Линклар

AQShning Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yanada kuchaytirdi va afg‘onistonlik, pokistonlik va suriyalik muhojirlarning mamlakatga kirishiga chek qo‘yishini aytdi.

Orlandodagi gey klubda 49 kishi otib o‘ldirilganidan bir kun o‘tib qilgan chiqishida Tramp prezidentlik vakolatlaridan foydalanib "AQSh, Yevropa yoki hamkorlarimizga qarshi terroristik harakatlarni amalga oshirish tarixiga ega mamlakatlardan keladigan musulmonlarning AQShga kiritilishini ushbu xavflarni bartaraf etishni anglab yetgunimizcha vaqtincha to‘xtataman," dedi.

Tramp immigrantlarga qo‘yiladigan to‘siq "mamlakatimizga kelayotgan bu odamlarni to‘laqonli tekshira oladigan bo‘lgunimizcha turadi. Ular oqib kelyapti, biz esa nima qilayotganimizni bilmaymiz," dedi.

Tramp gey klubga hujum qilgan Umar Matinning ota-onasi Afg‘onistonda tug‘ilgani, San-Bernardino shahridagi hujumlarni amalga oshirgan shaxsning ota-onasi pokistonlik bo‘lgani, uning ayoli va sherigi esa Saudiya Arabistonidan kelganini aytdi.

Tramp bu mamlakatlarning barchasiga qarshi cheklov qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bu mamlakatlar AQShning hamkorlaridir.

"Afg‘onistondan AQShga immigratsiya qilayotganlar soni bir yilda besh barobarga oshdi. Pew Research tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston aholisining 99 foizi zulmkor shariat qonunlarini qo‘llaydi", deya so‘zini davom ettirdi Tramp.

"Hududdagi boshqa ko‘plab mamlakat ham shunday jafokor qarashlarga ega ekanligini bilamiz. Agar biz erkin va ochiq jamiyat bo‘lib qolishni istasak, chegaralarimizni nazorat qilishimiz kerak".

Tramp o‘z raqibi, prezidentlikka nomzod demokrat Xillari Klinton ko‘plab musulmonlarning, ayniqsa, suriyaliklarning AQShga kirishiga yo‘l ochib berishini, bu esa mamlakat xavfsizliga tahdid solishini ta’kidladi.

"Hozir u tekshiruv rejasisiz kiritishlar sonini keskin oshirmoqchi, jumladan, suriyalik qochqinlar sonini 500 foizga oshirmoqchi. Bu afsonaviy troyan otining yaxshiroq, kattaroq versiyasi bo‘lishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz", dedi Tramp.

Tramp Somalini ham tilga oldi, ammo Iroq haqida hech nima demadi.

Bunga javoban Klinton "Donald Trampning retorikasi juda xavfli" ekanini, sababi bu ritorika hujumlar ortida turgan Amerikaga qarshi qarashlar hamda bo‘luvchi islomiy mafkurani yanada kuchaytirishini aytdi.

12 may kuni CNNga bergan intervyusi davomida Klinton "Men butun boshli dinni yomonga chiqarmayman, chunki bu xavfli deb hisoblayman. Bunday qilish “Islomiy davlat”ga ham qo‘l kelgan bo‘lar edi", dedi.

XS
SM
MD
LG