Линклар

Tojikistonda general Nazarzodaning ba’zi safdoshlari bir umrga qamaldi


Tojikiston Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda.

Tojikiston Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda.

Tojikiston Oliy sudi mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzodaning bir necha safdoshiga yopiq eshiklar ortida hukm chiqardi.

Dushanbeda sudlanganlarning yaqinlaridan 13 iyun kuni olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston Oliy sudi general Nazarzodaning safdoshlari bo‘lmish Sadriddin Ne’matov va Sirojiddin Odinaevni bir umrga, Amrullo Nurovni esa 23 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqidahukm chiqargan.

Nazarzoda isyoniga aloqadorlikda ayblanib sudlanayotganlarning ismlari va ularga nisbatan qanaqa hukm chiqarilgani ma’lum emas.

Bu ish bo‘yicha yakuniy mahkama o‘tgan hafta o‘tkazilgan, biroq ish maxfiy ko‘rilgani uchun bu haqda ommaviy axborot vositalariga endigina ma’lum bo‘ldi.

“Tojnyus” xabar agentligi o‘z manbalari so‘zlariga tayangan holda, mazkur ish bo‘yicha Nazarzodaning jami 9 xayrixohi uzoq muddatli qamoqqa hukm etilganini ma’lum qildi.

Qamalganlar asosan 2015 yil sentyabrida davlat to‘ntarishi yasashga uringanlikda ayblanganlar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning 4 sentyabrida Abduhalim Nazarzoda guruhi Dushanbe va Vahdat shaharlarida militsiya bo‘limlariga hujum uyushtirgandilar. Keyin sobiq mudofaa vaziri va uning odamlari poytaxtdan 50 kilometrlar naridagi Romit darasida yashiringan. Nazarzoda guruhiga qarshi qariyb 2 hafta davom etgan aksilterror amaliyoti chog‘ida isyonchi general va uning 25 nafar safdoshi o‘ldirilgan, isyonga aloqadorlikda gumonlangan 200 dan ziyod odam hibsga olingan.

Sentyabr voqealari uchun mas’uliyatni dastavval Abduhalim Nazarzodaga yuklagan rasmiylar keyinroq Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasini qurolli isyonni tayyorlaganlik va moliyalashtirganlikda ayblab chiqqanlar.

Hoji Halim laqabi bilan mashhur general Nazarzoda o‘tmishda Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi a’zosi bo‘lgan, biroq tinchlik bitimi imzolanganidan keyin muxolifatga berilgan 30 foizli kvota asosida Mudofaa vazirligiga ishga qabul qilingandi.

Shu yil may oyida Dushanbe sudi Abduhalim Nazarzodaning katta o‘g‘li Baxtiyorni 22 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan. U “konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartishga chaqirganlik”, “ommaviy tartibsizliklarga chaqirganlik” va “og‘ir jinoyat haqida ataylab xabar bermaganlik”da aybdor deb topilgandi.

XS
SM
MD
LG