Линклар

O‘zbek futbol fanatlarining asosiy sayti hisoblangan UFF.uz sayti yopilganidan bir hafta o‘tib FUT.uz nomi bilan boshqa domenda qayta ochildi. UFF.uz-ning berkitilishiga saytning izohlar bo‘limida O‘zbekiston Futbol federatsiyasi faoliyatining keskin tanqid qilinishi hamda federatsiya rahbariyati sha’niga bitilgan haqoratli so‘zlar sabab bo‘lgani aytilgandi.

“Paxtakor” futbol klubining ashaddiy ishqibozlaridan biri oxirgi paytlarda UFF.uz saytida nazorat qolmagani va raqib klublar ishqibozlarining bir-birini haqorat qilish maydoniga aylangani haqda yozgandi.

“Men o‘zi bor yo‘g‘i ikkita sport saytini o‘qiyman. Biri mana shu uff.uz sayti. Yaxshi sayt edi, o‘qisa bo‘lardi. Lekin sayt kontrol qilishi kerak registratsiyadan o‘tgan har bitta odam yomon so‘zlar yozmasligi uchun. Bitta odamni nazorat qilaman deb, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi saytni berkitib qo‘ygan shekilli. “Chempionat Aziya” sayti to‘g‘ri qiladi, bitta haqoratli sharh yozdingmi, tamom, darov blok qiladi. Ammo uff.uz saytida so‘kkan odamga hech narsa qilishmaydi, haqorat maydoniga aylangan,” deydi “Paxtakor” muxlisi.

UFF.uz cayti o‘tgan yil O‘zbekistonda "Sport" yo‘nalishi bo‘yicha "Yilning eng yaxshi sayti", deb tan olingan edi.

Sport sohasini yaqindan kuzatib boruvchi yana bir jurnalist UFF.uz ni oxirgi o‘n yilda eng ko‘p maqolalar va xabarlar berib kelayotgan sayt bo‘lganini aytadi.

“Babayan boshchilik qilayotgandan beri TVdagi ikki ko‘rsatuv, bir necha jurnalist ishdan ketdi, endi sayt..” dedi ismini oshkor etishni istamagan bu jurnalist.

O‘tgan yil 1 dekabrida "Sport" telekanalidan "Sokker klub" va "Futbol sharhi" ko‘rsatuvlari efirdan olib tashlangan, ko‘rsatuv boshlovchi va mualliflari ishdan bo‘shatilgan edi.

Bunga ko‘rsatuvda O‘zbekistondagi futbol jamoalari o‘rtasida "kelishilgan o‘yinlar" va totalizatorga pul tikishdagi qallobliklarning fosh etilishi sabab bo‘lgani aytiladi.

UFF.uz sayti berkitilishi barobarida sport yo‘nalishidagi bir necha saytdan sharh va izohlar bo‘limi olib tashlangan.

Futbolga ixtisoslashgan yana bir veb sayt - chempionat.asia fikrlar bo‘limiga yangi ilovalarni qo‘shgan.

“3 kunlik profilaktika ishlaridan so‘ng, saytimizning fikrlar bo‘limi yana ishga tushdi. Saytdagi ayrim texnik imkoniyatlar mukammallashtirildi. Fikr qoldirish xavfsizlik tizimi ustida ish olib borildi," deb yozadi chempionat.asia.

Ushbu sayt o‘z o‘quvchilarini izoh qoldirarkan tartibli bo‘lishga chaqirgan

"Endi saytda haqorat qilgan, futbol mavzusidan chetga chiqqan, ikki jamoa muxlislari o‘rtasidagi "sen-men"larga chek qo‘yiladi. Hech qanday vaziyatda "blok" bo‘lgan o‘quvchiga "niki"ni tiklash imkoniyati berilmaydi. Shuning uchun, sizlardan tartibli bo‘lishingizni iltimos qilamiz," deya ogohlantiradi shempionat.asia.

XS
SM
MD
LG