Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:28

Qo‘qon bozorchilari melisalarni pomidorbo‘ron qildi


Qo‘qondagi Kappon dehqon bozori
Qo‘qondagi Kappon dehqon bozori

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi Koppon dehqon bozorining dehqon va savdogarlari payshanba kuni ularni bozor ichkarisiga ko‘chirmoqchi bo‘lgan militsiya xodimlariga qarab pomidor, karam, bodiring otishdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bunga militsiya xodimlarining qo‘polligi va dehqonlarning sabzavot solingan tog‘oralarini tepib, sochib yuborishi sabab bo‘lgan.

Qo‘qon shahrining Koppon dehqon bozorida payshanba kuni dehqonlar va militsiya xodimlari o‘rtasida janjal chiqdi.

Dehqon bozori ma’muriyatining sabzavot sotuvchilarini bozor ichkarisiga olish qarori ularning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Bozor ma’muriyatning talabiga ko‘nmagan dehqonlarni tartibga chaqirish uchun militsiya kuchidan foydalanildi.

Voqea guvohlaridan birining Ozodlikka aytishicha, militsiya xodimlarining dehqonlar tog‘oralarini tepib yuborishi janjalga sabab bo‘lgan:

“Hozir xalqning dehqonchiligi ayni etilgan payt. Bozor mevayu sabzavotga to‘lib ketgan. Dehqonlar tog‘ora-tog‘ora sabzavot keltirib, bozordan o‘zlariga munosib joy topolmagani uchun savdo ko‘chagacha chiqib ketgan. Militsiya xodimlari dehqonlarni bozor ichkarisiga kirishini talab qilib, tog‘oralarini tepib, sabzavotlarni sochib yubordi. Bundan dehqonlar g‘azablanib, ularning o‘zlarini pomidoru karamlar bilan ura boshladi. Bir zumda hammayoq to‘polon bo‘lib ketdi. Militsiya qo‘shimcha kuchlar chaqirib, zo‘rg‘a tinchitdi”, dedi voqea guvohlaridan biri.

Qo‘qon shahar hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini tasdiqlar ekan, bu tadbir bozorni tartibga solish uchun qilinganini aytdi:

“Bozorning bir tomoni quruq meva uchun, bir tomoni sabzavot, ho‘l meva edi. Ayni kunlarda sabzavot ko‘payib, ular ho‘l mevaning ichigacha kirib ketishdi, ko‘chada savdo qila boshlashdi. Yo‘llar to‘silib qoldi. Shunga ularni ichkariga olish uchun avvaldan ogohlantirgan edik, lekin quloq solishmadi. So‘ngra militsiyani ishga solishga majbur bo‘ldik”, dedi mulozim.

Mulozimning aytishicha, ayni paytda bozor bir maromda ishlayapti:

“Hammasi o‘sha kuni tinchidi. Bozor tartibga solindi. Melisalarga pomidor va karam otgan dehqonlarga tushuntirildi, ulardan hech kim hibsga olingani yo‘q”, dedi mulozim.

Biroq, bozorda har kuni meva sotadigan Halima ismli savdogarning aytishicha, o‘sha kuni militsiya bilan janjal qilgan dehqon va savdogarlarning birortasi ham ikki kundan buyon bozorga chiqqani yo‘q.

Ozodlik ularning hibsga olingan yoki olinmaganini tasdiqlay olmadi.

XS
SM
MD
LG