Линклар

Afg‘onistondagi bir guruh o‘zbek jangarilar O‘zbekiston Islomiy harakatini qayta oyoqqa qo‘yayotganini da’vo qilmoqda. Bu haqda qarorgohi Vashingtonda joylashgan Foundation for Defense of Democracies jamg‘armasi nashri - Long War Journal xabar qildi. O‘zbekiston Islomiy harakati o‘tgan yili kuzda Toliblar bilan o‘zaro janglarda tor-mor etilgani xabar qilingan edi.

Bu Afg‘onistondagi markaziy osiyolik jangarilarining O‘IH nomi ostida yana birlashishga urinayotganiga oid ilk iddaoli xabardir.

Xabar rasman tasdiqlansa, terrorchi IShID qatorida O‘IH ham mintaqa xavfsizligiga tahdid o‘laroq yana maydonga qaytishi mumkin, degan xavotirlarni kuchaytiradi.

Afg‘oniston hukumat kuchlari esa O‘IH sobiq jangarilarining kichik guruhlari Turkmaniston bilan chegaradosh Faryob va Juzjon viloyatlari, Tojikiston bilan chegaradosh Tahhor va Qunduz viloyatlarida Toliblar safida jang qilayotganini qayd etmoqda. Ammo, hozirga qadar ularning birlashayotganiga oid ma’lumotlar kuzatilmagan.

10 iyun kuni Telegram va Twitter tarmoqlarida tarqalgan bayonotda esa o‘zini IShIDga bay’at bermagan O‘IH fraktsiyasi, deb da’vo qilgan guruh Tolibon va Al-Qoyda terror tarmog‘ini quvvatlashini bildirdi.

The Long War Journal nashrining yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bayonotda O‘IH jangarilari soni avvalgidan ozaygan bo‘lsa-da, Afg‘oniston toliblari safida jang harakatlarini to‘xtatmagani iddao qilingan. Hozircha bu guruh qaerda va ular safida qancha jangari bor - bu haqda Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Ma’lumki, harakatning so‘nggi amiri Usmon G‘oziy 2015 yilning iyun oyida - Tolibonning avvalgi yetakchisi mulla Umar o‘lgani va uning o‘limi 2 yil sir saqlangani tan olganidan so‘ng, yangi amir Axtar Mansurni tan olmasligi va O‘IH "Islomiy davlat"ga qo‘shilganini e’lon qilgan edi.

So‘ngra Tolibon qo‘mondonlari o‘rtasida o‘tgan yili kuzda Zobulda bo‘lgan o‘zaro janglarda Usmon G‘oziy yangi amirga qarshi bo‘lgan Tolibon qo‘mondonlari tarafida jang qilgani va janglarda O‘IH tor-mor etilgani xabar qilingan.

O‘sha kezdayoq, O‘IHning "Islomiy davlat"ga qo‘shilmagan kattagina bir guruhi Faryobda qolgani ma’lum bo‘lgan.

Faryoblik manbalar, xususan, O‘IHga qarshi 30 yildan oshiq jang qilgan mahalliy o‘zbek oqsoqoli Rahmat Rais, taxminan, 50-60 nafar atrofidagi o‘zbek jangarisi oilasi bilan viloyatning Qaysor, Almor va Davlatobod tumanlarida jon saqlayotganini aytgan.

Hozirgi paytda Faryobdagi Ozodlik afg‘on xizmati jurnalistlari o‘zbek jangarilari kichik guruhlarga bo‘linib, Afg‘onistonning Faryob, Qunduz, Tahhor, Juzjon viloyatlarga yoyilib ketgani va ularning nisbatan kattaroq guruhi Foryobning Qaysor tumanida ekanini xabar qilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, bu o‘zbeklar Tolibon safida turib, hukumat kuchlariga qarshi jang qilmoqda. Xususan, Faryob viloyati hukumat kuchlari 3 kun muqaddam tarqatgan rasmiy bayonotda Qaysor tumanidagi amaliyotlar vaqtida mahalliy toliblarning 12 jangarisi o‘ldirilgani, ular orasida nufuzga ega bo‘lgan Pahlavon Tohir va Mavlaviy Nurillo ismli dala qo‘mondonlari borligi aytildi.

Mahalliy jurnalistlar Pahlavon Tohir o‘zbek jangarilari kichik guruhlaridan birining yetakchisi ekanini aytmoqda. Ammo, Ozodlikda bu shaxsning kim ekani va uning ortida qancha jangari borligi haqida ma’lumot yo‘q.

AQSh, Yevropa davlatlari, Rossiya va O‘zbekiston hukumati tomonidan "terrorchi tashkilot" deb e’lon qilingan O‘zbekiston Islomiy harakati esa 1996 yilda tuzilgandi.

2001 yilda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg‘onistonda amirlik e’lon qilgan toliblarga qarshi kurash boshlagan kezlarda, O‘IH Tolibon safiga o‘tgan. O‘sha kezdayoq Tohir Yo‘ldosh Pentagon tomonidan terrorchi tashkilot yetakchilari ro‘yxatiga kiritilgan va 2009 yilning 27 avgustida AQSh dronidan otilgan raketadan yaralanib, o‘lgan edi.

Uning o‘limi 2010 yilda harakat tomonidan tasdiqlandi va o‘sha yili harakatga kuyovi Usmon Odil rahbar etib tayinlandi. 2012 yilda u ham o‘ldirildi va shundan so‘ng O‘IHga Usmon G‘oziy rahbarlik qildi va u o‘tgan yili iyun oyida harakat tugatilib, "Islomiy davlat"ga birlashganini e’lon qilgan. ​

O‘tgan yili 10 dekabrda Toliblarga oid Internet tarmoqlarida G‘oziyning o‘lgani iddao qilingan suratlar tarqatilgan. O‘shanda O‘IH tor-mor etilganini tasdiqlagan Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari qochib yurgan Usmon G‘oziyning jasadi keyinroq Zobulda topilganiga oid Tolibon iddaolarini tasdiqlamagan edi.

Ammo, O‘IHning tor-mor etilishi bilan qariyb 20 yil davomida Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan O‘zbekiston hukumati tomonidan mintaqada jiddiy tahdid manbai sifatida ko‘rilgan kuch yo‘q bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG