Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:26

Aqto‘beda davom etayotgan aksilterror amaliyotida yana 5 gumonlanuvchi o‘ldirildi


Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida besh kundan beri davom etayotgan aksil terror amaliyot natijasida juma kuni jangari deb gumonlanayotgan besh kishining o‘ldirildi. O‘tgan hafta oxirida mamlakat shimoli-g‘arbida bir guruh qurollangan yoshlar avval qurol do‘konlariga, keyin esa harbiy qismga hujum qilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Bu esa, tahlilchilar fikricha, Qozog‘istonda amaldagi rejimdan norozi bo‘lgan guruhlar paydo bo‘layotganidan darakdir.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tarqatgan bayonotga ko‘ra, maxsus kuchlar guruhi 10 iyun kuni bir xonadonga bostirib kirgan va to‘rt nafar “terrorchini” o‘ldirgan.

Bayonotga ko‘ra, yana bir erkak ko‘chada politsiyachilarga qarata o‘t ochgan va javob o‘ti natijasida o‘ldirilgan.

Tinch aholi yoki xavfsizlik kuchlari orasida talafotlar yo‘qligi xabar qilinmoqda. Milliy xavfsizlik qo‘mitasining bildirishicha, o‘ldirilganlar 5 iyun xurujiga aloqadorlikda gumonlangan.

Ақтўбедаги ўзбеклар қўрқиб яшамоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:11 0:00
Бевосита линк

Ayni paytda, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi aniq raqami keltirilmayotgan gumonlanuvchilarni qidirishda davom etmoqda, deyiladi rasmiy bayonotda.

Rasmiylar hafta boshida Aqto‘beda amalga oshirilgan xuruj ortida qaysi guruh turganini ochiqlagani yo‘q, faqat ularni “diniy radikal”, deya atagan. Bu atama Qozog‘istonda odatda islomiy jangarilarga nisabatan ishlatiladi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev 8 iyun kuni qilgan chiqishida hujumni uyushtirganlar xorijdan boshqarilgani va qandaydir soxta diniy radikal harakat izdoshlari bo‘lganlarini ta’kidladi. Lekin prezident qaysi guruh haqida gapirayotganini aniqlashtirmadi.

Hujumni amalga oshirgalikda ayblanayotganlardan biri hodislar oldidan Internetda “Islomiy davlat” eksremist guruhiga xayrihox, deb ko‘rilgan videoni e’lon qilgani aytilmoqda.

Qozog‘iston shimoli-g‘arbidagi Aqto‘be shahrida 5 iyun kuni ro‘y bergan hodisalarda bir guruh qurollangan yoshlar avval ikkita qurol do‘koniga hujum qiladi. Keyin hujumchilar shahar avtobusini to‘xtatib, ichidagi yo‘lovchilarni chiqarib yuborishadi va shaharning narigi chetida joylashgan harbiy qismga hujum qilishadi.

30 yaqin odamdan iborat guruh bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik oqibatida o‘sha kuni 17 kishi, jumladan 11 jangari o‘ldirildi. Tinch aholi va xavfsizlik kuchlari xodimlari orasida ham talafotlar bo‘ldi.

10 iyun kuni yana besh jangari o‘ldirilganiga qaramasdan, Aqto‘beda aksilterror amaliyoti davom etayotganini aytmoqda rasmiylar.

Qozog‘istonlik siyosatshunos, Tahklikalarni baholash guruhi rahbari Do‘sim Satpaev so‘nggi voqealar mamlakat ichkarisida amaldagi rejimga nisbatan norozilik kuchayayotganini namoyish qiladi, deya ta’kidlaydi.

- Aqto‘bedagi voqealarni Qozog‘istonda keyingi 5-6 yil, balki undan ham ko‘proq vaqt davomida ro‘y berayotgan hodislar umumiy kontekstida tahlil qilish kerak. Bu birinchi navbatda Qozog‘istonda muayan norozi guruhlar, jumladan radikal yo‘l tutadigan guruhlar paydo bo‘la boshlagani bilan bog‘liqdir. Bu guruhlar endi ochiqchasiga amaldagi siyosiy tizimdan norozi ekanini namoyish qilmoqda,- deydi Do‘sim Satpaev.

Hujumchilar guruhi ko‘pchilik tarafidan noproffesional, deya tasniflanayotgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston xavfsizlik kuchlari ularni tez orada zararsizlantira olmayotgani rasmiy idoralar ular haqida hech narsa bilmasligini ko‘rsatadi, deydi yana siyosatshunos.

- Qozog‘iston huquq tartibot idoralari bunday guruhlar borligi, bo‘lsa ham qanaqa guruhlar ekani to‘g‘risida etarli ma’lumotga ega emas. Chunki so‘nggi paytlargacha bunday guruhlar ochiqchasiga o‘zlarini namoyon qilgan emas. Agar guruh qandaydir shaklda o‘zini namoyon qilgan bo‘lsa, uning moliyaviy manbalari haqida qandaydir tushuncha bo‘lsa, u bilan kurashish osonroq. Lekin qandaydir bir guruh, bir uyda to‘planib olib, o‘z muammolari va hukumatdan noroziligini izhor qilish jarayonida konkret xatti-harakatga o‘tish rejasini ko‘radigan bo‘lsa, bunday guruhni aniqlash qiyin bo‘ladi albatta. Tabiiyki kuch ishlatar idoralar uchun bunday harakatlar kutilmagan bo‘ladi, ya’ni ekstremizmga qarshi kurashda muhim bo‘lgan agentura faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘lmaydi, deydi qozoq siyosatshunosi.

Qozog‘istondagi “Alternativa” nomli dolzarb tadqiqotlar markazi direktori Andrey Chebotaryov ham Aqto‘bedagi voqealar mamlakatda bir-biridan mustaqil bo‘lgan norozilik kuchlari shakllana boshlganidan darakdir, degan fikrni ilgari suradi.

- Bizda o‘z harakatlari, terror xurujlarini muvofiqlashtiruvchi muayan bir eksrtemist guruhi borligiga ishora qiluvchi unsurlar yo‘q. Bu esa maxsus xizmatlar ishini qiyinlashtiradi. Agar bu qanaqadir bitta markazdan boshqariluvchi yirik tashkilot bo‘lganida, balki bu markazni yo‘q qilish orqali uni zararsizlantirish osonroq bo‘lardi. Lekin bu guruhlar tarmoq printsipi asosida harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Aqto‘beda mahalliy ahamiyatga molik hodisa ro‘y bergan bo‘lsa-da, bu hodisalar boshqa mintaqalarda qanday aks-sado berishini oldindan aytish qiyin. Har holda g‘arbiy Qozog‘iston bunday tahlikalarga moyil hisoblanadi, chunki u yerda xususan salafiylik oqimining ta’siri kuchlidir, deydi Chebotaryov.

Siyosatshunos Do‘sim Satpaev iqtidordagi prezidentning yoshi bir joyga borayotgani inobatga olinsa, hokimiyatga ko‘z tikayotgan guruhlar yaqin kelajakda bunday kuchlardan foydalanishi mumkinligidan ogohlantiradi. Bundan tashqari, deya davom etadi u, Oqto‘bedagi voqealar qo‘shni mamlakatlarda ham amaldagi vaziyatdan norozi guruhlarni ilhomlantirishi mumkin.

- So‘nggi yillarda mamlakatlarimizdagi turli radikal guruhlarning uyg‘unlashganiga guvoh bo‘ldik. Mana o‘tgan yili Qirg‘izistonda xususiy uyda bir guruhni bosishdi, ular orasida Qozog‘iston fuqarolari ham bor edi. Darvoqe ular o‘zlarini “Iroq va Shom Islomiy davlati” guruhi filiali, deya taqdim qilgan edi. Lekin bu haqiqatdan yiroq bo‘lib chiqdi. O‘sha voqeada ko‘rdik, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolarining birlashib, radikal yo‘lni tanlaganlarini. Shuning uchun bunday voqealar noprofessionallar tomonidan amalga oshirilganiga qaramasdan, boshqa radikallar uchun o‘rnak bo‘lishi mumkinligi bilan tahlikalidir. Bundan tashqari, “Islomiy davlat” guruhi ham muntazam ravishda bunday xurujlarni amalga oshirishga chaqirib kelayotganini ham inobatga olish kerak,- deydi siyosatshunos Do‘sim Satpaev.

XS
SM
MD
LG