Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:05

Toshkentlik haydovchi mashina nomerini yechib ketgan militsionerni sudga berdi


Toshkentlik haydovchi arzicha, avtomobilini noto‘g‘ri joyda to‘xtatib tartibni buzgan, ayni paytda Yo‘l-patrul xizmati xodimi bunday harakat uchun jarima solish o‘rniga, davlat raqamini echib olib, qonunni buzgan. Mashinasini ruxsat berilmagan joyda qoldirgani uchun qonunda belgilangan tartibda jarima to‘lashga hozirligini aytayotgan haydovchi¸ qonunni buzgan DAN xodimining ham tegishli tarzda jazolanishini talab qilmoqda.

Toshkentlik haydovchi Yunusobod tumanida qoldirgan avtomobili davlat raqamini yechib olgan militsioner ustidan 14 iyun kuni sudga arz qildi.

Arzga asos bo‘lgan voqea esa 9 iyun kuni Amir Temur ko‘chasining "Habib Abdullaev" metro bekati yaqinida sodir bo‘lgan. Haydovchi ​avtomobilni qo‘yish mumkin emasligi haqidagi belgini ko‘rmasdan, ertalab soat 9 larda ​mashinani ko‘cha yuzida qoldirib ketganini aytadi:

Haydovchiga YPX xodimi qoldirgan qog‘oz
Haydovchiga YPX xodimi qoldirgan qog‘oz

- 2 soatdan keyin kelsam, mashinaning oldidagi davlat raqami yo‘q, old oynak yonida: "Nomer DANda, falon raqamga telefon qiling", degan xatcha qoldirilgan. Telefon qilsam: "Noqonuniy joyga qo‘yib ketgansiz, shuning uchun nomerni yechib oldik. Hozir Yunusobod" bozoriga keling", deydi. Men: "Borolmayman, chunki qonun buzishga kiradi bu. Noto‘g‘ri joyda qoldirganim uchun avtobilimni olib ketishingiz va so‘ngra jarima solishingiz kerak edi. Ammo, siz vakolatlaringizni suiste’mol qilib, o‘zboshimchalik bilan nomerni yechib oldingiz va qonunni buzdingiz! Kelmasangiz, "102" raqamiga murojaat qilib, arz qilaman", deganimdan keyin 15 minutda yetib kelishdi, - deydi ismini sir saqlagan haydovchi.

Voqea joyiga kelgan Yo‘l-patrul xizmati(YPX) xodimlari bilan esa, haydovchining da’vosicha, tortishuv yuzaga chiqqan va oxir-oqibat, u "102" raqamiga murojaat qilib, ariza qoldirishga majbur bo‘lgan:

Raqami yechib olingan avtomobil
Raqami yechib olingan avtomobil

- Signalni qabul qilishdi va naryad jo‘natamiz, deyishdi. Buni eshitgandan keyin DAN xodimi (uning ismi oshkor qilinmayotir - tahr.) protokol tuzishni boshladi va nomerni ham qo‘limga tutqazyapti. Men olmadim: "Jinoyat belgilari shundoq joyida qolishi kerak", deb talab qildim. Lekin ular Yunusobod tumanidan naryad kelguncha nomerni joyiga ilib qo‘yishdi. Shunga qaramay¸ kelgan militsionerlar arizamni qabul qildi va hodisani hujjatlashtirdi, - deydi haydovchi.

Endilikda haydovchi shaharda avtomobilni to‘xtatib qoldirish tartibini buzgani uchun 3 minimal oylik miqdorida jarima to‘lashi lozim:

Haydovchiga berilgan talon
Haydovchiga berilgan talon

- Men bilmasdan tartibni buzdim, jarimani to‘lashga tayyorman. Lekin, bilib turib qonunni buzgan militsioner jazosiz qolishi kerakmi?! Men shundan noroziman va shuning uchun, ishni sudga oshirishga qaror qildim, - deydi toshkentlik haydovchi.

O‘zbekistonda mavjud tartib bo‘yicha, avtomobil ruxsat berilmagan joyda qoldirilgan taqdirda YPX xodimlari avtomobilni u joydan olib ketishi va so‘ngra uning haydovchisi guvohligida protokol tuzib, jarima solishi lozim.

Davlat raqami esa 2012 yil 21 mayda 2367-son bilan qabul qilingan Nizomga asosan ikki holatda - vaqtida texnik nazoratdan o‘tkazilmagan va avtomobilga ruxsat olmasdan qo‘shimcha jihozlar o‘rnatilgan taqdirda yechib olinishi mumkin:

Hodisani rasmiylashtirayotgan YPX xodimlari
Hodisani rasmiylashtirayotgan YPX xodimlari

"... agar Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining xodimi avtomobilni nosoz deb topsa yoki agar avtomobilь texnik ko‘rikdan o‘ta olmasa yoxud tegishli ruxsatsiz qayta jihozlab olingan bo‘lsa, Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining xodimi ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamlarni echib olish huquqiga ega. Nizomda sanab o‘tilmagan boshqa hollarda Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining xodimi ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamlarni yechib olish huquqiga ega emas", deyiladi Nizomda.

Ozodlikka, aftidan, bu Nizomga zid ravishda chora ko‘rgan YPX xodimi va uning rahbari ism-familiyasi, telefon raqamlari taqdim qilindi.

Ushbu telefon raqamlaridan birini ko‘targan militsioner ba’zi savollarga javob berdi.

Toshkent shahar YPXning Yunusobod tumani bo‘limida ishlaydigan bu xodim 9 iyun kungi hodisadan xabari yo‘qligini aytdi, ammo bunday holatlarda: "Avtomobil evakuator bilan olib ketilishi kerak edi, keyin jarima solinishi kerak edi. Raqam yechib olinmasligi kerak edi", deb izoh berdi.

Facebook sahifasida e’lon qilingan post
Facebook sahifasida e’lon qilingan post

O‘z qonuniy haqlari uchun kurashayotgan toshkentlik haydovchi bu vaziyatni Facebook tarmog‘ida ham foydalanuvchilar muhokamasiga qo‘ydi.

Shu kunga qadar muhokamani 300 dan ortiq foydalanuvchi ko‘rdi va 50 dan ortig‘i unda ishtirok etdi.

Haydovchining YPX xodimini sudga berish jur’atini baholayotganlar esa ikki toifaga bo‘linib qoldi.

Bir toifa bu haydovchini "Sistemaga qarshi yolg‘iz kurashchi" deya baholamoqda. Millionlab haydovchi jarima yoki porani berib qutulayotgani, chunki bunday harakatning oqibatlari xavfli bo‘lishidan hamyurtini ogohlantirmoqda va unga ham jarimani to‘lab qutulishni tavsiya qilmoqda. Ikkinchi toifa esa haydovchining o‘z xatosini tan olgan holda YPX xodimining ham jazoga tortilishini talab qilayotganini quvvatlab, hatto, yordam taklif qilmoqda.

Haydovchining Ozodlikka aytishicha, YPXning Yunusobod tumani bo‘yicha 1-divizoni rahbariyati hozircha o‘zi bilan qonun doirasida muomala qilgan va uning arizasini qabul qilib, qonuniy chora ko‘rilishini bildirgan.

Shuningdek, arizachi tegishli tartibda IIV "Ishonch telefoni" hamda O‘zbekiston Hukumat portali orqali ham murojaatini yo‘llagani va qonuniy natijani kutayotganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG