Линклар

O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan chegarasini 10 kunga yopdi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida chegara darvozasi ochilishini kutayotgan odamlar.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida chegara darvozasi ochilishini kutayotgan odamlar.

Toshkent rasmiylari 15 iyun kunidan to 25 iyungacha mintaqa davlatlari bilan chegaralarini bir tomonlama yopgani to‘g‘risida Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmanistonni ogohlantirdi. Mazkur qaror Toshkentda 23-24 iyun kunlari o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti munosabati bilan qabul qilingani aytilmoqda.

O‘zbekiston 15 iyundan 25 iyungacha Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaralarini yopdi.

15 iyun kuni Qirg‘iziston Chegara xizmati bu borada Toshkentdan rasmiy bildiruv olinganini bildirdi. Xabarda aytilishicha, 10 kun mobaynida O‘zbekiston qo‘shni davlat fuqarolarini, ularga tegishli yuklarni va avtomobillarni o‘z hududiga o‘tkazmaydi.

O‘zbekiston hukumatining mazkur qarori Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Toshkentda 23-24 iyunda o‘tadigan sammiti munosabati bilan qabul qilingani aytilmoqda.

Xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari avvalroq Toshkentda xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi. Jumladan, Ozodlik radiosi mobil muxbirlari poytaxt viloyatdan kelganlardan tozalanib, shaharga kirish-chiqish yo‘llaridagi blok postlar ko‘paytirilgani, shahar ichkarisida fuqarolar harakatlanishiga jiddiy cheklovlar qo‘yilgani kuzatilgani haqida ma’lum qilgan.

Ayrim xabarlarda esa sammit munosabati bilan Toshkentga kirish va chiqish ham taqiqlanishi mumkinligi aytilgan.

Biroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkentda 23-24 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan poytaxt “yopilishi”, kirish va chiqish, transport harakati cheklanishi to‘g‘risidagi xabarlarni “asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumot” sifatida inkor qildi.

Vazirlikning 14 iyun kuni kechqurun tarqatgan matbuot bayonotida aytilishicha: ”Sammit o‘tadigan kunlari poytaxtning “yopilishi” to‘g‘risidagi xabarlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shaharga kirish va chiqish tartibi odatdagiday qolaveradi, ayni paytda tekshiruv tadbirlari kuchaytiriladi”.

Ichki ishlar vazirligi sammit paytida Toshkentning bir nechta ko‘chasidagina transport harakati vaqtincha cheklanishini bildirdi. Bu cheklovlarning kuni va vaqti matbuotda e’lon qilinishi aytilmoqda.

Ammo Ozodlikka O‘zbekistondan etib kelgan ayrim xabarlarda, viloyatlardan Toshkentga ketayotganlar ortga qaytarilayotgani aytiladi.

“ShOS tufayli bugun Xorazmdan chiqishni taqiqlab qo‘yishibdi. Xorazmning Sarimoy postida Toshkentga qarab yo‘nalayotgan mashinalarni to‘xtatib, ortga qaytarib yuboryapti. Biz ham Toshkentga qarab yo‘lga chiqqandik, Sarimoy postidan qaytarib yuborishdi militsiya xodimlari”, deb yozdi Ozodlikka o‘zini Asqarbek Rahmonov deb tanishtirgan mushtariy.

XS
SM
MD
LG