Линклар

SIPRI: AQSh va Rossiya yadroviy arsenalini asta-sekin ozaytirmoqda


Rossiyalik politsiyachi G‘alaba paradi hozirligida ishtirok etayotgan Topol-M qit’alararo ballistik raketasi oldida turibdi, Moskva, 2008 yil 5 mayi.

Rossiyalik politsiyachi G‘alaba paradi hozirligida ishtirok etayotgan Topol-M qit’alararo ballistik raketasi oldida turibdi, Moskva, 2008 yil 5 mayi.

Qarorgohi Shvetsiyada bo‘lgan ilmiy markazning bildirishicha, AQSh hamda Rossiya o‘z yadroviy arsenalini ozaytirmoqda, ammo bir vaqtning o‘zida yadroviy texnikasini zamonaviylashtirmoqda.

Stokgolmdagi tinchlik masalalari bo‘yicha xalqaro tadqiqot instituti (SIPRI) 13 iyunь kuni e’lon qilgan yillik hisobotda 2016 yil boshida bir yil avvalga solishtirganda yadroviy qurolga ega to‘qqiz mamlakatdagi kallaklar soni 455 donaga kamroq bo‘lgani aytiladi.

Hisobotda yozilishicha, 2016 yil boshida AQSh, Rossiya, Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil hamda Shimoliy Koreyada umumiy hisobda 15 395 kallak qayd etilgan bo‘lib, ularning 4 120 donasi ish holatida bo‘lgan.

2015 yilning boshida kallaklarning umumiy soni 15 850 ni tashkil qilgan.

Hisobot tadqiqotchilari Shennon Kayl va Xans Kristensenning yozishicha, dunyodagi yadroviy qurol inventarlari 1980-yillar o‘rtasidan beri ozayib kelayapti. 1980-yillar o‘rtasida kallaklar soni rekord 70 000 ga etgan edi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, kallaklar sonining ozayishiga AQSh va Rossiyadagi qisqartirishlar sabab bo‘lgan.

Ammo Kayl va Kristensenning yozishicha, AQSh va Rossiyaning yadroviy qurollar sonini ozaytirish surati o‘n yil avvalga solishtirganda sustlashmoqda. Qolaversa, 2011 yil kuchga kirgan “Yangi START” shartnomasiga qaramasdan, AQSh ham, Rossiya ham strategik yadroviy kuchlarini qisqartirgani yo‘q.

SIPRI hisoblariga ko‘ra, yil boshida Rossiyadagi kallaklar soni 7 290 ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQShda 7 000 ga teng bo‘lgan.

Tashkilotga ko‘ra, AQSh va Rossiyadagi kallaklar er yuzidagi yadroviy qurollarning 93 foizini tashkil qiladi.

Fransiyada 300, Xitoyda 260, Britaniyada 215, Pokistonda 110-130, Hindistonda 100-120, Isroilda 80, Shimoliy Koreyada 10 ta yadroviy qurol borligi aytiladi.

SIPRI hisobotida “Yadroviy qurolga ega davlatlarning birortasi ham yaqin kelajakda o‘z yadroviy arsenalidan voz kechishni istamaydi” deyiladi. Moskva va Vashington esa o‘z yadroviy qurollarini zamonaviylashtirish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflamoqda.

Hindiston yadroviy qurol tashuvchi raketalarini kuchaytirmoqda, plutoniy ishlab chiqarishni tezlatmoqda. Hindistonning hududdagi raqibi Pokiston esa jang maydonida ishlatish mumkin bo‘lgan yadroviy qurollarni ishlab chiqmoda.

SIPRI hisobotida Pokistonning yadroviy arsenali keyingi o‘n yil ichida ancha ko‘payishi mumkinligi aytilgan.

Hisobot mualliflari dunyo bo‘ylab yadroviy qurollardan chinakamiga voz kechilishiga hali umid oz, deya xulosa qiladilar.

Hisobot ochiq manbalarga, jumladan, hukumatlar hamda Atom energiyasi xalqaro agentligidan olingan ma’lumotlarga tayangan holda yozilgan.

SIPRI tadqiqotchilari yadroviy qurolga ega davlatlarning ko‘pchiligi ma’lumot berishga oshiqmaganini aytishdi.

Institut xodimlari 2006 yilda ilk yadroviy sinovlarni o‘tkazgan Shimoliy Koreya ishlaydigan yadroviy qurol yaratganini yoki ish holatiga keltirganini aniqlay olmagan.

XS
SM
MD
LG