Линклар

logo-print

Xorazmda o‘tgan shanba ro‘y bergan kuchli quyun o‘nlab uy tomi va tunuka devorlarini uchirib yubordi. Ozodlik manbalarining aytishicha¸ viloyatning Xonqa tumanida tomlarni shamol uchirgani oqibatida kamida bir ayol shifer tagida qolib o‘lgan, o‘ndan ortiq odam turli darajada jarohat olgan.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, 11 iyun kuni Xonqa dehqon bozorida kuchli shamol uchirgan do‘konlar tomiga yopilgan shiferlar odamlar ustiga qulagan va oqibatda jarohat olgan keksa ayol kasalxonada jon bergan.

Voqea guvohlaridan biri Ozodlikka tabiiy ofani shunday tasvirladi:

- Tornadoga o‘xshagan bir ofat bo‘ldi. Bozorda shiferlar shamolda uchib, odamlar ustiga tushdi, ko‘pchilikni mayib qildi. Bozor vayron bo‘ldi. Ko‘pchilikning uylarini tomlarini ham shamol uchirib ketdi. Bir keksa ayol ustiga shifer tushib o‘ldi, - deydi Ozodlikka bog‘langan xorazmliklardan biri.

Urganchdagi viloyat kasalxonasining Ozodlik bog‘langan shifokorlaridan biri tabiiy ofatdan jarohat olgan 11 odam kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi:

– Bizda hammasi bo‘lib 11 odam. Boshiga shifer tushgani bor, asosan yengil jarohat olganlar bor. Ikki nafarining jarohati o‘rtacha. O‘lganlar haqida bilmaymiz, - dedi kasalxona shifokori.

Ozodlik suhbatlashgan urganchliklarning aytishicha¸ viloyat markazida kuchli shamol oqibatida daraxtlar mashinalar ustiga ag‘darilgan, shaharning ayrim qismlarida shamol paytida elektr o‘chishi ham kuzatilgan.

Tabiiy ofat yetkizgan moddiy va insoniy talofatlar ko‘lami haqida Xorazm viloyati hokimiyati rasmiylaridan ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston gidrometereologiya markazi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda qisqa vaqt davom etgan shamol tezligi sekundiga 22 metrni tashkil etgan.

O‘sha kuni kuchli shamol Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham qayd etilgan.

Hozircha bu viloyatlardagi talafotlar haqida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG