Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:17

O‘zbekistonda "moliyaviy piramida qurgan" Ahmadboy ofisini qora niqoblilar bosdi


Xalq orasida “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevning Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi ofisi 15 iyun kuni qora niqobli maxsus gurux tomonidan o‘rab olinib, tadbirkorning o‘zi qo‘lga olindi va kunning ikkinchi yarmida olingan xabarlarga qaraganda u qo‘yib yuborildi. Unga qarashli “Chinoz Avto Hamkor” firmasi yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan odamlardan omonat olish bilan shug‘ullanib kelgani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan edi.

O‘zini "Ahmadboy Chinazskiy", deya tanishtiradigan tardbirkor Ahmad Tursunboev chorshanba kuni qo‘lga olingani to‘g‘risida Ozodlikka O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi o‘z manbasi xabar qildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 38 yoshli Ahmad Tursunboev katta miqdordagi tovlamachilikda ayblanmoqda.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ “Ahmad Tursunboevning uyi joylashgan Toshkent viloyatidagi Olmazor shaharchasini davlat avtomobil-patrul xizmati xodimlari kurshab olgan”.

Manbaning ta’kidicha¸ Olmazor shaharchasiga hozirda “hech kim kiritilmayapti va chiqarilmayapti”.

Ozodlikning Chinoz tumanidagi boshqa bir manbasiga ko‘ra, tuman IIB shaxsiy tarkibi to‘laligicha Ahmadboyning uyini qurshab olishga safarbar qilingan.

Ozodlikning yana bir manbasining iddao qilishicha¸ “Ahmadboy GM Uzbekistan bilan bog‘liq tekshiruvlar ortidan qo‘lga olingan”.

Ozodlik manbasining aytishicha¸ Ahmad Tursunboev 15 iyun kuni qora niqoblilar bosgan paytda "ofisda bo‘lgan"

"Аҳмадбой Чиназский" офисини қора ниқоблилар босди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

Ahmad Tursunboev uyini qora maskalilar bosgani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda vahima kuchaydi.

Yuzerlarning facebook tarmog‘ida ëzishicha "Chinozda To‘xtasin¸ Murod¸ Muxriddin¸ Rasul¸ Farrux va boshqa 10 ortiq odam Ahmadboy sistemasida ishlaydi. Hamma lixoradkada. Eng kattasi To‘xtasin va Ahmad. Shotirlari quturib ketgan. Hammasida Kaptiva va inomarka. Ana pulni kuchi. Hozir ochganlarni hammasi yopiq. Eshiklarni tagida tumonat odam. Jizzax va Sirdaryoda ham tochkalar ochishgan. Ahmadni shotiri va jiyani Izzat ismli shaxsni uyidan eni 4 uzunasi 10 metrlik pul Isuzuda olib chiqilgan" deb ëzdi.

Alisher Ergashev ismli yuzerning facebook tarmog‘ida yozishicha¸ bir kun oldin Ahmadboyning vakillari "Tirik bo‘lsa, pullaringizni qaytarib olasizlar¸ o‘lib ketsa, uyiga kelib bolalaridan da’vo qilmaysizlar", degan gapni aytishgan. Gap "dividend" evaziga Ahmadboyga topshirilgan omonat pullar haqida ketayapti.

100 foizlik dividend vasvasasi

Qora maskalilar ko‘magida qo‘lga olingan Ahmad Tursunboevga qarashli Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Chinoz Avto Hamkor” firmasi yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan odamlardan omonat olish bilan shug‘ullanib kelgan.

Avtomobil savdosiga ixtisoslashganiga qaramasdan bank xizmatlarini ko‘rsatgan firma “moliyaviy piramidaga” o‘xshasa-da, pulini ikki barobarga ko‘paytirish tamasida bo‘lganlar soni kun sayin ko‘payib borgan. Shu yilning aprel oyida bu mavzuni o‘rgangan Ozodlik muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda omonatchilarning soni 40 mingga yetgan bo‘lishi mumkin.

Mashinafurush firmami yo bankmi?

Asli chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboev bundan 2-3 yil avval tanila boshladi, deydi uni taniganlar. Ozodlik gaplashgan chinozliklar xalq orasida “Ahmadboy”, deya tanilgan 38 yoshli tadbirkor avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanishdan avval qassoblik qilar edi, deya bildirishdi.

“Ikki yilcha avval mashina sotish bilan shug‘ullana boshladi. Keyin odamlardan 200 foizgacha yillik foyda va’dasi bilan pul ola boshladi. Foizga ham qarz beradi”, degan edi aprel oyida chinozliklardan biri.

Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimiyatining tadbirkorlarga litsenziya berish uchun mutasaddisi Farhod Mustafoevning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Tursunboevga qarashli firma joriy yil boshrog‘ida ro‘yxatga olingan.

“Ahmad Tursunboev tadbirkor sifatida shu yili ro‘yxatdan o‘tdi. Nizomi bo‘yicha avtomobil savdosi bilan shug‘ullanadi. Lekin aslida nima bilan shug‘ullanayotganini biz tekshirish bizning vakolatimizga kirmaydi. Buni tekshiradigan tashkilotlar bor, masalan soliq qo‘mitasi qiziqishi kerak. Men ham odamlardan foizga pul olayotgani haqidagi gap-so‘zlarni eshitganman. Ko‘chada shunaqa gaplar bor. Lekin uni tekshirish bizning vakolatda emas”, dedi Chinoz tumani hokimiyati mulozimi.

"Bu piramidaning klassik ko‘rinishi"

“Chinoz Avto Hamkor” faoliyatini bir necha oydan beri kuzatayotganini iddao qilgan toshkentlik tadbirkorning shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, bu yerda gap moliyaviy piramida haqida ketyapti.

“Men 8 oydan beri kuzatyapman “Ahmadboy” piramidasini. Odamlar minglab dollarlarni olib kelib berishyapti. Uning idorasi Chinozning Olmazor qo‘rg‘onida joylashgan. O‘zim ham borib ko‘rdim. Hech kimga hech qanday qog‘oz bermaydi. Pasportingizni ko‘radi, qandaydir jeton beradi. Shu bilani ish bitti. Rossiyada "MMM" ham shunaqa bo‘lgan. Tojikiston va Dog‘istonda ham yaqindan shunga o‘xshash piramidalar tashkil qilingan edi. Boshida odamlarni qiziqtirish uchun mijozlarga va’da qilingan katta foyda beradi. Lekin keyin katta miqdorda pul to‘planganidan keyin, g‘oyib bo‘ladi”, deydi toshkentlik tadbirkor.

Ozodlik “Axmadboy Chinazskiy” nomli Facebook foydalanuvchisi bilan kun davomida yozishdi. Mikrofon orqali intervьyu berishni rad qilgan suhbatdosh Ahmadboy Tursunboevga nisbatan ilgari surilayotgan moliyaviy piramida yasaganlik ayblovlarini mutlaqo rad qildi.

Facebook tarmog‘ining o‘zbek tilidagi segmentiga doir turli guruhlardagi muhokamalar ishtirokchilarining aksari ham Chinozda Ahmadboy taklif etayotgan mo‘may daromad moliyaviy piramidaning klassik ko‘rinishi, degan fikrlarni bildirishmoqda.

Lekin O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ahmad Tursunboevga qarashli "Chinoz Avto Hamkor" firmasi faoliyatiga shuncha yildan beri qiziqish bildirmayotgani bois, gap qonunbuzarlik haqida ketayotganini aytib bo‘lmasligini qayd etish joiz. “Axmadboy Chinazskiy” nomi ostidagi Facebook foydalanuvchisi shu paytgacha hech kimni aldamaganini iddao qildi.

Hayvonot bog‘iga go‘sht sotgan metsenat

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor Ahmad Tursunboev asli Chinoz tumanining Olmazor qo‘rg‘onida 1978 yilda tug‘ilgan. Bundan avval qassoblik qilgan, Toshkent Hayvonot bog‘iga go‘sht etkazib berish bilan ham shug‘ullangan. Facebook-dagi “Axmadboy Chinazskiy” sahifasida Ahmad Tursunboev nomiga ko‘rsatgan ko‘magi uchun O‘zbekiston nogironlar jamiyati hamda Chinoz tumani madaniyat va sport ishlari bo‘limi rarafidan taqdim etilgan faxriy yorliqlar rasmi e’lon qilingan.

"Ahmadboy" to‘g‘risida Internetdagi Tsiklopediya resursida berilgan ma’lumotda 38 yoshli tadbirkor "o‘zbekistonlik metsenat", deya ta’riflangan. Bu ma’lumotda ham Ahmad Tursunboev tadbirkorlik faoliyatida 2010 yildan birdaniga jiddiy o‘sish kuzatila boshlagan.

1990 yillar boshlarida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan MMM moliyaviy piramidasini Sergey Mavrodi tashkil qilgan edi

Moliyaviy piramida odamlar ishonchini qozonish orqali amalga oshiriladigan firibgarlik hisoblanadi. Piramida doimiy tarzda pul mablag‘larini jalb etishga asoslanadi. Bunda piramidaning ilk ishtirokchilariga foyda keyingi sarmoyachilar hisobidan qoplanadi.

Sobiq ittifoqda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan moliyaviy piramidani 1990 yillar boshlarida Rossiyada tadbirkor Sergey Mavrodi tashkil qilgan. Ikki-uch yil davomida mijozlariga dividendlarni to‘lab kelgan "MMM" shirkati asoschisi birdaniga g‘oyib bo‘lishi ortidan 15 milliongacha omonatchi zarar ko‘rgan.

AQSh, Yevropaning aksar davlatlari va boshqa ko‘plab mamlakatlarda moliyaviy piramidalarni tashkil etish qonun bilan taqiqlangan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy kabi mamlakatlarda moliyaviy piramida tashkilotchisi o‘limga hukm etilishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy piramidalarni taqiqlovchi me’yorlar yo‘q. Lekin bunday holat jinoyat kodeksining firibgarlik to‘g‘risidagi moddalari bo‘yicha malakalanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG