Линклар

Toshkent yopilishi haqida matbuotga xabar sizdirgan IIV zobiti ishdan bo‘shatildi


ShHT sammiti paytida Toshkentning butunlay berkitilishi haqidagi xabar shaharda vahima uyg‘otgan edi

ShHT sammiti paytida Toshkentning butunlay berkitilishi haqidagi xabar shaharda vahima uyg‘otgan edi

23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tajak Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti paytida O‘zbekiston poytaxtining kirish va chiqish yo‘llari butunlay berkitilishi haqida matbuotga xabar sizdirgan militsiya zobiti ishdan bo‘shatildi.

O‘tgan hafta oxirida O‘zbekistondagi qator veb-saytlar ShHT sammiti oldidan Toshkentda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, odamlarning poytaxtga kirishi va chiqishi 16 iyundan boshlab vaqtinchalik to‘xtatilishini ichki ishlar vazirligidagi manbaga tayanib ma’lum qilgandi.

Xabarlarda bunday choralarni qo‘llash qarori xavfsizlikni ta’minlovchi xizmatlar tavsiyasi bilan olingani bildirildi.

Ozodlikning Ichki ishlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, ushbu xabarlar tarqalganidan ikki kun o‘tib, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimi (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum - tahr.) ishdan bo‘shatilgan.

Manbaning aytishicha, mayor rutbasidagi militsiya xodimi "go‘yoki yolg‘on xabarni" tarqatishda aybdor, deb topilgan.

"Ommaviy axborot vositalarida sammit paytida Toshkent yopiladi, degan gaplar chiqqandan keyin hamma joyda vahima kuchayib ketdi. Ayniqsa, sotsial tarmoqlarda odamlar yoza boshlashdi. Rossiya matbuoti ham bunga diqqat qaratdi. Bu MVDga raqib bo‘lgan qo‘shni idorani (Milliy xavfsizlik xizmati nazarda tutilayapti – tahr.) cho‘chitib yubordi shekilli, bizning xodimni, aybini bo‘yniga ilib, bir kunda ishdan bo‘shattirishdi. U go‘yoki yolg‘on xabarni tarqatibdi”, dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi Ozodlik manbasi.

Veb saytlarga bosim

Ichki ishlar xodimi ishdan olinishi barobarida ShHT sammiti arafasida O‘zbekistonda ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari haqida xabar va maqolalar bitgan mahalliy veb saytlar mas’ullari O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga chaqirtirilib, ogohlantirish olgan.

Mahalliy veb saytlardan biriga muharrirlik qiluvchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ba’zilarga ShHT sammiti haqida umuman maqola yozmaslik buyurilgan bo‘lsa, ba’zilarga sammit arafasida Toshkent yopilishi haqidagi xabarlarni rad etish talab qilingan.

Toshkentning yopilgani haqidagi xabarni berganimizdan bir kun o‘tib bizni UZAPIga (O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi – O‘MAAning ruscha abbreviaturasi – tahr.) chaqirtirishdi. Rosa gap eshitdik. Sammit paytida Toshkentning yopilishi haqidagi xabarni qayta nashr etganmiz xolos, desak ham, quloq solishmadi. Sammit haqida umuman yozmanglar, degan buyruq bo‘ldi,” dedi UZ domenida qayd etilgan veb sayt muharriri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, agentlik xodimlari buyruqqa bo‘ysunmaganlarning veb sahifalarini berkitish bilan ogohlantirgan.

"Ideologik xuruj"

2002 yilda ta’sis etilgan O‘MAA ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaachilik faoliyati hamda davriy nashrlarni tarqatish sohasida davlat siyosatini ishlab chiquvchi boshqaruv organi hisoblanadi.

Ammo, O‘MAA sobiq xodimining Ozodlikka bildirishicha, agentlikning asosiy vazifasi “davlat ideologiyasini himoya qilish va uni amalda tatbiq etishdir”.

O‘zbekiston Matbuot va Axborot Agentligi, vazir darajasiga tenglashtirilgan rais tomonidan boshqariladi. Ushbu tashkilotning asosiy vazifasi mamlakatda tsenzura, davlat ideologiyasini himoya qilish va uni amalga tatbiq etishdir. Respublika hududidagi barcha ommaviy axborot vositalarida ideologik xurujlarning oldini olish va matbuotning bevosita nazoratini amalga oshiradi,” dedi O‘MAA sobiq xodimi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Toshkentning yopilishi haqidagi xabarni "ideologik xuruj" sifatida baholagan bo‘lishi mumkin.

"Buni prezident apparati talab qilgan bo‘lishi kerak.Chunki, Ozodlik va boshqa OAVlar bu haqda tinmay yozishdi-ku. Shuni ideologik xuruj sifatida malakalashgan shekilli", dedi O‘MAA sobiq xodimi.

XS
SM
MD
LG