Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:50

“Hokimiyat bugun o‘qituvchini eshak qilib minib olgan”


Quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan blog muallifi farg‘onalik maktab o‘qituvchisi. 35 yashar muallim, o‘zbekistonliklarning aksariyati tushunadigan sabablar tufayli, Ozodlik sayti uchun yozgan blogi ostiga o‘z ism-familiyasini yozishga jur’at qilmadi. Muhimi bu emas, muhimi Karimjon Teshaevning (taxallus) blogida ko‘tarilgan muammo allaqachonoq jamoatchilik e’tiboriga muhtojligidir.

***

Men o‘qituvchi sifatida maqolamni, avvalo, prezidentimiz Karimovning asarlaridan yoki uning xikmatli so‘zlaridan misollar keltirib boshlashim kerak edi.

Bo‘ldi, yetar, bu an’anani buzishga qaror qildim. Sabab deysizmi? Sabab oddiy. O‘qituvchi bo‘lganimdan bugun afsusdaman. Undan ko‘ra bir oddiy sartaroshmi, etikdo‘zmi, somsapazmi bo‘lsam yaxshiroqmidi, deb ko‘p o‘ylayman.

Chunki o‘qituvchi bugun jamiyatning eng obro‘siz va qashshoq qatlami bo‘lib qoldi.

Cho‘ntagi quruq ustoz Mamarayim,

O‘quvchisidan pul so‘rar doim,

bo‘lib qoldik bugun.

Qarang endi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da o‘qituvchilarning vazifasi jamiyatimizdagi o‘sib kelayotgan yoshlarni siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy bilimli, faol qilib tarbiyalashdan iborat, deb ta’kidlangan. Amaldachi?

Amalda esa bu qonun va dasturlar ustidan chizib tashlangan, yoshlarning siyosiy-ijtimoy va iqtisodiy faolligi falajlantirilgan.

Biz, o‘qituvchilar, fikr deb atalgan vaznsiz asbobdan umrbod foydalanamiz. O‘zimiz import qilgan bilimlarni eksport xam qilish qudratiga ega shaxslarmiz.

Shuning uchun ham davlat bizga xaq to‘laydi. Fikriy xaq, moddiy xaq evaziga beriladi. Bizning vatanga va xalqqa qilgan xizmatimiz tarozida o‘lchanmaydi. Chunki ta’lim-tarbiya miqdorini, shaklini o‘lchovchi tafakkurni biz o‘lchashga qodir emasmiz.

Shuning uchun xam bolalarimizga o‘qish va yozish, bilim olish ne’matini berib minglab yosh murg‘ak qalblarga quvonch beramiz. Ammo bizning tafakkurimizdagi ozgina buzuqlik, norozilik kelajakda millionlab kulfatlar olib kelishi muqarrardir. Buni hukumat bilsa-da bilmaslikka yoki ko‘rib turib, ko‘rmaslikka oladi.

Biz sirlar ustida o‘ylab qolamiz va u sir bo‘lmay qoladi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning siri uning sirsizligidadir. Chunki sirlangan metall xech qachon zanglamaydi. U xali to‘lig‘icha shakllanmasdan, ishlab bo‘lmasdan, jinoyatchilikka va poraxo‘rlikka, tamagirlikka, majburiy mehnatga asoslangan ta’lim bo‘lib qoldi, natijada ichidan va tashidan darz ketdi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasiga binoan ta’lim muassasalarini mahalliy hokimiyat tiriklay ko‘mib, ustidan qum tortib, janozasini o‘qib bo‘lgan.

Mana o‘qituvchini mardikor qilib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan jumla: “Qonun xujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni xam amalga oshiradilar.”

Aynan ushbu jumla o‘qituvchilarning sho‘r peshonasiga chiqqan chipqondir. Hokimiyat o‘qituvchini bugun eshak qilib minib olgan, u barcha jabru sitamlar, xo‘rliklar sababchisi.

“Axir bizning dunyo – bu shunchaki aksimizni ko‘rsatuvchi oynaku.”

Soddaroq qilib tushuntirsam, bizning ta’lim qora doskaga yozilgan mavzu, lekin xali rejasi bitilmagan darsdir. Reja qanday bo‘lishini o‘qituvchi xam o‘quvchi xam va ta’lim vazirligining o‘zi xam bilmaydi. Yaxshiroq tushunishingiz uchun dars:

Mavzu: Taraqqiyotning O‘zbek modelida ta’limga ongli qarash.

Reja:

Obodonlashtirish.

Obuna.

Metallolom.

Makulatura.

Mavzuni tushunishdagi tayanch so‘z va iboralar:

Paxta

Pilla

Bug‘doy

Saylovlar

Uyga vazifa: “O‘yla izla top”. O‘qituvchining 30 dan ortiq majburiyatlarini yozib keling.

Men o‘qituvchining hokimiyatga tekin ishlab berishga majbur qiladigan sakkizta majburiyatini yozdim, xolos. Qolganini topish sizdan. Ana shundan keyin suhbatimizni yana davom ettiramiz.

Bizning aksimiz- bu shunchaki ta’lim darsimiz,

Bizning darsimiz- bu shunchaki bizning aksimiz.

Karimjon Teshaev, maktab o‘qituvchisi.

XS
SM
MD
LG