Линклар

Farg‘ona viloyati Furqat tumanida hokimdan ko‘pchilik oldida gap eshitgan fermer Rauf Do‘stnazarov bir kun o‘tib 16 iyun kuni yurak hurujidan o‘lgan. Do‘stnazarovning hamkasblari uning isnodga chidolmasdan infarktga yo‘liqqanini da’vo qilishmoqda.

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 69 yashar Ochil ota Begmatov Ozodlik bilan suhbatda quyidagi iddaolarni gapirdi:

- Furqat tumani hokimi uni so‘kib, yerini olib qo‘ygan, shundan so‘ng yuragi ushlab o‘lib qoldi. Undan oldin Raufjon meni oldimga kelgan edi, “aka hokim meni juda yomon so‘kdi, sira qo‘ymayapti, yerlarimni olib qo‘yapti”, degandi. Hokim yerini olib qo‘ydi, bu o‘lib qoldi, - deya iddao qiladi Ochil ota Begmatov.

Tuman FHDYo bo‘limidagilar 55 yoshli fermer Rauf Do‘stnazarovning yurak hurujidan vafot etganini tasdiqlashdi.

- O‘sha kuni pristup bo‘lgan. Yuragini avvaldan mazasi yo‘q ekan. Bu uchinchi pristup bo‘lgan, - dedi Furqat tumani FHDYosining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

Farg‘ona viloyati Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirovning qo‘pol va so‘kong‘ich rahbar ekanligi borasida Ozodlikka avval ham fermerlardan shikoyatlar kelgan edi.

Ozodlik tahririyatiga shu oy boshida kelib tushgan va hokimning ovozi deb iddao qilinayotgan telefon suhbatlaridan birida hokim fermerning o‘zini, uning onasini, enasini uyat so‘zlar bilan qattiq haqorat qiladi.

Hokim No‘’monjon Nazarov Ozodlik bilan suhbatda Azizbek Alimatov ismli fermerni haqorat qilganini tan olib, kechirim so‘ragandi.

Bu safar Ozodlik fermerning shubhali o‘limi yuzasidan hokimni o‘zidan munosabat ololmadi.

So‘king‘ich hokimlar

O‘zbekistonda hokimlar fermer yoki qo‘li ostida ishlovchi xodimlarni tahqirlashi, urishi hollari tez-tez uchrab turadi. Bu tahqirlashlar ortidagi mas’ullar jazosiz qolaveradi.

O‘tgan yili Andijon viloyati Izboskan tumanida fermerlik qilgan 29 yoshli Nodirbek Haydarov tuman hokimi va prokurori o‘tkazgan majlisdan chiqib, o‘zini osib qo‘ygan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hokim va prokuror fermerni bug‘doy rejasini bajarmagani uchun qattiq koyigan va u majlisdan chiqib, qishloq xo‘jaligi bo‘limi hojatxonasida o‘z joniga qasd qilgan.

Undan oldin, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiev uyiga qaytgach, o‘zini osgandi.

2013 yilda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan vafot etgan edi.

Farg‘onalik fermerlar Furqat tumanida hokimning qo‘l ostidagi shaxslarni tahqirlashi odatga kirganini e’tirof etishadi.

- Madaniyatsiz, ma’naviyati qashshoq bir odamni bizga hokim qilib qo‘yishibdi. U fermerlarni xohlagan vaqtda yig‘ib olib, “qarindoshlarim Milliy xavfsizlik xizmatida ishlaydi, hammangni yo‘q qilivoraman, qo‘limdan hamma narsa keladi, menga hech kim hech narsa deyolmaydi”, deb ayamay, onasi qolmay so‘kaveradi. Uni tartibga chaqiradigan odam bormi, - deydi Ochil ota Begmatov.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov "xalq bilan suhbat"larida birida hokimlar zo‘ravonligini qoralagan edi:

“Albatta¸ katta bir musht bilan boshqaradigan odam rahbar shaxs paydo bo‘lsa, shu tartib o‘rnatadigan gaplardan butunlay voz kechamiz endi, baraka topgurlar. Kuchli musht ko‘taradigan, zo‘ravonlik qiladigan o‘zining savlati bilan hammani qo‘rqitadigan odamlar endi bo‘lmaydi O‘zbekistonda!”, degan edi Islom Karimov.

Garchi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘z chiqishlarida mushtumzo‘r dambadam tanqid qilib tursa ham, bunday zo‘ravonliklar hamon davom etib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG