Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:13

Parkentda pul yig‘ish bosimi ostida qolgan bir o‘smir o‘zini osdi


Ozodlikka 14 iyun kuni ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkent viloyati Parkent tumani Shampan qishlog‘idagi 18-maktabning 8-sinf o‘quvchisi, o‘qituvchisining sinfdoshlari oldida qattiq izza qilganiga chiday olmay¸ 7 may kuni uyiga kelib o‘zini osgan. Voqeadan xabardor Ozodlik manbalari¸ o‘spirin o‘limi bilan prokuratura shug‘ullanayotganiga qaramay¸ kambag‘al oilaning bolasini noqonuniy yig‘im berishga majburlagan o‘qituvchining suvdan quruq chiqqanini aytmoqda.

Ozodlikka bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib etib kelgan xabarga ko‘ra¸ Shampan qishlog‘idagi 18-maktabning 8-sinfini bitirayotgan 15 yashar o‘spirin yigitning o‘ligi 7 may kuni oqshomga yaqin molxona to‘siniga osilgan holda topilgan.

O‘spirinni yaxshi bilgan sinfdoshlariga ko‘ra¸ o‘tirish va imtihonlarga 50-60 ming so‘mdan pul yiqqan sinf rahbari pul bermagani uchun bolani sinfdoshlari oldida ochiq kalaka qilgan.

"O‘g‘il bolamisan o‘zi? O‘g‘il bola bo‘lsang¸ opkelmaysanmi pulni. Berolmasang¸ bor ana qizlarning orasiga kirib o‘tir¸ deb izza qilgan. Men bularning yashash-turishini yaxshi bilaman. Ota-onasi qo‘li yupqa odamlar¸ uzumzor fermerning yerida ishlaydi. Beshta bolasi bor¸ yashashi haminqadar. "Dadam oyligni olsa¸ beraman dedi," deganiga qaramay¸ o‘qituvchi "san o‘g‘il bolamassan," deb orqa partaga o‘tqizib qo‘ygan. Urgan ham deyishdi¸ bunisini aniq bilmayman. Uyiga borganu¸ nomusga chidolmay o‘zini osgan," deydi marhum mahalladoshlaridan biri.

Parkent tuman huquq tizimlaridagi rasmiy manbalar¸ shunday suiqasd bo‘lganini tasdiqladi va bu ish bo‘yicha tuman prokuraturasi tekshiruv o‘tkazayotganini bildirdi.

"Bu voqeadan keyin uch-to‘rt kun maktabga tergovchilar kelib¸ sinfdoshlarini so‘roq qilishdi. Gap orasida bolalar pul berolmagani uchun marhumning izza qilinganini¸ bu ishni kim qilganini ham aytib berishgan. Lekin 15 yashar o‘smirga “o‘g‘il bolamisan o‘zi” degan haqoratli muomala qilgan o‘qituvchi bundan oldin ham bolalarni urib-so‘kkani uchun tergovga tortilgan edi. Lekin orqasi kuchli shekilli¸ oldin ham suvdan quruq chiqdi¸ bu gal ham bosti-bosti bo‘layapti"¸ deydi voqea tafsilotlaridan xabardor Ozodlik manbasi.

Marhumning oilasi bilan gaplashgan mahalladoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ farzand dog‘ida kuyib ado bo‘layozgan ona¸ egizak farzandlaridan birining o‘limi uchun "maktab va yig‘di-yig‘dilarni" ayblamoqda.

Ammo Ozodlik hozircha oilaning o‘z o‘g‘li o‘limida maktab yoki sinf rahbari ustidan rasman da’vo arizasi yozgani haqida aniq ma’lumotga ega emas.

O‘tgan yillardagi kabi bu yil ham o‘quv yili yakuni arafasida mamlakat maktablarida o‘quvchilarning bitiruv kechalarini o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaslik, imtihonlar yoki boshqa tadbirlar uchun o‘quvchilardan pul yig‘ish, maktab rahbarlari yoki o‘qituvchilarga sovg‘alar taqdim qilishga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘qituvchilar, sinf rahbarlari hamda maktab direktorlaridan "kafolat xat"lari olindi.

Xususan¸ Toshkentdagi maktablardan birining rahbari Ozodlik bilan suhbatda bu haqda shahar xalq ta’limi boshqarmasidan qattiq topshiriq bo‘lganini aytgan edi:

- Bu yil juda qattiq bo‘lyapti. Kecha ota-onalar va o‘qituvchilarni yig‘ib bitiruv kechalarini o‘tkazmaslik to‘g‘risida "kafolat xat"larini oldik. Ularga aytdik, pul yig‘im-terimlari bo‘lmaydi. Bunga yo‘l qo‘ygan o‘qituvchi ishdan ketadi,- dedi ismi sir qolishini istagan toshkentlik maktab rahbari.

O‘zbekistonda bunday taqiqqa qaramay bitiruv kechalari va o‘qituvchilarga sovg‘a berishlar davom etaverishi ortidan bu yil mazkur jaraënni jilovlashga huquq-tartibot idoralari ham jalb qilingani aytilgan edi.

Ammo parkentlik o‘smirin o‘limiga olib kelgan bosimning aynan shunday yig‘di-yig‘di bilan bog‘liq ekani haqidagi taxminlardan¸ bu jarayonning deyarli o‘zgarishsiz davom etayotgani kuzatiladi.

XS
SM
MD
LG