Линклар

O‘zbekistonda terrorchilarning qarindoshlarini ham jinoiy javobgarlikka tortish taklif etildi. Namanganda ukasining xotinini zo‘rlamoqchi bo‘lgan aka qo‘lga olindi. Quyichirchiq tuman bosh arxitektori tadbirkordan pora talab qilgani uchun hibs etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

O‘zbekistonda terrorchilar bilan birga ularning qarindoshlarini jinoiy javobgarlikka tortish taklif etildi

2005 yili Andijon voqealarida ishtiroki uchun ozodlikdan mahrum etilgan toshkentlik 45 yoshli Dilmurod Saidovning jiyani tog‘asidan voz kechish niyatida (“Darakchi”, 9 iyun). Qayd etilishicha, D. Saidovning jiyani, ya’ni opasining o‘g‘li Shavkat O‘tbosarov “akromiylar” guruhiga mansub tog‘asi bois Qurolli Kuchlar safida xizmat qilish huquqidan mahrum bo‘lgan. Bundan ranjigan jiyan onasidan mahkum ukasidan voz kechib, familiya va ota ismini o‘zgartirishga qat’iy undamoqda. Xabarga ko‘ra, bunga qadar D. Saidovning rafiqasi ham eridan ajrab, boshqa kishiga turmushga chiqqan.

Maqolada bir yilcha avval Chechenistonda terrorchilar va ularga hamkorlik qilgan qarindoshlariga nisbatan jazoni kuchaytirish haqida qonun loyihasi tayyorlangani eslatiladi. “Biz uchun ham terrorchilar bilan birga ularning qarindoshlarini jinoiy javobgarlikka tortish vaqti kelmadimikan?” deb yozadi “Darakchi” nashri.

Namanganda ukasining xotinini zo‘rlamoqchi bo‘lgan aka qo‘lga olindi

Joriy 18 may kuni Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Sharq yulduzi qishlog‘ida mudhish jinoyat ro‘y berdi (“Postda”, 4 iyun). Shu qishloqda yashovchi fuqaro uyda yolg‘iz qolgan ukasining xotinini zo‘rlamoqchi bo‘lgan, kelinchak jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatgach, uni bo‘g‘ib o‘ldirgan. So‘ng ayolning tilla ziraklarini yechib olib, qochib ketgan. Qayd etilishicha, bu paytda marhumaning turmush o‘rtog‘i, ya’ni qotilning ukasi Xorazmda safarda bo‘lgan. Ukasining rafiqasi joniga qasd qilgan akaning jinoyati “Reks” laqabli kinolog it yordamida ochilgan. Ismi oshkor etilmagan jinoyatchi qo‘lga olinganida, qilmishiga iqror bo‘lgani xabar qilingan.

Uchta viloyatda ro‘y bergan uchta poraxo‘rlik

Bosh prokuraturaning “Huquq” nashri joriy yil 9 iyun sonida mamlakatning uchta viloyatida ro‘y bergan poraxo‘rlik jinoyatlari xususida xabar berdi.

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani bosh arxitektori tadbirkordan pora talab qilgani uchun qo‘lga olingan. Bosh me’mor Toshovul qishlog‘ida do‘kon va guzar qurish uchun yer so‘rab murojaat qilgan tadbirkordan ishni hal qilish uchun 500 dollar pora talab qilgan. Tamagir jinoyati uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada 32 yildan buyon okulist bo‘lib ishlagan shifokor ham poraxo‘rligi uchun sudning qora kursisiga o‘tirdi. Ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan ayol nogironlik nafaqasi olish uchun shifokordan xulosa yozib berishni so‘ragan. Shifokor esa buning evaziga bemor ayoldan 500 dollar pora talab qilgan. 32 yillik stajga ega ko‘z shifokori poraning bir ulushi – 100 dollarni olayotganda qo‘lga tushirilgan.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi mahalla raisi esa 2 yoshgacha farzandiga nafaqa tayinlashni so‘rab murojaat qilgan fuqarodan ishni bitirish uchun 300 ming so‘m pora talab qilgan. Ismi oshkor etilmagan mahalla raisi ham qo‘lga olinib, tegishli jazoga tortilgan.

XS
SM
MD
LG