Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:55

"Ramazon hadyasi": Namangan shahrida svet kuniga ikki martadan o‘chirilmoqda


Ozodlikka murojaat qilgan namanganliklarning aytishicha, so‘nggi kunlarda shaharda surunkali elektr tanqisligi kuzatilmoqda.

Ularga ko‘ra, havolar isishi bilan shaharni elektr bilan ta’minlashda uzilishlar kuniga ikki martadan yuz bermoqda.

"Ramazon hadyasi"

Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan Ra’no, u yashagan "Ibrat" mahallasida aholi chiroq yo‘qligidan aziyat chekayotganini aytdi.

"Biz juda qiynalayapmiz - svet yo‘q. Bugunam svet ertalab uch soat o‘chdi. Ro‘zai ramazon kunlarida havo issiq, nafas olib bo‘lmaydi. Svet bo‘lmasa, umuman ventilyator, konditsioner ishlamaydi," dedi Namangandan Ra’no.

U shahardagi qariya va yosh bolalar ahvolidan xavotirda ekanini yashirmadi.

"Hayron qolaman, shunday issiq kunlarda ham, svet yetkazib bera olmasa. Qishda "qishda, o‘chdi," deyiladi. Ha endi shundoq issiq kunlarda, yozdayam svetlarni o‘chiraverishsa qiynab. Biz-ku, o‘rta yashar, chidarmiz. Qariyalar bor, yosh bolalar bor. Ular qanday chidayapti, hayronman," dedi Telegram orqali Ozodlikka bog‘langan Ra’no.

Namanganlik nafaqaxo‘r Olimjon Yo‘ldoshev ​esa elektr ta’minotidagi uzilishlar hukumat tomonidan xalqqa qilingan "ramazon hadyasi," deydi.

"Ramazon hadyasida bu. Svet goh-gohida yonib, goh-gohida o‘chib turipti. Yoz payti, mana Xudoga shukr, endi svetlar bo‘lsa kerak, desak, endi yozdayam svetlar bo‘lib - bo‘lmay qolayapti. Svetam muammo bo‘lib qoldi. Surishtiradigan odamning o‘zi yo‘q," deydi Olimjon Yo‘ldoshev.

"Iste’mol kuchaysa, o‘chirishlar ko‘payadi"

Namangan shahrini elektr bilan ta’minlashga mas’ul elektr tarmoqlar aksionerlik jamiyatining xodimi shaharda so‘nggi kunlarda elektr tarmog‘idagi surunkali uzilishlarni aholining ventilyator va konditsionerlardan "haddan ko‘p" foydalanayotgani bilan izohladi.

Korxona mutassadisining Ozodlikka aytishicha, havolar isishi bilan aholining elektrdan foydalanishi ortgan.

"Hozir kuniga olti soat berib, keyin uch soatdan o‘chirayapmiz. Shahardagi mahallalarda svet navbat bilan o‘chiriladi. Iste’mol kuchaysa, o‘chirishlar ham ko‘payadi," dedi Namangan shahar elektr tarmoqlari mutasaddisi.

Uning bildirishicha, issiq havo odamlarni konditsionerlardan ko‘proq foydalanishga majburlaydi, bu holat, o‘z navbatida, elektr tarmog‘idagi kuchlanishni keltirib chiqaradi va generatorlar faoliyatiga zarar etkazadi.

Buni oldini olish maqsadida elektr energiyani ta’minlash markazidan ma’lum vaqtlarda uzib qo‘yishga to‘g‘ri kelayapti, dedi Namangan shahar elektr tarmoqlar aktsionerlik jamiyati mulozimi.

U elektrni tejash qarori shoshilinch tarzda qabul qilingani bois, shahar aholisini ogohlantirish imkoni bo‘lmaganini bildirdi.

Namangan shahri elektr energetikasini nazorat etuvchi mas’ullardan biri esa elektrni tejash hukumat buyrug‘iga muvofiq olib borilayotganini ma’lum qildi.

May oyi oxirida O‘zbekiston iqtisodiyot vazirligi mamlakatda 2016 yilda 500 million kilovat soat elektr energiyasi iqtisod qilib qolish rejalashtirilayotganini e’lon qilgandi.

Vazirlikka ko‘ra, energiyadan foydalanish hajmini ozaytirishga qaratilgan uch yillik dastur so‘ngida O‘zbekiston 540 million kilovat soat elektr energiyasini tejab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qimmatga tushgan siyosiy qaror

O‘zbekiston 6 yil muqaddam Markaziy Osiyo energetika tizimidan chiqishi ortidan surunkali elektr taqchilligiga duch kela boshladi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimidan chiqishini qo‘shni davlatlar e’tiroz bilan qarshi oldi.

Rasmiy Toshkent o‘z qarorini ichki iste’molchilarni himoya qilish zarurati bilan izohladi.

Ammo, o‘shandan buyon O‘zbekistonda kuz va qish mavsumlarida gaz va elektr taqchilligi kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG