Линклар

Iftorlik o‘tkazish taqiqlangan Toshkent masjidlarida ro‘zadorlarga suv, xurmo, somsa va shunga o‘xshash yengil yeguliklar ikrom qilinmoqda. Ammo, masjid ichida iftor uchun dasturxonlar yozilmayotir. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi masjidlarda iftorlik o‘tkazishni "bid’at va gigienaga zid" deb taqiqlagan.

Bir necha masjidda iftorda bo‘lgan va Ozodlikka bir necha surat yo‘llagan poytaxtlik Toshbekka ko‘ra, iftorliklar masjid qavmi va savobtalab kishilar tomonidan tarqatilmoqda.

- Asosan, suv va xurmo, keyin savobtalab kishilar olib kelayotgan somsa va shunga o‘xshagan yeguliklar tarqatilyapti. Men o‘zim bir necha masjidda bo‘ldim - hech birida unaqa ommaviy iftorlik yo‘q. Istovchilarga bir chekkada burchakka qo‘yishyapti, olib, bir chetda og‘iz ochib ketilyapti. Chunki, bu yil og‘iz ochar bilan shom namozining orasi juda yaqin, - deydi Toshbek.

Uning aytishicha, masjidlarda dasturxon yozilayotgani yo‘q va ayni paytda Toshkentdagi umumiy ovqatlanish muassasalarida iftorliklar o‘tkazilayotgani yo‘q.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu yil ham masjidlarda iftorliklar o‘tkazilmasligi, umumiy ovqatlanish muassasalarida ham iftorlik uyushtirish taqiqlanganini bildirgan.

O‘tgan yili ilk bor Toshkentda yangi ochilgan «Minor» masjdidida qariyb 500 kishi yig‘ilgan katta iftorlik berila boshlagan va oradan ikki kun o‘tib, taqiqlangan edi.

Diniy idora buni diniy jihatdan – bad’at, deb hisoblaydi, ikkinchi tarafdan, masjid odobi va gigiena talablariga javob bermaydigan tadbir, deb baholaydi.

12 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan Toshbek bunday nazoratni qisman quvvatlashini bildirib o‘tdi:

- Chunki, masjid namoz o‘qiladigan joy, dasturxon yozib ziyofat qilinadigan joy emas, deb bilaman men. Hozirgiday engil iftorlik bo‘lsa, shuni o‘zi etadi. Og‘izni ochvolasiz, shom namozini o‘qiysiz, keyin uyingizga borib, bafurja iftor qilaverasiz. Agar odamlarimiz qo‘yib bersa, buni ham kimo‘zar ziyofatbozlikka aylantirvoradi. Shuning uchun tavsiyaviy ko‘rinishdagi nazoratning bo‘lgani yaxshi, deb bilaman men, - deydi Toshbek.

Quyida Toshbek bilan suhbatni tinglang:

Bu yilgi Ramazonning 6 iyundan boshlandi va bu oy arafasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasining umumiy ovqatlanish muassasalari va masjidlarda iftor o‘tkazishni taqiqlash haqida hokimiyatga tavsiya bergani ma’lum bo‘ldi.

Diniy idora raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur: "Hokimiyat bizning tavsiyamiz bilan restoran, kafelarda iftor o‘tkazishni taqiqlagan. Bu davlatning siyosati emas", deb izoh berdi.

O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish muassasalarida iftorliklar o‘tkazish 2014-2015 yildan beri keskin taqiqlanganicha qolmoqda.

Bu yil ham o‘zbekistonlik musulmonlarga iftorlikni o‘z uyida oilasi yoki qarindosh-urug‘lari bilan ixcham qilib o‘tkazish tavsiya qilingan. Iftorlik bermoqchi bo‘lgan shaxslar mahalla qo‘mitalarini ogohlantirishi va ulardan bir vakil ishtirokida, imkon qadar, kichik jamoalar uchun iftor berishi mumkin. Uyda bo‘ladigan iftorlik marosimi uchun 20 nafardan ortiq mehmon chaqirmaslik aytilgan.

O‘zbekistonda Ramazon oyida yuqorida aytilgani kabi, iftorliklar bo‘yicha cheklovlardan tashqari, Taroveh namozlarini ham faqat ruxsat berilgan jome masjidlarida o‘qish mumkin, kichik masjidlar va aholi uylarida jamoat bo‘lib, Taroveh o‘qish taqiqlangan.

Bundan tashqari, Ramazon oyi davomida 18 yoshga to‘lmaganlarning Tarovehga qatnashi ham taqiqlangan.

O‘zbekiston hukumati rasmiylari cheklovlarini bilvosita tan oladilar va buni yoshlarning ta’lim jarayonidan uzilishi, turli diniy oqimlarga berilishi, xususan, keyingi vaqtda O‘zbekistonda faollashgani kuzatilayotgan "Hizbut Tahrir" hamda "Jihodchilar" radikal guruhlar, mamlakat tashqarisidan xavf solib turgan "Islomiy davlat" terror guruhi tarafdorlari ta’siriga tushib qolishi oldini olish maqsadi bilan izohlaydilar.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi faollar va xalqaro tashkilotlar bu amaliyotni bolalar hamda ularning qonuniy vakillari bo‘lgan ota-onalarining fuqaroviy va diniy erkinliklari buzilishi sifatida qoralab keladilar.

XS
SM
MD
LG