Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:30

AQSh harbiy uchoqlarni sotmagach, Pokiston ularni Iordaniyadan sotib olmoqchi


Pokiston Iordaniyadan ishlatilgan F-16 qiruvchi uchoqlarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bundan avval mamlakat AQShdan sakkizta F-16 sotib olmoqchi bo‘lgan edi, ammo Kongress bunga qarshi chiqqanidan keyin bu reja amalga oshmadi.

14 iyun kuni jurnalistlar oldida chiqish qilgan Pokiston hukumatining tashqi ishlar bo‘yicha yetakchi maslahatchisi Sartaj Aziz Pokiston AQShdan F-16 sotib olish rejasidan voz kechishini aytdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yanada sovushiga sabab bo‘lishi mumkin.

Pokistonda hozirda 70 ga yaqin F-16 uchog‘i bo‘lib, ularning ayrimlari yaroqsiz holatga kelgan. Mamlakat rasmiylari Pokistonning Afg‘onistonga yaqin joylaridagi tog‘li hududlarda islomiy jangarilarga qarshi kurashda bunday uchoqlar muhim rol o‘ynashini aytmoqda.

Pokiston armiyasi Hindiston bilan urush chiqadigan bo‘lsa, bu uchoqlar qo‘l kelishiga ishonadi. Pokiston ham, Hindiston ham yadroviy qurolga ega. 1947 yil Britaniyadan mustaqil bo‘lgan ushbu ikki mamlakat o‘rtasida uch marta urush bo‘lgan.

Pokiston matbuoti tarqatgan xabarlarga ko‘ra, 13 iyun kuni senatning mudofaa hamda tashqi ishlar qo‘mitalari yig‘inida qatnashgan mudofaa vazirligi etakchisi Alam Xattak “Biz endilikda F-16 larni uchinchi taraflardan olmoqchimiz, bizga [allaqachon] Iordaniyadan taklif kelib tushdi”, degan.

Dawn gazetasining xabar berishicha, Iordaniya Pokistonga 16 ta ishlatilgan Block-30 modifikatsiyasidagi uchoqni sotishni taklif qilgan. AQSh bilan erishilgan shartnoma bekor qilinmaganida Pokiston Block-52 modifikatsiyasidagi yangiroq F-16 uchoqlarini olgan bo‘lar edi.

AQSh bilan erishilgan kelishuv 699 million dollar qiymatga ega edi. AQSh Kongressi mamlakat hukumati ajratgan mablag‘lar yordamida harbiy savdolar uchun qarz berilishga qarshi chiqqanidan keyin shartnoma bekor qilindi.

Kongressning bu qaroriga Senatning tashqi ishlar qo‘mitasi raisi, senator Bob Korkerning Pokistondan toliblar kabi jangari guruhlarga boshpana bo‘lishni bas qilishni talab qilgani sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG