Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:33

Rossiyada uy-joy sotib olayotgan o‘zbeklar soni ko‘paymoqda


Rossiyada ko‘chmas mulk sotib olishga pul sarflayot- gan o‘zbekistonliklar soni keskin oshdi. So‘nggi olti yil davomida Rossiyada ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olgan xorijliklar umumiy soni 5 barobardan ko‘proqqa ko‘paygani qayd etildi. Mutaxassislar bu tendentsiyani qator sabablar bilan izohlamoqda.

“DeltaServis” banki mutaxassislari hisob-kitobicha, Rossiyadan uy sotib olganlarning yarmidan ko‘pini Belorussiya (45%) va Ukraina (19%) fuqarolari tashkil etdi. Rossiya Federatsiyasida ko‘chmas mulk sotib olayotgan o‘zbekistonliklar soni ham yildan yilga oshib borayotgani qayd etildi: o‘zbeklar 6 foizlik ko‘rsatkich bilan ipotekachi-xorijliklar ro‘yxatida qozog‘istonliklardan keyin (7%) 4 o‘rinni egalladi.

“DeltaServis” banki matbuot kotibi Ilya Aleksandrov olib borilgan statistika tadqiqotlarida Rossiyada daromadi oshib borayotgan xorijlik mutaxassislar soni ko‘payib borayotgani qayd etilganini bildirdi. Ozodlik bilan suhbatda Ilya mamlakatning og‘irlashib borayotgan ichki iqtisodiy vaziyatida ayrim banklar shu tariqa puldor xorijliklar hisobiga o‘z muammolarini hal etishga urinayotganini bildirdi.

- Bizga odamning fuqaroligi, pasporti qiziq emas, eng asosiy shartimiz – u Rossiyada ishlab pul topayotgani, daromadini tasdiqlab bera olishidir. Keyin, ular oxirgi 2-3 yilda Rossiyada yashagan bo‘lishi shart. Rossiyada ipoteka kreditlariga ko‘chmas mulk sotib olayotganlarning aksar qismini MDH davlatlari fuqarolari tashkil etmoqda. Hisob-kitoblarimizdan aniqlandiki, biz kredit berayotgan horij fuqarolarining o‘rtacha daromadi 90 ming rublni tashkil etadi. Ular yirik mutaxassislar va boshqaruvchilar, top-menejerlar va sarmoyadorlar ekani ma’lum, dedi Ilya Aleksandrov.

Ilyaga ko‘ra, Rossiyada katta daromad olayotganlar chakana va ulgurji savdo, qurilish, IT-kompaniyalar, tibbiyot va umumiy ovqatlanish shirkatlari mutaxassislaridir.

Aniqlanishicha, 2009 yilda Moskvada berilgan ipoteka kreditlarining umumiy hajmidan 1,3 foizgina xorijliklar ulushi bo‘lgan. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 6,3 foizni tashkil etdi.

“DeltaServis” mutaxassislari taqdim etgan hisobotda O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni Moldaviya (4%), Ozarbayjon (2%), Turkiya (2 foiz), Armaniston (2%) egallaganini ko‘rish mumkin.

Mutaxassislar fikricha, Rossiya poytaxtida xorijliklar uchun yotoq va kvartiralar ijarasi qimmatga tushayotgani ularni xususiy mulkka bo‘lgan qiziqishini oshirgan.

Biroq, banklar xorij fuqarolariga juda qattiq shubha bilan qarashi ham hech kim uchun sir emas. Rossiya qonunchiligi boshqa davlat fuqarolariga kredit berishni taqiqlamagan bo‘lsada, banklar qarz olgan xorijlik qallob bo‘lishi, ipoteka pullarini olib, juftakni rostlab qolishi mumkinligidan xavfsirab keladi.

RDI kompaniyasining ipoteka bo‘limi mutaxassisi Sultan Xajeev Ozodlikka hamma rus banklarida ham osonlikcha kredit olishning imkoni yo‘qligini tushuntirdi. U Rossiya davlati tomonidan boshqarilayotgan birorta bankda xorij fuqarosi uchun ipoteka berilmaydi, deydi:

- “DeltaKredit”, “VTB” kabi davlatning ulushi bor ayrim banklar ham berishi mumkin, ammo u yerda xira va tushunarsiz shartlar juda ko‘p. Umuman olganda, agarda chet ellik chindan ham yaxshi daromad topsa, zaruriy hujjatlarni taqdim eta olsa, mulk kreditlarini olish qiyin ish emas, deya ta’kidladi Ruslan Xajeev.

Mutaxassis xorij fuqarolari, shu jumladan, o‘zbekistonliklar milliy valyutalari qadrsizlanib borayotgan bir paytda o‘z mablag‘larini iqtisodiy-siyosiy jihatdan nisbatan barqarorroq va boyroq mamlakatlarga o‘tkazishga urinishini tabiiy hol ekanini alohida urg‘uladi.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina Moskvada uy-joy sotib olish istagida bo‘lgan xorijliklar soni taxminan 3 mln kishini tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG