Линклар

logo-print

Ahmadboyga pul berganlar davlatga arz qilmoqchi emas


Ahmad Tursunboevga odamlar kuniga o‘z ixtiëri bilan 1 million dollarga yaqin pulni olib kelib turgan.

Ahmad Tursunboevga odamlar kuniga o‘z ixtiëri bilan 1 million dollarga yaqin pulni olib kelib turgan.

Uyini¸ mashinasini¸ molini¸ tilla buyumlarini sotib¸ pulini Ahmadboyga o‘z ixtiyori¸ o‘z qo‘li bilan topshirganlarning aksari tovlamachilik¸ firibgarlik va aldov kabi jinoyatlarda ayblanayotgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga bergan pulini qaytarishni so‘rab huquq tizimlariga murojaat qilish rejasida emas.

16-17 iyun kunlari Ozodlik muxbirlari Ahmad Tursunboevning o‘nlab kreditori bilan ijtimoiy tarmoqlar¸ shuningdek¸ telefon orqali suhbatlashdi.

Yozishma va suhbat davomida respondentlarning barchasi chinozlik Ahmad Tursunboevga hech qanday da’vosi yo‘qligini ta’kidladi.

“Aybdor - o‘zim”

Mashinasini sotib¸ undan qo‘liga tushgan 6000 AQSh dollarini o‘tgan oy oxirida Ahmadboyning ofisiga olib borib bergan uysiz ayol¸ bunday qarorini shunday izohlaydi:

- Mani hech kimga da’voim yo‘q. Xafa bo‘lsam¸ birinchidan o‘zimdan xafaman. O‘zim pulimni olib borib berib keldim. Odamlar nima desa¸ shunga ishonibman. Ikkinchidan¸ Ahmadboy mani pulingni bersang ham ber¸ bermasang ham ber¸ deb zo‘rlagani yo‘q¸ so‘ragani yo‘q. Men ham boshqa millionlagan odam ham pulini¸ molini o‘zi xohlab Ahmadboyga bergan. Qanday qilib endi da’vo qilaylik? deydi 6000 ming dollarga kuygan xorazmlik kreditorlardan biri.

Kreditor ayol bilan to‘liq suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

“Da’vo qilmayman deb tilxat yozganman”

Akasi Neksiya mashinasini sotib¸ Ahmadboydan oyma-oy dollar olib¸ yangi mashinalik bo‘lganidan so‘ng¸ bor-yo‘q jamg‘armasi – 2000 AQSh dollarini 11 iyun kuni Ahmadboy Tursunboevning Murod ismli dilerlaridan biriga bergan boshqa ayol¸ o‘n minglab kreditordan birortasining huquq tizimlariga borib¸ Ahmadboy meni aldadi¸ pulimni olib¸ qaytib bermadi¸ deb shikoyat arizasi yozishiga qonuniy asosi yo‘qligini aytadi:

- Hozir prokurorga ariza yozgan bilan¸ pulingni o‘zing olib borib bergansan¸ deydi. Ahmadboyga kim pul bergan bo‘lsa¸ ular maxsus varaqqa qo‘l qo‘yishgan. Unda Ahmadboy o‘lsa¸ qamalsa¸ na unga¸ na uning oila a’zolariga da’voim yo‘q¸ pulni ixtiyorim bilan berdim¸ deb yozilgan. Endi qanday qilib¸ da’vo qilamiz. Xudoga solishdan boshqa nima qilamiz endi¸ deydi kreditor aël.

Ahmadboyga pul bergan bu kreditor bilan to‘liq suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.

“Ahmadboy emas¸ davlat firibgar”

Ahmadboyga 4000 dollar berib¸ uni ko‘paytirib o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘lgan toshkentlik ota o‘zining asosiy e’tirozi davlatga ekanini aytadi:

- Besh-olti yildan beri bu odam bir yaxshi ishlab yurgan edi. Undan hech kim norozi bo‘lgan¸ xafa bo‘lgan joyi yo‘q. Yetimxonalarga xayriya qilgan¸ kambag‘allarga yordam bergan. Kim pul bergan bo‘lsa¸ aytilgan foizini aytilgan kunida olib turgan. Xalqning undan shikoyati yo‘q. Haqiqiy firibgar va tovlamachi davlatning o‘zi. Bu yerda davlat qaroqchilik qilayapti. Ahmadboydan olingan pullarning yarmi byudjetga o‘tsa¸ qolgan yarmini o‘zlari yeb yuboradi. Kuygan yana xalq bo‘ladi. Bor-yo‘q jamg‘armamni bergandim. Mayli¸ ro‘za-ramazon kunlari pulimni xudo yo‘liga sadaqa deb o‘zimni tinchitamanda endi¸ deydi toshkentlik ota.

“Ahmadboy uchun duodamiz”

Ozodlik bilan WhatsApp orqali yozishgan kreditorlardan biri¸ Ahmadboyning yaqin orada chiqib kelishi va hech narsa ko‘rmagandek¸ yana ishini davom ettirishiga ishonishi bois¸ hozircha jim kutib turishni ma’qul bilishini aytadi:

“Manam bergandim uyimni sotib. Hozir yuragimga hech narsa sig‘mayapti. Hech nima. Ishqilib chiqib o‘zimizning pulimizni kaytarsinda! Balkim yaxshi bo‘p ketar. Bu birinchi martamaskanku! Xalq urush boshlavoradiyu axir!Yaxshi niyat kilib turibman. Chiqishiga ishonaman¸ ko‘nglim xotirjam. Qancha odam yashab turgan uyini sotib bergan axir. Lekin odamlar bir haftada chiqadi¸ hammaning pulini beradi¸ deyishvotti. Ahmadboyning qutulib pulimizni qaytarishini xohlayman. Ko‘pchilik duoda¸ rosa yordami tekkan”¸ deydi qancha pulga kuyganini ochiqlamagan yana bir kreditor.

“Ahmadboydan arz qilmang¸ ShOS o‘tsin¸ qaytib keladi”

17 iyun kuni Ozodlik tahririyatiga Ahmadboy vakili va uning mijozi deb iddao qilingan o‘zaro telefon suhbati audiosi kelib tushdi. Ozodlik bu suhbatning qanchalik haqiqiyligini tasdiqlay olmaydi. Ammo bu audioni yuborgan manbaning ishonchli ekanidan kelib chiqib¸Ozodlik yozuvning haqiqiyligiga ishonish uchun asoslar bor¸ degan to‘xtamga keldi.

Ozodlik ixtiyoridagi bu auidosuhbatda Ahmadboy vakili sifatida rus tilida unga pul berganlardan biri bilan gaplashayotgan shaxs¸ jumladan quyidagilarni aytadi:

- Xotirjamlikni saqlang. Kecha kechqurun uni (Ahmadboyni) chiqarishdi. Buni Chinoz tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbari ham tasdiqladi. U ofisga keldi va abonentlarga javob berdi. Xullas¸ hammasi nazorat ostida. Hozirgina tepaga yaqin manbamizdan yangi xabar keldi. “Bularning hammasi ShOS uchun qilinayapti¸ 28 iyundan ofis qayta ochiladi¸ deyishdi. Lekin bu yopiq informatsiya. U imkon boricha hammani tinchlantirib turinglar¸ lekin aniq gap aytmanglar bularning hammasi xo‘jako‘rsinga qilinayapti”¸ dedi.

Bizning manbamiz¸ “hammasi kontrolda¸ 28 dan ofis yana ish boshlaydi”¸ dedi. Bilishimizcha¸ uni Toshkent ROVDsida saqlashayati¸ bemalol kirib-chiqib¸ advokat bilan gaplashib turibdi. Televizorda uni qo‘liga kishan solingan holda ko‘rsatishdi. Aslida hammasi joyida. Manbamizga ko‘ra¸ bu oldindan rejalashtirilgan harakat¸ uni ShOS o‘tguncha ofisini yopib turish kerakligidan ogohlantirishgan¸ lekin u xalq buni tushunmay qoladi¸ deb quloq solmagan. Shunga uni majbur qilishdi. Albatta¸ uning uchun oqibatlari bo‘ladi¸ lekin muhimi unin sog‘-omon chiqib olishi. Sog‘-omon bo‘lsa¸ hammasi joyiga tushadi. Hamma shokda¸ panikada. Bu yomon. Muhimi¸ unga qarshi hech kim ariza yozmasligi kerak. U haqiqiy mujik¸ bunaqalar juda kam. Hamma uni hurmat qilardi. Uning o‘z betonlari¸ o‘z krishalari bor¸ albatta¸ lekin biz ularni bilmaymiz. Bilganimiz¸ ular ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q¸ ishlashayapti. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Xullas¸ hozir telefonlaringizni o‘chirib¸ jim o‘tiringlar. Bizning telefonlar ham o‘chiriladi”¸ deydi Ozodlikka Ahmadboyning vakili bilan mijoz o‘rtasidagi telefon suhbati sifatida taqdim qilingan audiodagi Ahmadboy vakili ekani iddao etilayotgan shaxs rus tilida.

"Ahmadboydan kuyib¸ o‘zini osganlar bor"

Aftidan¸ Ahmadboy vakili ekani iddao qilinayotgan shaxsning kreditorlarga xotirjamlikni saqlab¸ jim o‘tirish haqidagi "ruhiy dalda"si bor-yo‘g‘ini o‘z qo‘li bilan Ahmadboyga keltirib berganlarning hammasini ham tinchlantirishga etarli bo‘lmayapti.

Ozodlik bilan suhbatda¸ Ahmad Tursunboevga pul bergan yangiyo‘lliklardan biri¸ o‘z otasining bolalik o‘rtog‘i 16 iyun kuni Ahmadboyning qamalganini eshitib¸ o‘zini osib qo‘yganini aytadi:

-Yangiyo‘lliklarning 80 foizi Ahmadboyga borini bergan. Otamning bir do‘sti¸ kambag‘al odam bor-yo‘q qoramolini Ahmadboyga topshirgan ekan. 50 millionchaga baholagan ekan. Uning qamalganini eshitib¸ o‘zini osib qo‘yipti¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan yangiyo‘lliklardan biri.

Hozircha Ozodlik bu ma’lumotni boshqa manbalardan tasdiqlashga muvaffaq bo‘lmadi. Ayni paytda¸ Ahmadboy qamalganini eshitib¸ yana bir odamning yurak xurujidan o‘lgani haqida ham hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlar bor.

Mabodo siz Ahmadboyga pul berib¸ kuyib qolganidan joniga qasd qilgan yoki yurak xurujiga uchraganlardan xabardor bo‘lsangiz¸ bu haqdagi ma’lumotlarni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG