Линклар

Farg‘onalik ayol erining o‘limida "organ xodimlarini" ayblayapti


Solijonovaga ko‘ra, eri bog‘dagi daraxtga o‘zini osib o‘ldirgan.

Solijonovaga ko‘ra, eri bog‘dagi daraxtga o‘zini osib o‘ldirgan.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Yakkatut qishlog‘ida yashovchi Nodira Solijonovaning iddaosicha, eri G‘iyosiddin Isomiddinov "organ xodimlarining qiynog‘idan so‘ng" o‘z joniga qasd qilgan. Solijonovaning OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilib aytishicha, tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limida 10 yil davomida ishlab kelgan eri 29 aprelь kuni o‘zini bog‘dagi daraxtga osib o‘ldirgan.

51 yashar Nodira Solijonovaga ko‘ra, joriy yil aprelida prokuratura xodimlari uning eri, 55 yashar G‘iyosiddin Isomiddinovni noqonuniy ravishda yer sotish bilan shug‘ullanganlik va buning evaziga 15 ming dollar pora olganlikda ayblab jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Solijonovaning iddaosiga ko‘ra, "organ xodimlari bu ayblovni erining bo‘yniga qo‘yish uchun unga nisbatan qiynoq qo‘llagan" va shu qiynoqlar hamda soxta ayblovlardan so‘ng eri o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan:

- Prokuraturaga olib ketishgach, ertasi kuni qarindoshlarim borib xo‘jayinimni Yaypandan olib kelishdi. Turmush o‘rtog‘im kelgan payti tushkun holatda edilar. “Ha, dadasi, sizga nima bo‘ldi”, desam, so‘kinib, achchiqlari kelib “O‘zimdan kichkina bolalar meni urib, majbur qilib, qilmagan ishimga qo‘l qo‘ydirdi. Boshimga dubinka bilan urdi”, dedi. “Yer sotib, puliga mashina olgansan” deb urib, oyoqlarini ko‘kartirib yuborgan. Qo‘llari ko‘kargan. Kaftlariga urgan, qo‘l qo‘yasan deb. Stolga cho‘kkalatib o‘tqazib, oyoqlarini teskari qilib, dubinka bilan shunaqa uribdi deng, ko‘karib ketibdi. “Ular menga tuhmat qilib, shunday ahvolga soldi”, deb shunaqa g‘alati ahvolda keldi. Ko‘rib yig‘lab yubordim,- deydi Nodira Solijonova.

Suhbatdoshga ko‘ra, ushbu voqeaning ertasiga eri uyi yonidagi boqqa chiqib, o‘zini meva daraxtiga osib o‘ldirgan. Solijonova erining o‘limida prokuratura xodimlarini ayblab, uni qiynoqqa solganlarni jazolashni so‘rab, tegishli joylarga shikoyat arizasi topshirganini aytadi:

- Prokuraturaga olib ketgan yigitlarni ayblayman birinchi o‘rinda. Bir sutkada urib ezib tashlasin degan qonun hech qaerda yo‘qku?! Mening erimni shu ko‘yga solmaganida, aqli-hushi joyida bor odam mana shunaqa ishni qilmasdi. Nimaga endi o‘zini o‘zi osadi? O‘sha kuni rosa g‘azabda keldi. “Bolam tengqur bolalar meni bog‘lab qo‘yib, savaladi”, - dedi.

Nodira Solijonova bilan suhbatni to‘liq ravishda quyida tinglashingiz mumkin:

Ozodlik Nodira Solijonova tilga olgan iddaolarni huquq-tartibot idoralaridan tasdiqlatish imkoniga ega bo‘lmadi.

---------------------------------------------------------------------------------------------------
Muhim eslatma: OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr-mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG