Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:53

Toshkentda restoranda taqiqlangan iftorliklar puldorlarning uyiga ko‘chdi


Toshkentdagi xonadonlardan birida o‘tkazilgan iftorlik dasturxoni
Toshkentdagi xonadonlardan birida o‘tkazilgan iftorlik dasturxoni

Toshkentda umumiy ovqatlanish muassasalarida iftorlik berish taqiqlangani ortidan restoranlarda o‘tadigan marosim aholi xonadonlariga ko‘chmoqda. Shahar hokimligi aholi uylarida 20ga qadar mehmon bilan iftorlik o‘tkazishga ruxsat bergan. Ammo, poytaxtning puldorlari xonadonida kimo‘zarga 150-200 kishilik iftor berish boshlanib ketgani kuzatilmoqda.

150 kishilik ziyofat

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Taqachi mahallasida kuni kecha berilgan iftorda ishtirok etgan ro‘zadorga ko‘ra, kamida 150 odam taklif qilingan ziyofatning restorandagidan hech farqi bo‘lmagan:

- 150ta odam aytildi, deb aytishdi. Dasturxon, xizmat ko‘rsatish - restorandan yaxshi, albatta. Masjiddan imom keldi, mahalladan chollar chiqdi. Ikki soatlik bir ziyofat bo‘ldi, - deydi ismini oshkor qilmayotganimiz suhbatdosh.

Uning aytishicha, ikki soatlik ziyofatda poytaxtdagi restoranlardan biri xodimlariyu idish-tovoq, stol-stullari bilan kelib, xizmat ko‘rsatgan:

- Xizmat ko‘rsatish xuddi restorandagiday. Shunaqa izdihom, ovqat ustiga ovqat. Imom ovqat bilan ovqatni orasida ozgina-ozgina amri-ma’ruf qilib qo‘yadi. Bir tarafdan endi fayzli o‘tyapti, iftorlikda baribir. Boshqa tarafdan, ortiqcha hasham va isrofgarchilik, - deydi suhbatdosh.

Uning xulosasicha, iftorlikka ruxsat berilgan yagona maskan - xonadonlar bo‘lib qolayotgani bois, poytaxtning dindorlar ko‘p yashaydigan Olmazor, Shayxontohur, Yunusobod kabi tumanlaridagi o‘ziga to‘q xonadonlarda bunday izdihomlarni ko‘p uchratish mumkin.

Mahalladan ko‘rsatma

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tavsiyasi bilan Toshkent shahar hokimligi umumiy ovqatlanish muassasalari - oshxona, kafe, restoranlarda iftorlik berishni taqiqlagan. Idora mulozimlari o‘z tavsiyasi sabablaridan biri sifatida aynan "kimo‘zarga ziyofat berish" urfini tilga oladi.

Ammo, aholi uylarida "ixcham iftorlik" berishga ruxsat bor va 13 iyun kuni Ozodlik bog‘langan bir necha mahalla qo‘mitasi bunda odam soni bo‘yicha qat’iy cheklov yo‘qligi, ammo ko‘pi bilan 20-30 kishini chaqirish tavsiya qilinayotganini aytdi.

Jumladan, Olmazor tumanidagi mahalla qo‘mitalari xodimlaridan biriga ko‘ra, mahalladagi iftorlarga 20 nafargacha mehmon chaqirilgan:

"Shanba kuni bordim, mahalladagi iftorga. Qarindosh-urug‘i juda ko‘p ekan - 20 tacha erkak yig‘ildi. Endi shunchadan oshmasin odam, degan buyruq yo‘q, lekin og‘zaki aytilyapti, iloji boricha kamroq odam aytilsin, degan. Bizdan bir vakil qatnashishi ham shart emas, telefonda aytib qo‘yishsa ham bo‘ladi", dedi Olmazor tumanidagi mahalla qo‘mitalaridan birining xodimi.

Ozodlik muxbiri Shayxontohur va Uchtepa tumanlaridagi mahalla qo‘mitalaridan ham qariyb shu mazmunda javob oldi.

Jumladan, Shayxontohur tumanidagi mahalla faollaridan biri iftorlik o‘tkazmoqchi bo‘lgan oilalar "mahalla qo‘mitasiga kuni, vaqti, chaqiriladigan odam soni, keladigan imomning ismini bildirib qo‘yishi kifoya" ekanini ta’kidladi. Bu mahalla faoli ham odam soni bo‘yicha qat’iy cheklov yo‘qligini aytdi.

Restoranlarda norasmiy iftorliklar

Toshkent restoranlari esa rasman iftorlikka buyurtma olmayotir, ammo iftor qilmoqchi bo‘lganlar, odatdagiday, "avvaldan buyurtma berib qo‘yishi mumkin"ligi aytilmoqda.

"Rasman iftorlik o‘tkazishga ruxsat yo‘qku, necha yildan beri. Lekin, 5-10 kishilik stol zakaz qilib qo‘yishyapti. Shu og‘iz ochiladigan vaqtga klient ko‘payib ketayapti, to‘g‘ri", deydi Toshkent shahridagi milliy taom tayyorlovchi restoranlardan birining ma’muri.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa bunday iftorliklardan olingan suratlar talaygina. Foydalanuvchilar poytaxtning iftorlik uchun mos, deb topgan emakxonalarini boshqalar bilan o‘rtoqlashmoqdalar.

Ramazondagi cheklovlar

O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish muassasalarida iftorliklar o‘tkazish 2014-2015 yildan beri keskin taqiqlanganicha qolmoqda.

Bu yilgi Ramazon oyi arafasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasining umumiy ovqatlanish muassasalarida iftor o‘tkazishni taqiqlash haqida hokimiyatga tavsiya bergani ham ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonliklarga iftorlikni o‘z uyida oilasi yoki qarindosh-urug‘lari bilan ixcham qilib o‘tkazish tavsiya qilingan. Iftorlik bermoqchi bo‘lganlar mahalla qo‘mitasini ogohlantirishi va ulardan bir vakil ishtirokida, imkon qadar, kichik jamoalar uchun iftor berishi mumkin. Uyda bo‘ladigan iftorlik marosimi uchun 20 - 30 nafardan ortiq mehmon chaqirmaslik tavsiya qilinmoqda.

O‘zbekistonliklar orasida bunday nazoratni ma’qullovchilar ham, qoralovchilar ham bor. Ammo, inson huquqlarini himoya qiluvchi faollar va xalqaro tashkilotlar hukumatning Ramazon oyidagi cheklov va nazoratini fuqaroviy va diniy erkinliklarning cheklanishi sifatida tanqid qiladilar.

XS
SM
MD
LG