Линклар

Aqto‘be: Aksilterror amaliyoti yakunlandi, biroq savollar javobsiz qolmoqda


Aqto‘beda halok bo‘lgan harbiylar va tinch aholi vakillari xotirasiga qo‘yilayotgan gullar.

Aqto‘beda halok bo‘lgan harbiylar va tinch aholi vakillari xotirasiga qo‘yilayotgan gullar.

Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida bir hafta davom etgan aksilterror amaliyoti yakunlandi. Mazkur shaharda 5 iyun kuni o‘nlab noma’lum shaxslar tomonidan qurol-yaroq do‘koni va harbiy bo‘linmaga qurolli hujum sodir etilgan edi. Bir hafta davom etgan aksilterror amaliyoti paytida 18 terrorchi yo‘q yo‘q qilindi. Ammo bu voqea bilan bog‘liq ko‘plab savollar hozircha javobsiz qolmoqda.

Aqto‘beda 5 iyundagi hujumni sodir etganlarga qarshi so‘nggi amaliyot xavfsizlik kuchlari va hujumchilar otishmasi bilan yakunlandi. Qurollangan shaxs yashiringan uydan yashovchilar evakuatsiya qilindi va hujumchi mazkur uyda yashovchilarning ko‘z o‘ngida xavfsizlik kuchlari xodimlari bilan anchagacha otishib turdi.

So‘nggi aksilterror amaliyotiga guvoh bo‘lgan Kamajay Kurmangalieva mana bularni aytdi:

- U politsiya xodimlari bilan otishma paytida ularga qarata ancha gaplarni aytdi. Uning bir so‘zi eshitilsa, ikkinchi so‘zi eshitilmay qoldi. “Odamlarga tegmayman, sizlar chiqa beringlar. Sizlarda hech qanday gunoh yo‘q”, deganini aniq eshitdim. Keyin esa “Allohu Akbar, Allohu Akbar”, deganini eshitdim. Qolgan gaplarini tushunmadim.

Aqto‘beda bir hafta davom etgan aksilterror amaliyoti paytida 18 terrorchi yo‘q yo‘q qilindi.Terrorchilikda gumonlangan 9 odam hibs etildi. Hujumlar paytida terrorchilardan tashqari mahalliy aholi vakillaridan to‘rt va harbiylardan uch kishi halok bo‘ldi. Bu amaliyot Qozog‘istonda o‘tkazilgan birinchi eng yirik aksilterror operatsiyasi bo‘ldi.

Biroq qozoq politsiyasi hozircha jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollarni e’tiborsiz qoldirib kelmoqda. Mahalliy jurnalist Dmitriy Matveev aksilterror amaliyoti borasida ma’lumotning cheklangani savollarni yanada ko‘paytirayotganini bildirdi:

- Bugungi kunda hukumat xalqqa “Bular jinoyatchilar, radikallar, vahobiylar, buzuq diniy oqimlar”, degan gaplarni aytib, aholini mana shunga ishontirmoqchi bo‘layapti. Hukumat go‘yoki vaziyatni tushunib turgan kabi ko‘rinayapti, ayni paytda hukumat xalqdan bir narsani yashirayotganday taasurotlar paydo bo‘lmoqda.

5 iyundagi xavfsizlik kuchlari bilan otishma paytida halok bo‘lgan Darxan Koyshinni uning onasi Zauresh Koyshina Internetga joylashtirilgan videoda ko‘rib qolgan. U shu kungacha o‘g‘lining jasadini ololmayotgani haqida gapiradi:

- Men videoda uning har tomonga alanglab, qochib borayotganini ko‘rdim. Balki uni birovlar majburlab o‘sha yerga olib borganmikin, degan gaplar ham hayolimdan o‘tdi. Boshqa hech narsa bilmayman. Men shu bilan ikkinchi o‘g‘limdan ajraldim. Birinchi o‘g‘lim 12 yil avval yo‘qolib qolgan edi. Bu ishlarning barchasida kimni ayblashni ham bilmayman. Endi uning farzandlarini oyoqqa turg‘azishim kerak.

Zauresh Koyshinaning aytishicha, Darxan 5 iyundagi voqeagacha soqol qo‘ygani uchun hech qanday ishga o‘rnasha olmagan, shuning uchun u onda-sonda topiladigan ishlarni bajarib, oila tebratgan.

Darxonning ortida uch farzandi qoldi. U namoz o‘qishni 10 yil avval boshlagan ekan. Darxon uyining devorlariga ham Qur’on oyatlarini yozdirgan.

Darxonning rafiqasi turmush o‘rtog‘ini terrorchi, deb hisoblamasligini aytdi:

-Agar u haqiqatan ham terrorist bo‘lsa, nega uni avtobusda qo‘lga oliboq portlatib yuborishmadi? Ularning barchasini o‘sha zahotiyoq otib tashlashar edi. Ular terrorchi emas. Bo‘ldi, xayr!

5-6 iyun kunlari Aqto‘bedagi ikkita qurol sotuvchi do‘kon va Milliy gvardiya binosiga 30ga yaqin odam hujum qilgan edi. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev mazkur hujumdan so‘ng qozoq xalqiga murojaat qilib, terrorchilarga "o‘lim jazosi" berishga chaqirdi. 9 iyun kuni esa Qozog‘istonda milliy motam kuni sifatida e’lon qilindi.

XS
SM
MD
LG