Линклар

O‘zbekistonlik yana bir "telefon terrorchisi"ga hukm o‘qildi


Quvonchbek Abdinazarov - "telefon terrorizmi" uchun javobgarlikka tortildi

Quvonchbek Abdinazarov - "telefon terrorizmi" uchun javobgarlikka tortildi

Tula shahar sudi “terrorchilik akti borasida yolg‘on ma’lumot bergan” 32 yashar O‘zbekiston fuqarosini aybdor deb topdi. Shu yilning aprel boshidan buyon qamoqda saqlanayotgan Quvonchbek Abdinazarov 15 ming rubllik jarimaga tortildi va sud zalida ozodlikka chiqarildi. Ozodlik o‘zbek muhojirini terrorchilik huruji haqida telefon orqali yolg‘on xabar berishga nima undaganini o‘rganib ko‘rdi.

Tula shahar Privokzalniy tuman sudi mahkamasi 2016 yilning 15 iyun kungi qarori bilan 32 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Quvonchbek Abdinazarovga ayblov hukmini chiqardi.

Sud uni terrorchilik akti borasida yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda aybdor deb topdi, deydi Ozodlikka bu xabarni tasdiqlagan Tula shahar sudьyasi yordamchisi Yelena Borisova. U Abdinazarovga sud tomonidan nisbatan yumshoq hukm chiqarildi, vaholanki u 3 yilgacha qamalishi mumkin edi, deydi:

- Uni 15 iyun kuni sudlashdi va Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 207- moddasi 1- qismi asosida aybdor deb topishdi. Qamoqda biroz muddat o‘tirgani va o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgani hamda Jinoyat Kodeksining 72- moddasi 5- qismi asosida unga 15 ming rubl miqdorida jarima solindi. Shuningdek, u 300 soat majburiy mehnat ishlariga jalb qilinishi belgilandi. Abdinazarov sud zalida ozodlikka chiqarildi,- deya ma’lumot berdi sud rasmiysi.

Sud Quvonchbekning qaramog‘ida yosh bolasi borligi, muqaddam sudlanmagani, Rossiya Federatsiyasi hududida rasman qaydda turib, ishlaganini ham hisobga olib nisbatan yumshoq jazo bergani aytildi.

Tula sudida aniqlanishicha¸ Abdunazarov 2016 yilning 21 mart kuni Tulaning Kosaya Gora qo‘rg‘onida o‘z tanishi bilan spirtli ichimlik ichgan va to‘satdan O‘zbekistodan Moskvaning Sheremetьevo aeroportiga xotini uchib kelayotganini eslagan.

O‘z mobil telefonidan u “112 xizmati”ga telefon qilgan va Sheremetyevo aeroportiga terrorchilar bomba qo‘ygani va xotiniga tahdid qilayotganini bildirgan.

Bu xabar ortidan Rossiya Ichki ishlar vazirligi va xalqaro aeroport mutaxassislari portlovchi moddani topish maqsadida itlar ërdamida zudlik bilan qator tekshiruv o‘tkazgan¸ ammo portlovchi moslama topilmagan. 21 mart kuniyoq “terrorchilik” haqida yolg‘on xabar bergan Quvonchbek hibsga olindi. Ertasi kuniyoq sud qarori bilan u “politsiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani va ularni haqorat qilgani” uchun 1500 rubllik jarimaga ham tortilgani ma’lum.

Aniqlanishicha¸ bunday yolg‘on vositasida Abdunazarov xotinining O‘zbekistondan Moskvaga uchib kelishini to‘xtatmoqchi bo‘lgan.

Aytish joyizki, Quvonchbek terrorchilik hurujlari borasida xabar berib, javobgarlikka tortilgan yagona o‘zbek muhojiri emas.

2016 yilning yanvarida 39 yashar Noir Temirpo‘latov Peterburgning “Frantsuz bulvari” Savdo markazida bomba o‘rnatilgani to‘g‘risida yanglish xabar bergani uchun qo‘lga olingan edi.Fevralda esa 36 yashar o‘zbekistonlik “telefon terrorchisi” shaharning Krasnoselskiy tumanidagi Lenin prospektidagi 51 uyga portlovchi moslama o‘rnatilgani to‘g‘risida politsiyaga xato xabar bergani uchun ushlangan.

Shu yilning mart boshlarida Peterburgning Rubinshteyn ko‘chasidagi uylardan biriga bomba o‘rnatilgani xabarini tarqatgan yana bir 47 yoshli o‘zbek muhojiri hibsga olingandi. 2008 yilda Sheremetyevo aeroportida portlash sodir etilishi haqida huquq-tartibot tuzilmalariga yolg‘on xabar bergan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.

2011 yilda Olma-Ota shahar politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan 31 yoshli o‘zbek muhojiri esa portlovchi moslamalarning shaharning turli joylariga o‘rnatilgani haqida kamida ikki marotaba qilgan telefon qo‘ng‘irog‘i uchun qamoqqa mahkum etilgan.

XS
SM
MD
LG