Линклар

Rossiyadan MDH ga a’zo davlatlarga jismoniy shaxslar jo‘natayotgan pul mablag‘lari hajmi ikki yilda taqriban 3,5 barobarga qisqarib ketdi.

Bu 2016 yil I choragidagi ko‘rsatkichlarning 2014 yil I choragidagi, ya’ni Rossiyada iqtisodiy inqiroz boshlangunga qadar davrdagi ko‘rsatkichlarga qiyosdan hosil bo‘lgan xabardir.

Markaziy bankka ko‘ra, joriy yilning dastlabki 3 oyida MDH mamlakatlariga Rossiyadan hammasi bo‘lib $914 mln. jo‘natilgan. 2014 yilning I choragida esa, bu ko‘rsatkich $3,3 mlrd.ni tashkil qilgan edi.

Rossiya Markaziy bankidan olingan ma’lumotlarni bu mamlakatda chop etiladigan Kommersant gazetasi e’lon qildi.

Gazeta fikricha, Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarining katta qismi nolegaldir.

Shuning uchun ham ular qozonayotgan ish haqlari to‘g‘risida statistika yo‘q.

Mana shunday sharoitda Rossiyadan yuborilayotgan pul jo‘natmalari mehnat bozorining mehnat muhojirlari band bo‘lgan segmentidagi ahvol to‘g‘risida tasavvur hosil qiladigan deyarli yagona ko‘rsatkichdir.

Pul o‘tkazish tizimlari orqali yuborilayotgan jo‘natmalar hajmining 2 yilda 3,6 barobarga qisqarib ketgani haqida aytilar ekan, bu davr ichida rubl dollarga nisbatan ikki barobarga qadrsizlanib ketganini nazarda tutish lozim.

Kommersant’ Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognozini ham keltirgan.

Jamg‘armaga ko‘ra, 2016 yili Markaziy Osiyo mamlakatlarida yillik o‘sish 1,2% gacha pasayishi kutilmoqda.

Bu so‘nggi 20 yil ichida eng past ko‘rsatkichdir. Masalan, 2008-2014 yillarda yillik o‘sish 8 % gacha etgan.

XVJ mutaxassislari fikricha, bu pasayish Rossiya iqtisodiyotidagi pasayish oqibati hamdir.

Chunki Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonning ichki yalpi mahsulotining, asosan Rossiyadan yuboriladigan pul jo‘natmalari hajmi, 2015 yilda 9% dan 32% gacha bo‘lgan qismini tashkil qilgan.

Pul o‘tkazish tizimlari orqali yuborilayotgan jo‘natmalar hajmi MDH ga a’zo davlatlarning biriga ko‘proq, boshqasiga kamroq qisqargan.

Jo‘natmalar hajmi kattaligi bo‘yicha O‘zbekiston hanuz birinchilikni qo‘ldan bermay kelayotir.

2016 ning I choragida Rossiyadan O‘zbekistonga $256 mln. jo‘natildi. Bu 2014 ning I choragidagi ko‘rsatkichdan 3,5 barobarga ozdir. O‘shanda $910 mln. jo‘natilgan.

Rossiyadan Tojikistonga pul jo‘natmalari hajmi qulab tushdi, deyish mumkin. Qisqarish 6,3 barobarni tashkil qilgan. 2014 ning I choragida bu mamlakatga Rossiyadan $644 mln. jo‘natilgan bo‘lsa, joriy yil I choragida bu ko‘rsatkich $103 mln.ni tashkil qildi, xolos.

Pul jo‘natmalari hajmi bo‘yicha O‘zbekiston birinchi, Ukraina uchinchi va Tojikiston to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Qirg‘iziston esa, ilgari egallab kelgan to‘rtinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.

Bu holatni Kommersant’ Qirg‘izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga kirishi va natijada bu mamlakat fuqarolari Rossiyada qimmatga tushuvchi mehnat patentlari rasmiylashtirish zaruratidan qutulgani bilan izohladi.

Lekin shunga qaramay, Qirg‘izistonga jo‘natmalar ham 2 yilda 2,6 barobarga qisqargan. 2014 ning I choragida bu mamlakatga Rossiyadan $386 mln. jo‘natilgan bo‘lsa, joriy yil I choragida bu ko‘rsatkich $150 mln.ni tashkil qildi, xolos.

XS
SM
MD
LG