvchilar "soliq vaziri" deb atagan Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpievning bozorga tashrifi haqidagi ma’lumotlarni esa mas’ul inkor qildi:

"Parpiev kelganlari yo‘q, nazorat organlari doimiy ravishda kelib, vaziyatni o‘rganib ketishyapti. Bilmadim, qaerdan chiqqan bu ma’lumot, unaqa ma’lumotning o‘zi yo‘q. Yana aytaman, hokimiyatning topshirig‘i bilan ko‘chma do‘konlar, rastalar olindi. Shahar hokimi ruxsati bilan arzon mahsulotlar chiqariladigan, dislokatsiya bilan keladigan mahsulot sotiladigan rastalar vaqtincha olindi, hammasi. Hozir go‘sht faqat do‘konlar - statsionar do‘konlarda qolgan", deb ta’kidladi mas’ul.

Garchi, bozor ma’muriyati "amaldorga sotilgan aynigan go‘sht" mojarosini inkor qilsa-da, ammo kutilmagan "Sanitariya kuni"da aynan go‘sht rastalarining tekshirilganiyu buzilgani AsiaTerra jurnalistiga so‘zlagan sotuvchilarning gapida jon bor, degan taxminni quvvatlamoqda.

Boshqa bozorlarda tinchlik

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligining ShHT sammitiga tayyorgarlik diorasida bozorlardagi vaqtinchalik qurilmalar va rastalarni ko‘chirishga ko‘rsatma bergani haqida ham hozircha faqat "Aviasozlar dehqon bozori"dan ma’lumot oldik. Boshqa bozorlarda bunday ko‘chirish yoki buzilishlar bo‘layotgani haqida hozircha xabarlar yo‘q. Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ga a’zo davlat rahbarlarining navbatdagi oliy darajali uchrashuvi esa 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat

Xalq orasida "Kadishev bozori" deb tanilgan "Aviasozlar dehqon bozori" dushanba - 6 iyun kuni kuni ertalab ogohlantirilmagan tarzda yopib qo‘yildi. Sotuvchilar bozor darvozasidagi "Sanitariya kuni" deb yozilgan e’lonni ko‘rib, bozor buzilishi boshlandi, degan vahimaga tushdilar. Ijtimoiy tarmoqlar va qator Internet nashrlarida Kadishev bozoridan olindi, deya berilgan bir necha buzilgan rasta surati esa vahimani kuchaytirdi.

Kadishev baribir buziladi

2014 yilning oktyabrida Toshkent shahar hokimligi "Aviasozlar dehqon bozori", bundan tashqari, "Oloy", "Mirobod", "Navro‘z", "Sirg‘ali", "Yunusobod" bozorlari ham rekonstruksiya qilinishini ma’lum qilgan.

Bir necha oy muqaddam esa "Aviasozlar dehqon bozori" to‘liq buzilib, uning o‘rnida 4 qavatli yangi gipermarket ochiladi, degan ovozalar tarqaldi va bu sotuvchilar orasida hanuz savdo nuqtasini yo‘qotib qo‘yamiz, degan xavotirni kuchaytirmoqda.

Ma’muriyat esa bozor buzilishi kutilayotganini tasdiqlagan, ammo uning o‘rnida gipermarket qurilishiga oid ovozalarni inkor qilgan.

Ko‘kat bozori

"Aviasozlar dehqon bozori" Toshkentda 1966 yilda bo‘lgan dahshatli zilziladan so‘ng ochilgan. O‘shanda Toshkentga sobiq ittifoq respublikalaridan ko‘plab quruvchi, hasharchi va ishchi-mutaxassislar kelgan, ularning ma’lum qismi Chkalov aviazavodida ishlagan.

Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Surat ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Ishchilar uchun zavod yaqinida Lisunovo massivi qurilgan hamda bu shaharcha uchun maxsus "Aviasozlar" bozori ochilgan edi. Vaqt o‘tishi bilan bozor kengaydi va 2000 yillarga kelib, uning nomi "Aviasozlar dehqon bozori" deb o‘zgartirildi.

Hozirda bozorning toshkentliklar orasida qadrlangan jihati uning ikki qavatlik pavilyoni ichida sotiladigan ko‘katlaridir. Xaridorlar yangi uzilgan va xilma-xil ko‘katlar, sabzavotlar uchun ko‘proq shu bozorga qatnaydi.

XS
SM
MD
LG