Линклар

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimi Bahromjon Jumanov fermerlarni avtobusga chiqarib, ularning dalalarini tekshirish tadbirini o‘tkazdi. Bu tadbir guvohlariga ko‘ra, hokim qaysi fermerning dalasidan kamchilik topsa tuman prokurori va militsiya boshlig‘i bilan birgalikda avtobusning ichida fermerlarni do‘pposlab, haqorat qilgan.

Qo‘shtepa tumani hokimi Bahromjon Jumanov yaxshi ishlamagan fermerlarni o‘ziga xos jazolash tadbirini o‘tkazdi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, o‘n kun burun hokim tumanning turli hududlaridagi fermerlarni bir avtobusga yig‘ib, ularni dalama-dala olib yurgan.

Voqea guvohlaridan biri bo‘lgan fermerning aytishicha, paxta dalasini o‘t bosgan fermerlar kaltaklangan va haqorat qilingan:

“Fermerlarni avtobusda aylantirib, hamma yerlarini ko‘rib chiqishdi. Bir kun bu hudud, bir kun boshqa hudud fermerlari avtobuslarga qamaldi. Avtobusda hokim, prokuror, militsiya boshlig‘i - uchovi ham bo‘ldi. Agar kimning yerida “ChP” bo‘lsa, haligi uchovlon biri qo‘yib, biri olib fermerni so‘kib, tepkilab avtobusdan irg‘itib yuborishdi”, deydi ismi sir qolishini so‘ragan fermer.

Uning aytishicha, fermer haqorat va tepki bilan jazodan qutulib qolmaydi:

“Kaltak yegan fermerning muammosi bu bilan tugamaydi. Avtobusning ortidan militsiya konvoyi Damasda yuradi. Ular avtobusdan irg‘itilgan fermerni olib, Damasga tiqadi. Yassaviy hududidan Alijon aka degan fermerni shunday qilishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Uni otdelga olib borib qamab qo‘yishdi. Ilgari kuni mazasi qochib duxtur chaqirishibdi. Dumbasidan ukol olganidan so‘ng, chiqarib yuborishdi. Biz bir og‘iz ham gap qaytara olmadik. Chunki gap qaytarilsa jazo bundan ham kuchli bo‘ladi. Gapning ochig‘i qo‘y bo‘lib qoldik, qo‘rqamiz”, dedi fermer.

Ovozini yozib olmaslik sharti bilan gapirgan boshqa fermerning aytishicha, hokimning fermerlarni tahqirlashi oddiy hol bo‘lib qolgan:

“Hokim Bahrom Jumanov fermerlarga o‘z bosimini kuchaytirib, ularni do‘pposlab, tepkilab, kamiga onasidan so‘kmoqda. U fir’avn misoli “hammang menga bo‘ysunishga majbursan, senlarning taqdiringni men hal qilaman”, deb tahdid qiladi. Sud qarorisiz fermerlarni militsiya bo‘limi izolyatoriga qamab qo‘yadi. Men ham “Paxtakor MTP”dan Asqarali degan fermerni, “Yassaviy”dan Murodil degan fermerni hokim urib, haqorat qilganini guvohi bo‘ldim”, dedi fermer.

Ozodlik bu voqeaga munosabat olish uchun Qo‘shtepa tumani hokimligi bilan bog‘landi. O‘zini hokim yordamchisi Solijon deb tanishtirgan mulozim “avtobus” tadbiri o‘tkazilganini tasdiqladi.

Mulozim boshqa savollarga faqat hokimning o‘zi javob bera olishini aytib, Ozodlik telefon raqamlarini yozib oldi. Biroq kun davomida Qo‘shtepa hokimligidan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Ozodlik 8 iyun kuni Farg‘ona viloyati Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirovning fermerni onasidan so‘kkani uchun, kechirim so‘ragani haqida xabar bergan edi.

Shundan so‘ng qo‘shtepalik fermerlardan hokimning urong‘ich va so‘kong‘ichligi haqida shikoyat keldi.

Umuman, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi ko‘p kuzatilmoqda.

Prezident Islom Karimov 2013 yildagi xalq deputatlari Toshkent viloyati sessiyasida so‘zlagan nutqida bu haqda shunday degan edi:

“Bu hokim qo‘l ostidagilarga yuqoridan qarash, mensimaslik, qo‘pol munosabatda bo‘lishni o‘ziga ma’qul topdi. Xalq hamma narsani biladi. Kimnidir majlisda hammani oldida beobro‘ qilish, kuchini ishlatish, kimnidir oborib bir kechaga qamab qo‘yish. E, bu qaysi qonunda yozilgan? Qaerda buni eshitish mumkin? Nimani o‘ylagan bu odam? Xom xayol bilan yurish, bu ochilmaydi deb, shu fikrda yurish, men o‘ylayman, bu kaltabinlik. Musht ko‘taradigan rahbarlardan butunlay voz kechamiz endi”, degan edi Islom Karimov.

Biroq, Prezident Islom Karimovning sessiyalarda qilgan chiqishlarida mushtumzo‘r, so‘kong‘ich va qo‘pol hokimlarga toqatsiz ekanligini bot-bot aytib tursa ham, fermerlarni kamsitish, ularni hokimlar tomonidan so‘kib do‘pposlash holatlari sistemali tus olmoqda.

XS
SM
MD
LG