Линклар

logo-print

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 9 iyun kuni Tehronda Eron va Suriya mudofaa vazirlari bilan uchrashdi.

Rossiya mudofaa vaziri muovini Anatoliy Antonovning bildirishicha, uch tomonlama muzokaralar Suriyada “Islomiy davlat” va Al-Qoidaga aloqador “Jabhatan-Nusra”ga qarshi kurashda uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Antonovga ko‘ra, Rossiya mudofaa vaziri Shoygu payshanba kuni suriyalik hamkasbi Fahd Josim al-Forij hamda eronlik hamkasbi Husayn Dehqon bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazgan.

Muzokaralardan so‘ng Eron mudofaa vaziri har uchchala mamlakat “barcha terror guruhlari”ga qarshi og‘ishmay kurash olib borish qarorida qat’iy ekanini ta’kidladi. Husayn Dehqonga ko‘ra, bu maqsadga mazkur guruhlarni siyosiy dastakdan mahrum qilish va ularga kelayotgan qurol-aslahaning yo‘lini kesish orqali erishish mumkin.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Saudiya yetakchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi tomonidan mo‘’tadil muxolifat guruhlari deb qaraluvchi Suriyadagi ayrim fraktsiyalar Moskva, Tehron va Damashq tomonidan “terrorchi guruh” o‘laroq tamg‘alangan.

Eron va Rossiya Suriya prezidenti Bashar Asadning asosiy ittifoqchilari bo‘lib hisoblanadi. Eron Asad rejimini dastaklash uchun Suriyaga harbiy maslahatchilarini yuborganini aytib keladi. Rossiya esa o‘tgan yil sentyabridan beri besh yillik urushda boy berilgan hududlarni qaytarib olishda Asad qo‘shinlariga havodan dastak berib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG