Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:46

Floridadagi gey-klubga hujum qilgan shaxs IShIDga moyil bo‘lgan


AQSh Federal tergov byurosi Florida shtati Orlando shahridagi gey klubga hujum qilgan Umar Matin hujum oldidan politsiyaga telefon qilib, “Islomiy davlat” guruhiga bayat bergani haqida xabar qilgan.

Ota-onasi Afg‘onistondan bo‘lgan 29 yoshli Umar Matin Floridaning Port Seynt Luis shahrida yashagan. Politsiya Pulse nomli klubga otishma boshlanishidan uch soat o‘tib bostirib kirib, odamlarni garovga olgan Umar Matin otib tashlaganini bildirgandi.

Prezident Barak Obama hujumni “nafrat hujumi” va “terror harakati” deb atadi. Obama hukumat tuzilmalari mazkur voqea yuzasidan barcha faktlarni o‘rganayotgani, ammo hozircha hujumning asl sabablari mavhum bo‘lib qolayotganini bildirdi.

AQSh prezidenti “irqi, milliy, diniy mansubligi yoki jinsiy orientatsiyasidan qat’iy nazar har qanday amerikalikka qilingan hujum barcha amerikaliklarga qaratilgan hujum” sifatida baholanishini aytdi.

Ayrim axborot agentliklari Orlandodagi gey klubga qilingan hujum uchun mas’ulityatni “Islomiy davlat” guruhi o‘z zimmasiga olgani haqida xabar tarqatdi.

Avvalroq AQSh tergovchilari Matin “Islomiy davlat” yoki boshqa xalqaro terror guruhiga mansubligi haqida hech qanday dalillar topilmaganini bildirdi. 12 iyunь kuni tergovchilar Matin radikallashgan bo‘lishi mumkinligini, biroq u “Islomiy davlat” guruhi ta’sirida bo‘lmagani haqida ma’lumot bergan.

Umar Matin yakshanba kuni Orlando shahridagi tungi gey-klubga bostirib kirib, o‘qotar quroldan o‘q otgan va 50 kishini o‘ldirgan. Orlando hokimi Baddi Dayer otishmada yana 53 yaralanib, shifoxonaga yotqizilganini aytdi.

Baddi Dayer hodisani AQSh tarixidagi eng halokatli ommaviy otishma, deb atadi.

XS
SM
MD
LG