Линклар

Ramazon munosabati bilan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekni shahar militsiyasi bir hafta ichida fohishalardan tozalashga va’da berdi. Biroq matbuotda va aholi orasida shahar militsiyasining bu harakatidan samara bo‘lmasligi aytilmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Bishkekda 5 -7 ming fohisha jinsiy xizmat ko‘rsatib keladi.

Bishkek militsiyasi tomonidan fohishalarga qarshi reydlar ikki kun avval boshlandi. Reyd davomida militsiya xodimlari bor-yo‘g‘i 25 fohishani qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan:

- Ramazon oyi va sayyohlik mavsumi boshlanishi munosabati bilan shaharni fohishalardan tozalash amaliyotlari boshlandi. Shahar Ichki ishlar boshqarmasi bu haqda maxsus buyruq chiqardi. Bir hafta ichida shaharni fohishalardan to‘la tozalay olmasak ham, ularning sonni kamaytirishga harakat qilamiz,- dedi Bishkek militsiyasi rasmiysi O‘ljabay Kazabaev.

Qirg‘izistonda fohishalikka qarshi maxsus qonun mavjud bo‘lmagani ortidan militsiyaning bu harakati samara bermaydi, deb hisoblamoqda faollar. Qo‘lga olingan fohishalar uncha katta bo‘lmagan miqdorda jarima to‘lagach, yana o‘z ishini davom ettiraveradi.

- Bu ijtimoiy muammoni hal qilish o‘ta qiyin. Bir hafta ichida shaharni fohishalardan tozalaymiz, deyishlikning o‘zi xomxayol. Bu ish bilan shug‘ullanayotganlar ham Qirg‘iziston fuqarolaridir, ular boshqa ilojisi qolmaganidan keyin mana shu yo‘lni tanlagan odamlardir, - deydi fuqarolik jamiyati faollaridan biri Sumsarbek Mamiraliev.

Fuqarolik jamiyati fohishalik bilan shug‘ullanuvchi qizlar ro‘yxatini tuzib, ularni ijtimoiy markazlarga jo‘natish taklifi bilan chiqmoqda. Bu markazlarda fohishalik bilan shug‘ullanib kelgan qizlarga pul topishning boshqa yo‘llari, yani turli hunar va kasblar o‘rgatiladi.

Bishkekda jinsiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi qizlarni nafaqat muayyan ko‘chalar, balki internet saytlardan ham topish mumkin. Ma’lumotga ko‘ra, Bishkekda tijoriy seks taklif qiluvchi bir nechta sayt mavjud. Nodavlat tashkilotlarining bildirishicha, birgina Bishkekda fohishalik bilan shug‘ullanuvchi qizlar soni besh mingdan etti minggacha bo‘lishi mumkin.

Fuqarolik jamiyati huquq-tartibot tuzilmalari tijoriy seks xizmatchilarini aniqlash jarayonida ko‘plab huquqbuzarliklarga yo‘l berishini ham ta’kidlab keladi.

Qirg‘izistonda bundan avval tijoriy jinsiy xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatini legallashtirish masalasi bir necha marta ko‘tarilgan edi. Biroq jamoatchilik bu tashabbusga qarshi chiqib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG